09:19 / 21.09.2024
71

O‘zbekiston hindlar taslim qilolmagan yagona jamoa bo‘ldi

O‘zbekiston hindlar taslim qilolmagan yagona jamoa bo‘ldi
Vengriyaning Budapesht shahri mezbonlik qilayotgan shaxmat olamining eng nufuzli musobaqasi hisoblangan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar va xotin-qizlar terma jamoalari muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Butun dunyodan 200 ga yaqin davlat terma jamoalari erkaklar va xotin-qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘oliblik uchun kuch sinashyapti. Olimpiada ishtirokchilarining umumiy soni 630 nafar sportchini tashkil qilmoqda. Ulardan 246 nafari grossmeysterlardir.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqaning to‘qqizinchi turida dastlabki ikki pog‘onani egallab turgan Hindiston va O‘zbekiston grossmeysterlari o‘zaro kuch sinashdi.

Olimpiadaning eng murosasiz bahsida to‘rtala partiya ham durang bilan yakunlandi. Nodirbek Abdusattorov – Gukesh, Jivohir Sindorov – Pragnanandxa, Shamsiddin Vohidov – Arjun Erigaisi, Jahongir Vohidov – Santosh Gujratxi Vidit bellashuvida kuchlar teng keldi. Umumiy hisob – 2:2 ko‘rinishiga keldi.

Ta’kidlash joizki, Hindiston terma jamoasi bungacha sakkizta uchrashuvda g‘alabali yurishini davom ettirib kelayotgan edi. Birinchi o‘rinni egallab turgan hindlar Marokash va Islandiyani 4:0, Vengriyaning ikkinchi tarkibi va Serbiyani 3,5:0,5, Ozarbayjon, Eron va Vengriyaning birinchi tarkibini 3:1, Xitoyni 2,5: 1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi.

O‘zbekiston terma jamoasi grossmeysterlari esa, Trinidad va Tobago, Misr, Xorvatiya, Moldova, Isroil, Ukraina, Serbiya shaxmatchilarini yengib, birgina Vetnamga 1:3 hisobida yutqazib qo‘ygandi.

Endi O‘zbekiston terma jamoasi Butunjahon shaxmat Olimpiadasida g‘olib chiqishi uchun qolgan turlarda hindlarning mag‘lubiyatini kutishiga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa qoidasiga ko‘ra, har bir terma jamoa besh nafar shaxmatchidan tarkib topadi. Har turda ulardan to‘rt nafari dona suradi va bittasi zaxira o‘yinchisi vazifasini bajaradi. Musobaqa shveysarcha tizimda 11 raunddan iborat bo‘ladi.

Vaqt nazorati 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, o‘yin tugashigacha 30 daqiqa qo‘shiladi, har bir yurish uchun birinchisidan boshlab +30 soniya beriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston hindlar taslim qilolmagan yagona jamoa bo‘ldi