date
views 336

Kutilmagan da’vogar: Shomurodovga mashhur yulduzlar o‘ynayotgan jamoa xaridor!

Kutilmagan da’vogar: Shomurodovga mashhur yulduzlar o‘ynayotgan jamoa xaridor!
Qishki transferlar oynasi yaqinlashgani sari Eldor Shomurodov atrofidagi vaziyat haqida ham yangi ma’lumotlar chiqa boshladi.

29 yoshli hujumchining “Roma”dagi kelajagi mavhum bo‘lib turibdi. Klaudio Raneri “Kalyari”da birga ishlagan shogirdiga ishonch bildira boshladi. Lekin klub mutasaddilari legonerimizning o‘rniga Artyom Dovbikka raqobat ko‘rsata oladigan boshqa markaziy hujumchi olishga qaror qilgan.

Eldor Shomurodovga A Seriyaning o‘zidan xaridor chiqdi. Bu haqda “Roma” faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan romaforever.it sayti ma’lumot chiqardi.

- “Komo” yaqinlashib kelayotgan transferlar davrida “Roma” o‘yinchisini o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan. Musobaqa jadvalining quyi pog‘onalaridan joy olgan jamoa hujum chizig‘ini kuchaytirish imkoniyatini qidiryapti. Bu jamoa ikki oydan beri g‘alaba qozona olmayotgani oldingi chiziqni kuchaytirishni talab etmoqda.

Bosh murabbiy Sesk Fabregas tarkibni shakllantirishda muammolar borligi va hujumlarni yakunlovchi o‘yinchi yetishmayotganini aytganidan keyin klub xo‘jayinlari jamoani kuchaytirishga qaror qildi.

“Komo” sport direktori Karlalberto Lyudi “Roma”ning markaziy hujumchisi Eldor Shomurodovni ijaraga olish g‘oyasini o‘rtaga tashladi.

Ayni paytda o‘zbek hujumchisining “Roma”dagi holatiga havas qilib bo‘lmaydi. Rim klubi rahbariyati bu legionerni boshqa klubga sotib yuborishni rejalashtirib qo‘ygan. Shuni inobatga olib, rimliklar Eldor Shomurodovning ketishiga qarshilik qilmasligining ehtimoli katta.

“Komo” nishonida Eldordan boshqa “Chezena” sharafini himoya qilayotgan albaniyalik hujumchi Kristan Shpendi ham bor. Lekin chezenaliklar yuqori divizionga chiqishga da’vogarlik qilayotgani bois, asosiy o‘yinchilaridan biri hisoblangan Shpendi xizmatlaridan voz kecha olmaydi
, - deb yozmoqda romaforever.it sayti eksperti Francheska Di Nora.

Ta’kidlash joizki, 1907 yilda tashkil topgan va uzoq yillik tarixga ega “Komo” klubi o‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra, A Seriyaga chiqqan edi. Yuqori divizion debyutantiga yaqin o‘tmishning mashhur futbolchisi Sesk Fabregas bosh murabbiylik qilmoqda.

Ispaniyalik mutaxassis jamoaga nomdor futbolchilarni jalb qilgani ko‘plab muxlisu mutaxassislarning e’tiborini tortdi. Xususan, Fabregas taklifi bilan komoliklar safiga Pepe Reyna, Alberto Dossena, Niko Pas, Andrea Belotti, Rafael Varan, Serxi Roberto, Alberto Moreno, Simone Verdi va Patrik Kutrone kabi kuchli jamoalarda o‘ynagan taniqli futbolchilar qo‘shildi.

Shunga qaramay, “Komo” A Seriyada qolish uchun kurashishga majbur bo‘lmoqda. Ayniqsa, hujumchilar qayd etayotgan ko‘rsatkichlar vaziyatni o‘nglashga kamlik qilmoqda. Jamoa tarkibida beshta hujumchi bor va ular mavsum boshidan beri umumiy hisobda oltita to‘p kiritgan. Shu gollardan to‘rttasi Patrik Kutrone hisobiga to‘g‘ri keladi. Andrea Belotti va Alyu Fadera o‘z nomiga bittadan gol yozdirgan. Yana ikki hujumchi “quruq” seriyani davom ettirmoqda.

“Komo” vaziyatni o‘nglash uchun Eldor Shomurodov yordamiga tayanmoqchi. Qishki transferlar oynasi davrida legionerimizga boshqa klublardan ham taklif bo‘lishi kutilmoqda. Demak, vaziyatni kuzatamiz. O‘zgarish bo‘lish ehtimoli katta!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Kutilmagan da’vogar: Shomurodovga mashhur yulduzlar o‘ynayotgan jamoa xaridor!