Ertaga, 14 oktyabr kuni Dohada joylashgan Jassim Bin Hamad stadionida Qatar va O‘zbekiston terma jamoalari to‘qnash keladi. Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan uchrashuv ikki jamoa uchun ham ahamiyatli hisoblanadi.
Uchrashuvda koreyalik hakamlar brigadasi faoliyat olib boradi. Bosh hakam sifatida Kim Jonghyok ishlasa, unga qanotlarda yurtdoshlari Park Kyunyong va Jang Jongpil yordam beradi. To‘rtinchi rasmiy hakam sifatida Chae Sanghyop ishlaydi. VAR hakami bo‘lib Kim Hegon faoliyat olib boradi.
Ertangi bahsda mezbonlar qizil libosda, O‘zbekiston jamoasi oq liboslarda maydonga tushadi.
Foto: “O‘FA”
4 turdan so‘ng O‘zbekiston jamoasi 10 ochko bilan A guruhida Eron bilan birgalikda yetakchilik qilmoqda. Jamoa uchrashuvlarning 3 tasida g‘alaba qozondi va forslarga qarshi uchrashuvda durang qayd etdi.
Qatar jamoasi esa o‘yinlarning faqat bittasida g‘alaba qozondi va bir uchrashuvda durang qayd etdi. 2 bahsda mag‘lubiyatga uchragan arablar 4 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda.
Foto: The-AFC
O‘zaro o‘yinlar natijasi
O‘zbekiston hamda Qatar jamoalari 15 bor rasmiy uchrashuvlarda qatnashgan. Uchrashuvlarning 9 tasida o‘zbekistonliklar g‘alaba qozongan, 4 uchrashuvda qatarliklarning qo‘li baland kelgan. Bahslarning 2 tasida durang qayd etilgan.
O‘zbekiston terma jamoasi Qatarni 2 bor 4 to‘p farqi bilan g‘alaba qozongan. 2009 yili bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi. 2013 yil Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan uchrashuvda o‘zbekistonliklar 5:1 hisobida g‘alaba qozondi.
2014 yil Qatar jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston milliy jamoasini 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. Bu hisob arablarning o‘zbekistonliklar ustidan qozongan eng yirik g‘alabasi hisoblanadi.
Terma jamoalarning so‘nggi uchrashuvi Osiyo Kubogi doirasida yuz bergan edi. Uchrashuvning asosiy vaqtida durang qayd etilgan o‘yinda O‘zbekiston jamoasi penaltilar seriyasida 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgandi.
Jamoa aynan shu mag‘lubiyat qasosini olishga urinib ko‘radi.
O‘zaro o‘yin natijalari
Osiyo Kubogi. 2024 yil, 3 fevral Qatar—O‘zbekiston 1:1;
FIFA xalqaro o‘rtoqlik o‘yini. 2018 yil, 16 oktyabr O‘zbekiston—Qatar 2:0;
Jahon Chempionati saralashi. 2017 yil, 28 mart O‘zbekiston—Qatar 1:0;
Jahon Chempionati saralashi. 2016 yil, 6 sentyabr Qatar—O‘zbekiston 0:1;
FIFA xalqaro o‘rtoqlik o‘yini. 2014 yil, 6 oktyabr Qatar—O‘zbekiston 3:0.
So‘nggi o‘yin natijalari
O‘zbekiston milliy jamoasi so‘nggi 5 o‘yinning uchtasida g‘alaba qozondi va 2 bor durang qayd etdi. Ushbu uchrashuvlarning 2 tasida O‘zbekiston jamoasi Eronni yenga olmadi.
O‘zbekiston—BAA 1:0, (2024 yil, 15 oktyabr);
O‘zbekiston—Eron 0:0, (2024 yil, 10 oktyabr);
Qirg‘iziston—O‘zbekiston 3:2, (2024 yil, 10 sentyabr);
O‘zbekiston—KXDR 1:0, (2024 yil, 5 sentyabr);
Eron—O‘zbekiston 0:0, (2024 yil, 11 iyun).
Qatar jamoasi so‘nggi 5 o‘yinning 2 tasida g‘alaba qozondi. Shimoliy Koreya bilan durang qayd etgan qatarliklar BAA va Eron jamoalariga mag‘lubiyatga uchradi.
Eron—Qatar 4:1, (2024 yil, 15 oktyabr);
Qatar—Qirg‘iziston 3:1, (2024 yil, 10 oktyabr);
KXDR—Qatar 2:2, (2024 yil, 10 sentyabr);
Qatar—BAA 1:3, (2024 yil, 5 sentyabr);
Qatar—Hindiston 2:1, (2024 yil, 11 iyun).
Yo‘qotishlar
O‘zbekiston terma jamoasining tajribali hujumchilaridan biri Oston O‘runov uchrashuvda qatnasha olmaydi. Uning o‘rniga “Neftchi” klubi futbolchisi Azizbek Amonov jalb etilgan. Qolgan barcha futbolchilar bahsga tayyor. Jaloliddin Masharipov bir oz shamollab qolgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo katta ehtimol bilan jamoa yetakchilaridan bo‘lgan futbolchi maydonga tushadi.
Qatar jamoasi ideal tarkib bilan o‘yinga tayyor. O‘zbekistonga qarshi uchrashuvda turli sabablar bilan maydonga tusha olmaydigan futbolchilar haqida ma’lumotlar yo‘q.
Eng qimmat o‘yinchilar
Foto: Transfermarkt
Terma jamoaning chap qanot hujumchisi Akram Afif qatarliklar safida eng qimmat o‘yinchi hisoblanadi. U Transfermarkt tomonidan 6 million yevroga baholangan. Jamoa hujumchilaridan yana biri Almoez Ali 3 million yevrolik narx bilan jamoada ikkinchi futbolchi sifatida e’tirof etilgan. Kelib chiqishi braziliyalik bo‘lgan Edmilson 2 million yevro qiymatga ega.
Foto: Transfermarkt
O‘zbekiston tarkibidagi Abbosbek Fayzullayev Rossiyaning “SSKA” klubida to‘p suradi. Portal uning transfer qiymatini 6 million yevroga baholagan. “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov 5 millionlik qiymatga ega. Jamoa to‘purari va “Roma” klubi futbolchisi Eldor Shomurodov ham shunchaga baholangan.
Uchrashuv haqida
Ushbu o‘yin har ikki jamoa uchun o‘ta muhim. Mehmonlar 3 ochko evaziga qatarliklar bilan oradagi farqni 9 ochkoga yetkazadi va Jahon chempionati yo‘llanmasi uchun katta qadam tashlaydi. Qolaversa, mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib kelayotgan Srechko Katanes shogirdlari Osiyo Kubogidagi mag‘lubiyat uchun o‘ch olib, muxlislarni xursand qilishga chog‘langan.
Qatarliklar esa ushbu o‘yindagi mag‘lubiyat ularni yo‘llanmadan ancha uzoqlashtirishini yaxshi tushunib turibdi. Uchrashuvdagi g‘alaba jamoaga O‘zbekiston bilan farqni uch ochkogacha qisqartirish imkonini beradi.
O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov ushbu o‘yinda hujumkorlikka e’tibor berish bilan bir qatorda gol o‘tkazib yubormaslik kerakligini ta’kidlagan.
Hozirda jamoa sardori yetarli o‘yin amaliyotiga ega emas, ammo uning ortida harakatlanayotgan Abbosbek Fayzullayev ajoyib formada. Bundan tashqari himoyada to‘p surayotgan Abduqodir Husanov ishonchli o‘yini sabab top jamoalar nigohida. Shunday ekan jamoa himoyani mustahkam saqlagan holda hujumdagi imkoniyatlardan foydalanib g‘alaba qozonishiga ishonish mumkin.
O‘zbekiston terma jamoasi Qatar va Shimoliy Koreya bilan bahslarni safarda o‘tkazadi. Ushbu ikki o‘yindagi g‘alaba terma jamoaning mundialga chiqish imkoniyatlarini 90 foizga yetkazadi.
2025 yilni o‘zbekistonliklar o‘z maydonida qo‘shni Qirg‘izistonga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi. Katanes shogirdlari nazariy jihatdan imkoniyatlari o‘zlari bilan teng jamoalarga qarshi navbatdagi 3 bahsda 9 ochko olishni uddalasa, 2026 yilgi Jahon chempionatiga “bir oyog‘i bilan” yo‘l olishga ulguradi. Bunda Eron ham ishonchli o‘ynashi va raqiblarini mag‘lub etishi zarur.
Ma’lumot uchun, Qatar — O‘zbekiston uchrashuvi 14 noyabr Toshkent vaqti bilan 21:15 da Jassim bin Hamad stadionida start oladi.
Erkin G‘aybullayev
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Fayzullayev va Yevropa: unga berilgan ikki xil baho...