date
views 119

Fayzullaevning Evropaga ketishiga nima toʻsqinlik qilishi mumkinligi aytildi

Файзуллаевнинг Eвропага кетишига нима тўсқинлик қилиши мумкинлиги айтилди
Oʻzbekiston futbolining eng yorqin tarbiyalanuvchilaridan Abbosbek Fayzullaev oʻtgan yili avgustda “Paxtakor”dan SSKA klubiga koʻchib oʻtgani va Rossiya Premer-ligasida porlay boshlaganidan beri uning Evropaga yoʻl olishi juda koʻp muhokama qilinmoqda.

Ayniqsa, hujumkor futbolchining Oʻzbekistonning turli terma jamoalari safida xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham yuqori saviyada oʻyin namoyish qilayotgani uning Evropada oʻynashga loyiq ekani haqidagi fikr-mulohazalarni koʻpaytirayotgani ham bor gap.

Oʻtgan mavsumda Abbosbek Fayzullaevga Germaniyaning “Bavariya”, Italiyaning “Parma”, Ispaniyaning “Vilyarreal” kabi klublari qiziqish bildirayotgani xaqida xabarlar tarqatilgan edi.

“Setanta Sports” telekanalining rossiyalik futbol sharhlovchisi Dmitriy Bajanov jurnalistlar bilan suhbatda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va SSKA futbolchisi Abbosbek Fayzullaevning faoliyatini Evropaning kuchli ligalarida davom ettirish imkoniyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.

- Abbosbek Fayzullaevning Evropada oʻynash imkoniyati juda yaxshi. Biroq uning SSKAda oʻynayotgani bu borada muammo tugʻdiradi, chunki bu klub sanktsiyalar ostida qolmoqda.

SSKAning Gʻarbiy Evropa klublari bilan transfer boʻyicha hamkorlik qilishi qiyin masala. Oʻylashimcha, Abbosbek Fayzullaev aynan Gʻarbiy Evropaning kuchli ligalariga intilmoqda. Uning iqtidorini inobatga olsak, Abbosning tanlovida mantiq bor.

Hozircha, u SSKAda oʻynab turgani uning foydasiga ishlaydi. Fayzullaev hali yosh va bu jamoada bosqichma-bosqich rivojlanib borish imkoniyati bor. Kuchliroq chempionatga oʻtishdan oldin “pishib olish” juda muhim.

Umuman olganda, Abbosbek Fayzullaev Osiyoning eng iqtidorli futbolchilaridan, uning matbuotda hurmati baland, oʻtgan Osiyo chempionati va Olimpiya oʻyinlarida juda yaxshi oʻynadi.

Hozircha, u Eldor Shomurodovning yoʻlini takrorlay oladimi yoki yoʻq, buni aytolmayman, lekin umid bor. Menimcha, talant borasida Abbosbek Fayzullaev Eldor Shomurodovdan ham oʻtadi
, - dedi Dmitriy Bajanov.

Abbosbek Fayzullaev bugungi kunda SSKA jamoasidagi asosiy figuralardan biri hisoblanadi. “Armiyachilar”ning hujum chizigʻi samaradorligi aynan legionerimizning oʻyiniga bogʻliq.

Yangi mavsumda 21 yoshli hujumkor futbolchimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida jami 13 ta uchrashuvda ishtirok etib, ikkita gol va beshta assist qayd etdi.

Bugungi kunda legionerimizning transfer summasi 6 million yevroga baholanmoqda. Fayzullaev Markaziy Osiyoning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullaevning Evropaga ketishiga nima toʻsqinlik qilishi mumkinligi aytildi