13:27 / 27.09.2024
24

Pyanich Fayzullayevga yordam beradi...

Pyanich Fayzullayevga yordam beradi...
SSKA shov-shuvli transferni rasman amalga oshirib bo‘ldi. Yevropa milliy chempionatlarida “Olimpik Lion”, “Roma”, “Yuventus”, “Barselona” kabi mashhur klublarida o‘ynagan Miralem Pyanich faoliyatini “armiyachilar” safida davom ettiradi.

Bosniyalik futbolchi yangi klubi bilan shartnoma imzolaganidan keyin o‘z fikrlarini bildirdi. - Futbolga bo‘lgan avvalgi ishtiyoqim bilan yangi sarguzashtlarga tayyorman. Yangi jamoaga qo‘shilganimdan xursandman. Kelinglar, hammasini uddalaylik, - dedi 34 yoshli futbolchi.

Rossiya futboli ekspertlari bu transferni keng muhokama qilyapti. Xususan, Italiyada ko‘p karra chempion bo‘lgan yarim himoyachining SSKA tarkibida kimning o‘rnini egallashi, o‘yin sxemasiga mosligi, jamoaga qanday yordam bera olishi kabi masalalar dolzarb mavzuga aylandi.

Ayrim mutaxassislar Miralem Pyanich SSKA hujum chizig‘i yetakchisi hisoblangan Abbosbek Fayzullayev bilan kuchli tandem hosil qilishini, serbiyalik yulduz o‘zbek futbolchisiga yaxshi yordamchi bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Vladimir Ponomarev, SSKA sobiq futbolchisi, ekspert:
Futbol biznesga aylanib ketgan. O‘yinchilar ko‘proq pul ishlab olishga harakat qiladi. Shunga qaramay, Pyanich SSKAga kerak bo‘ladigan futbolchi. Hech bo‘lmasa, bir mavsum yuqori saviyada o‘ynashga kuchi yetadi. Tajribali, yuqori saviyali yarim himoyachi sifatida SSKA uchun muhim o‘yinchi bo‘ladi. O‘zimizdan kimdir yetishib chiqqunicha, o‘ynab tursa bo‘ladi.

Yuriy Afanasev, football24.ru sayti eksperti:
Maydon markazi “armiyachilar”ning eng nozik nuqtalaridan biri. Bosh murabbiy Marko Nikolich bu pozitsiyani kuchaytiradigan o‘yinchi qidirayotgan edi.

Miralem Pyanich asosiy tarkibdagi joy uchun 19 yoshli Matvey Kislyak va serbiyalik legioner Sasha Zdelar bilan raqobatlashadi. Individual mahorat bobida bu ikki o‘yinchi Pyanichga yaqinlasha olmaydi. Bosniyalik futbolchi uzoq masofaga aniq to‘p oshirish va standart vaziyatlardan foydalanishga juda usta. Uning eng katta ustunligi – intellekt.

Pyanich Abbosbek Fayzullayevga ideal yordamchiga aylanadi. Chunki bu o‘yinchi hujum chizig‘i vakillarini aniq pas orqali to‘p bilan ta’minlab turadi.

Vladislav Radimov, Rossiya terma jamoasi sobiq futbolchisi, ekspert:
Pyanich – yuqori saviyali o‘yinchi, u o‘z mahoratini Yevropa maydonlarida namoyish qilgan, katta klublarda o‘ynagan.

Tabiiyki, Miralem faoliyatining cho‘qqisi ortda qolgan deyish mumkin, lekin uning mahorati juda yuqori. Miralem Pyanich maydonda Abbosbek Fayzullayev darajasidagi o‘yinchilar bilan juda tez til topishib ketadi.

Eslatib o‘tamiz, 34 yoshli Pyanich Fransiyaning “Mes” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Olimpik Lion”, “Roma”, “Yuventus”, “Barselona”, “Beshiktosh”, “Sharja” kabi klublarda to‘p tepgan.

Pyanich faoliyati davomida to‘rt karra Italiya chempioni, ikki karra Italiya kubogi sohibi va Superkubok sohibi, Ispaniya kubogi g‘olibi bo‘lgan.

Bosniya va Gersegovina terma jamoasi safida 115 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Pyanich Fayzullayevga yordam beradi...
ePN