85
BAA terma jamoasi bosh murabbiyi : "Yoʻqotishlarga qaramay ertaga eng yaxshi oʻyinimizni koʻrsatishga harakat qilamiz"

Oʻzbekiston terma jamoasi ertaga, 15 oktyabr kuni BAA bilan oʻynaydi. Uchrashuvdan oldin mehmonlar bosh murabbiyi Paulu Bentu matbuot anjumanida qatnashdi.
“Uchrashuvga odatdagidek tayyorlandik. Avvalgi oʻyinlarni tahlil qildik va futbolchilar bilan xatolar haqida fikr almashdik. Oʻzbekiston haqida kecha futbolchilar bilan gaplashdik. Bugun esa rasmiy mashgʻulotlarda qatnashamiz va ertangi oʻyin taktikalarini koʻrib chiqamiz. Ertaga qiyin oʻyin boʻlishini bilamiz. Oʻzbekiston yaxshi jamoa va jadvalda ham oldingi oʻrinda. Jamoa Eron bilan boʻlgan 3 uchrashuvda magʻlub boʻlmadi. Jamoa turli sxemalarda oʻynay oladi va juda yaxshi oʻyinchilarga ega. Murabbiy uzoq vaqtdan beri jamoa bilan birga. Albatta, ertaga qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ammo biz oʻzimizning yaxshi oʻyinimizni koʻrsatamiz va kerakli natijani qoʻlga kiritamiz”, dedi murabbiy.
Murabbiy yordamchisi Oʻzbekiston oʻyinlarini stadiondan tomosha qilgani va undan qanday ma'lumotlar olgani haqidagi savolga javob berdi.
“Oʻylashimcha, bu raqibni oʻrganishning usullaridan biri. Sababi oʻyinlarda qatnashib televizor orqali koʻrilmagan jihatlarni ham payqash mumkin. Shunday tahlillarni olish uchun ham murabbiydan foydalandik. Biz oʻzaro gaplashdik va rasmlar, videolarni futbolchilarimizga koʻrsatdik. Raqibning kuchli va zaif taraflarini bilishimiz kerak edi. Oʻyin taktikasini raqibga qarab tanlaymiz. Ba'zida raqibga moslashishimiz yoki oʻz oʻyinimizni shunga qarab oʻzgartirishimiz zarur”, — dedi BAA murabbiyi.
BAA murabbiyi avvalgi oʻyinlardagi xatolarini qanday qilib bartaraf etmoqchi ekaniga toʻxtalib oʻtdi.
“Xatolar ustida ishlashga etarlicha vaqt boʻlmaydi. Balki ushbu oʻyindan keyin xatolar ustida ishlashimiz mumkin. Faqatgina oʻtgan oʻyindagi ba'zi xatolarni koʻrib galdagi oʻyinda takrorlanmaslik yoʻlini koʻra olamiz. Oʻzbekiston haqida yana toʻxtalmoqchiman, jamoa Qatardagi Osiyo chempionatida penaltilar seriyasidagina magʻlub boʻldi. Jamoa ham jismonan ham texnik jihatdan juda kuchli. Himoyachilar va hujumchilar juda kuchli. Oʻzbekiston qanotlardan hujum qilishda juda faol. Biz bunga tayyor boʻlishimiz kerak”, dedi murabbiy.
Ma'lumot uchun, Oʻzbekiston — BAA uchrashuvi ertaga, 15 oktyabr kuni soat 19:00 da “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar