14:33 / 29.12.2024
170

Pep Gvardiolaning Abduqodir Husanovga munosabati haqida yozishdi

Pep Gvardiolaning Abduqodir Husanovga munosabati haqida yozishdi
Abduqodir Husanov Evropada mavsum kashfiyotiga aylandi. “Lans” markaziy himoyachisiga “Pari Sen-Jermen”dan boshlangan qiziqish “top-5” chempionatlarining katta klublariga koʻchdi. Soʻnggi paytda 20 yoshli vunderkind uchun kurashga Turkiya grandlari ham qoʻshildi.

Bir necha manbalar oʻzbek legioneri Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” nazariga tushgani haqida xabar berib oʻtgan edi. Hozir inqirozni boshdan oʻtkazayotgan “shaharliklar” tarkibda jiddiy oʻzgarishlar qilishni rejalashtirmoqda.

Klub shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirishga rozilik bergan Xosep Gvardiola oldida turgan dastlabki vazifa tarkibni yana yuqori maqsadlar sari kurashadigan holatga keltirishdan iborat. Buning uchun ispan mutaxassisi loyihaga yangi ijrochilarni jalb qilishi kutilmoqda.

“Chelsi” faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan Chelseanews nashri Abduqodir Husanov uchun kurashga “Manchester Siti” ham qoʻshilgani va “aristokratlar” oʻzbek futbolchisini qoʻlga kiritish uchun Angliya Premer-ligasi vakillari orasida “shaharliklar”dan tashqari, “Tottenxem” va “Nyukasl” bilan raqobatlashishiga toʻgʻri kelishini yozdi.

Manbaning yozishicha, manchesterliklar “Lans”ning Frantsiya kubogi doirasida PSJga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvda Abduqodir Husanovning oʻyinini kuzatgan va tahlil qilgan, aynan mana shu bahsdan keyin ular 20 yoshli oʻzbek himoyachisining iqtidorini yuqori baholagan.

- Abduqodir Husanov nafaqat jismoniy va tezkor xususiyatlari, balki tabiatan noyob sport intellekti bilan koʻplab klublarni hayratga solmoqda. Oʻzbek futbolchisi maydonga tushgan uchrashuvlarda raqiblarning “Lans” darvozasi oldidagi ahvoli qiyinlashib ketyapti.

Evropaning qator klublari Husanovga da'vogarlarning koʻpligi bois, transferni amalga oshirishda kuchli raqobatga duch keladi. Qolaversa, “Lans” talab qilayotgan 30 million evro noyob iste'dod sohibini qoʻlga kiritishni maqsad qilgan badavlat jamoalar uchun u qadar katta xarajat hisoblanmaydi.

Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovga shaxsan qiziqib qolgan. Ispaniyalik mutaxassis bu oʻyinchi orqali himoya chizigʻini mustahkamlashni moʻljallamoqda va transferni yanvar oyidayoq amalga oshirishga tayyor. Husanov – Angliya chempionlarining nishonidagi oʻyinchilardan biri.

Biroq shu oʻrinda, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisini “Pari Sen-Jermen”, “Atletiko Madrid”, “RB Leyptsig” kabi boshqa ligalarning qudratli klublari ham oʻz safiga qoʻshib olishni maqsad qilgan, - deb yozmoqda nufuzli manbalardan ESPN nashri.

Abduqodir Husanov 19 yoshidayoq Evropaga qadam qoʻygan. “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisini 2023 yilning yozida “Lans” Belarusning “Energetik-BGU” jamoasidan 100 ming evroga transfer qilgan edi.

Legionerimiz oʻz salohiyatini namoyish qilishi uchun bir mavsum kifoya qildi. Debyut yilida asosan etakchi himoyachilarga oʻrinbosar sifatida 15 ta uchrashuvda toʻp tepgan Abduqodir taqdir taqozosi bilan joriy mavsum boshidanoq asosiy tarkibda oʻynash imkoniga ega boʻldi.

Husanov bu vaziyatdan yuz foizlik foyda chiqardi. Endi u faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish arafasida turibdi. Buyogʻiga 20 yoshli himoyachimiz endi yuqori maqsadlar, nufuzli sovrinlar uchun kurashadigan kuchli klublarda toʻp tepishini kutib qolamiz...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport