21:08 / 15.11.2024
14

O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga mag‘lub bo‘lganiga kim aybdor?

O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga mag‘lub bo‘lganiga kim aybdor?
Kecha O‘zbekiston terma jamoasi, afsuski, Qatarga mag‘lub bo‘ldi (2:3). Srechko Katanes shogirdlari birinchi bo‘limda ikki bor to‘p o‘tkazib yuborib, muvaffaqiyatsizlikka uchradi va ikkinchi bo‘limda kambek qildi. Biroq uchrashuv so‘ngida qatarliklar baribir g‘alabani tortib olishdi. Terma jamoamiz muhim durangni saqlab qola olmaganiga kim aybdor? Keling, buni ko‘rib chiqamiz.

Tarkib va o‘yin uslubi

Srechko Katanes boshlang‘ich tarkib borasida xatoga yo‘l qo‘yganidan boshlaylik. Bu, birinchi navbatda, sxemaga tegishli. Katanes tajriba qilishni yoqtirmaydi – maydondagi joylashuv va o‘yin uslubi bo‘yicha ham, terma jamoaga chaqirayotgan futbolchilari bo‘yicha ham. Ko‘pchilik O‘zbekiston terma jamoasi "deyarli klubga o‘xshab qolgan"ini ta’kidlaydi: doim bir xil futbolchilar chaqiriladi, asosiy tarkib deyarli o‘zgarmaydi.

Katanes Jahon chempionati saralashi tajriba qilish uchun fursat emasligini aytganida, albatta, haq edi. Ammo bunda nozikroq jihat bor: jamoa yangi narsani qanchalik kam sinab ko‘rsa, bo‘lajak raqib uchun shunchalik taxmin qilarli va tushunarli bo‘ladi.

Qatar terma jamoasida albatta professionallar ishlaydi. Ular O‘zbekiston terma jamoasi qanday o‘ynashini juda yaxshi tushunib turgandi. Shu bois birinchi bo‘limda hech narsa o‘xshamadi. Qatarliklar o‘yinga jiddiy hozirlik ko‘rgani va raqibni chuqur tahlil qilgani sezildi. Bu haqiqiy TAHLIL edi va shunchaki hamma ishlatishni yaxshi ko‘radigan chiroyli so‘z emas.

Birinchi bo‘lim falokatli bo‘ldi. Srechko Katanetsni hurmat qilish kerak – birinchidan, u o‘yin sxemasi, tuzilishi va tarkibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritishga qaror qildi, ikkinchidan, u buni juda samarali qildi. Uning almashtirishlari ish berdi, jamoa hujumkor o‘yin namoyish etdi va Qatar terma jamoasiga haqiqiy bosh og‘riq bo‘ldi.

O‘tkazib yuborilgan gollarda kimlar xatoga yo‘l qo‘ydi?

Endi darvozamizdan olib chiqilgan to‘plarni qaraymiz.

Birinchi gol – markaziy nuqtadagi parokandalik. Abdulla Abdullayev tayanch yarim himoyachilarini to‘xtatishga bordi. Hamrobekov va Shukurov o‘zlari bo‘lishi kerak bo‘lgan pozitsiyalardan uzoqda qolishdi.

Shundan so‘ng Abdullayev o‘z vaqtida himoyaga qaytishga ulgurmadi, Sherzod Nasrullayev esa uning hududini himoya qilolmadi. Shuni ham ta’kidlash mumkinki, O‘tkir Yusupovning o‘yini unchalik ishonchli emasdi – to‘p to‘g‘ridan to‘g‘ri unga qarab uchib keldi, lekin oyoqlari orasidan o‘tib ketdi. Bunday zarbani osongina qaytarish mumkin edi.

Ikkinchi golda esa Masharipov, Abdullayev va Husanov aybdor. Hammasi Jaloliddinning keraksiz qo‘polligidan boshlandi va bu xavfli jarima zarbasiga olib keldi. Qo‘pollikdan biroz oldin u yakkakurashda yutqazdi (ha, unga nisbatan qo‘pollik bo‘lgan bo‘lishi mumkin, lekin hakam qoida buzish qayd etmadi) va "o‘ch olish"ga urindi. Buni darvozada yaqin joyda qilish terma jamoa vitse-sardori uchun to‘g‘ri qaror emas.

Abdullayev jarima to‘pi tepilgan vaqtda Almoyezga qarshi turdi va unga pozitsiyani boy berdi.

Husanov esa uzatmani to‘xtatmoqchi bo‘lib, to‘pni o‘tkazib yubordi. Bu yerda to‘pni chap oyoq bilan chiqarib yuborish kerak edi – bunday vaziyatda to‘pni o‘ng oyoq bilan tepish juda mushkul.

Uchinchi golda Ashurmatov va Sayfiyev aybi bor. 90+1-daqiqada maydonda paydo bo‘lgan Rustam "o‘yinga kirishishga ulgurmadi". Bunday vaziyatda Ashurmatov orqasidagi bo‘shliqni nazorat qilmadi – u shunchaki Qatar terma jamoasi futbolchisi u yerdan chiqib kelishini kutmagandi. Yana aytish mumkinki, sheriklardan hech biri Rustamga uning ortida futbolchi borligini aytmagan.

Shu bilan birga, qatarliklarning 18-raqamli futbolchisini dastlab Sayfiyev qo‘riqlayotgan bo‘lgan. Demak, o‘tkazib yuborilgan golda aybning bir qismi unga tegishli. Skrinshotda uning raqibga qanday qarashi, keyin esa uni tashlab, darvoza chizig‘iga yaqinlashishi ko‘rsatilgan.

Bir ibora bor: "Futbol – tartibli tartibsizlik". Ushbu tartibsizlikda xatolar va kutilmagan hodisalar doimo sodir bo‘ladi. Afsuski, kecha ana shu "tartibli tartibsizlik"da O‘zbekiston terma jamoasi raqibdan kuchsizroq bo‘lib chiqdi.

Nikolay Yegorichev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasining Qatarga mag‘lub bo‘lganiga kim aybdor?