date 14:23 / 28.12.2024
views 206

Magnus Karlsen jahon chempionatini mojaroli tarzda tark etdi

Magnus Karlsen jahon chempionatini mojaroli tarzda tark etdi
Jahon shaxmati yulduzi Magnus Karlsenning Nyu-Yorkda davom etayotgan rapid va blits boʻyicha jahon chempionatini tark etdi. U bu ikki yoʻnalish boʻyicha amaldagi jahon chempioni edi.

Kecha tunda oʻtkazilgan ikkinchi kungi bahslarda norvegiyalik shaxmatchi dress-kod, ya'ni kiyim bilan bogʻliq muammo sabab 9-turga qoʻyilmagandi. Bundan jahli chiqqan Magnus jahon chempionatida qatnashmaslikka qaror qildi va Nyu-Yorkni ham tark etdi.

FIDE Magnus Karlsen bilan boʻlib oʻtgan holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

«Rapid va blits boʻyicha jahon chempionatlari uchun FIDE reglamenti, jumladan kiyinish qoidalari, barcha ishtirokchilar oʻrtasida professionallik va adolatni ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugun janob Magnus Karlsen uzoq yillik qoidalarga binoan taqiqlangan jinsi shim kiyib, kiyinish qoidalarini buzdi. Bosh hakam Karlsenni bu holatdan xabardor qilib, 200 dollar jarima solgan holda kiyimini almashtirishni soʻradi. Afsuski, Karlsen rad javobini bergani uchun u toʻqqizinchi turga qoʻyilmadi. Ushbu qaror xolisona qabul qilindi va barcha oʻyinchilarga birdek tatbiq etiladi.

Avvalroq, yana bir ishtirokchi – janob Yan Nepomnyashiy ham sport poyabzali kiyib, kiyinish qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortildi. Biroq u darhol bu qoidalarga boʻysunib, ruxsat etilgan kiyimga oʻtdi va turnirdagi ishtirokini davom ettirdi.

Kiyinish qoidalari FIDE Sportchilar komissiyasi a'zolari – professional oʻyinchilar hamda mutaxassislar tomonidan tayyorlangan. Bu qoidalar bir necha yillardan buyon amal qilib keladi va barcha ishtirokchilar ularni yaxshi bilishadi. Shuningdek, har bir musobaqa oldidan bu talablar ularga qayta e'lon qilinadi. FIDE ishtirokchilarning yashash joyi oʻyin zalidan uncha uzoq boʻlmagan hududda boʻlishini ham ta'minlab, qoidalarga rioya qilishni osonlashtirgan.

FIDE shaxmatni va uning qadriyatlarini, xususan, barcha ishtirokchilar qabul qiladigan qoidalarga hurmatni targʻib qilishga sodiq boʻlib qoladi
», — deyiladi rasmiy bayonotda.

Jahon chempionatining ikkinchi kunidan keyin hamyurtlarimiz — Nodirbek va Javohir kuchli oʻnlikda bormoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport