Evropa futbolining eng nufuzli insayderi Fabritsio Romanoning “Manchester Siti” Abduqodir Husanov uchun kurashga qoʻshilgani haqidagi xabari futbol ekspertlarini oʻzbekistonlik himoyachining imkoniyatlari va salohiyatini yana bir karra tahlil qilib chiqishga sabab boʻldi. Chunki “shaharliklar” bosh murabbiy Xosep Gvardiola tasdigʻini olmasdan, birorta transfer boʻyicha harakat boshlashmaydi.
“Lans”ning 20 yoshli markaziy himoyachisiga xaridor boʻlgan klublardan biri “Chelsi” faoliyatini yoritib kelayotgan Chelseanews portali ekspertlari Abduqodir Husanovning himoyachilik mahoratini “Pari Sen-Jermen” sardori Markinos va “Chelsi” yulduzi Levi Kolvill bilan solishtirdi.
- Ayni paytda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinchisiga “Chelsi”, “Tottenxem”, “Aston Villa”, “Nyukasl”, “Manchester Siti” kabi yana bir qator Angliya Premer-ligasi klublari koʻz tikmoqda. Husanov 2023 yilning yozigacha Minskda oʻynagan va uning transferi kulgili narx – 400 ming evroga baholangan edi.
Oradan 1,5 yil oʻtib, Abduqodir Evropaning eng salohiyatli va kelajagi porloq markaziy himoyachilaridan biriga aylandi.
Husanovning ustunligi nimada?
Abduqodir juda tezkor, lekin Evropada tez yuguradigan himoyachilar koʻp. Qolaversa, markaziy himoyachilarning darajasini aniqlashda tezlik har doim ham asosiy koʻrsatkich boʻlavermaydi. Husanov oʻynayotgan Frantsiya chempionatida Maksans Lakrua va Lukas Klasterma kabi tezkor himoyachilar etishib chiqqan, lekin ular jahon darajasidagi himoyachilarga aylana olgani yoʻq.
Fbref skautlik markazlari kabi ochiq tashkilotlar ekspertlarining tadqiqoti natijalari Abduqodir Husanovning himoyachilik qobiliyati uni jahon darajasidagi himoyachilar etaloni hisoblangan Tyago Silva bilan bir qatorga olib chiqayotganini koʻrsatmoqda.
“Lans” himoyachisining eng muhim ustun tomonlaridan biri – toʻpni egallab olishdagi shiddatli va muvaffaqiyatli oʻynay olish qobiliyatidir. Husanov yakkakurashlarda ham ustunlik qila olishiga qaramay, yakkama-yakka kurashga kirishmaslikni, ishni ungacha olib bormay, oldindan toʻpni egallashni va shu orqali raqib hujumini buzishni ma'qul koʻradi. Aynan mana shu xususiyati oʻzbek futbolchisini boshqa himoyachilardan yaqqol ajratib turadigan jihat hisoblanadi.
Abduqodirning oʻyinlarini koʻrib, bu yigit yaqindagina Angliya Premer-ligasidan Frantsiyaga koʻchib oʻtibdi, degan taassurot uygʻonadi. Chunki Angliyadagi himoyachilar aynan Husanov uslubida toʻp tepadi. Husanovning temp va shiddatli oʻyin uslubi uni boshqalardan ajralib turishi va transfer bozorida koʻzga koʻringan figuraga aylanishiga asos boʻlmoqda.
Agar Husanovni “Chelsi”ning eng zoʻr markaziy himoyachisi Levi Kolvill bilan solishtirsak, “Lans” vakili angliyalik hamkasbidan umuman qolishmaydi, balki ayrim jihatlar boʻyicha undan ustun ekani koʻzga tashlanadi. Tahlilimiz yanada batafsil boʻlishi uchun Frantsiya chempionatining PSJda oʻynayotgan eng kuchli himoyachisi Markinosni ham qoʻshib, Husanov bilan solishtiramiz.
Demak e'tibor bering:
Joriy mavsumning birinchi qismida Abduqodir Husanov umumiy hisobda 98 ta himoyaviy harakatni amalga oshirdi, shulardan 26 tasida toʻpni egallab oldi, 22 tasida raqibdan toʻpni olib qoʻydi.
Mavsumning bu qismida Kolvill 93 ta va Markinos 59 ta himoyaviy harakatni uddaladi. Abduqodirning toʻpni egallab olishdagi koʻrsatkichiga etish uchun Markinos va Kolvillning bu boradagi natijalarini qoʻshib hisoblash kerak.
Husanovning bunday katta ustunlikka erishishi nafaqat uning jismoniy holati va tayyorgarligi yuqoriligi, balki oʻyinni “oʻqish” qobiliyatining yuqori darajada shakllanganiga ham bogʻliq ekanini ta'kidlash lozim.
Yuqorida Husanov yakkakurashga kirishishdan koʻra, toʻpni oldindan egallab olishga harakat qilishi zikr qilingan edi. Bu aslo Abduqodirning nozik tomoni, deb boʻlmaydi. Quyidagi statistika oʻzbek futbolchisining yakkakurashlarda “Chelsi” va PSJ vakillaridan ustun ekanini koʻrsatmoqda.
Yuqoridan kelayotgan toʻp uchun kurash:
- Kolvill – 56,9 foiz gʻalaba;
- Tajribali Markinos – 60,6 foiz gʻalaba;
- Yosh Husanov— 69,2 foiz gʻalaba.
Progressive Passes Received tadqiqot markazi juda nozik jihatga e'tibor qaratdi. Abduqodir Husanov raqib jarima maydonchasidan 10 metrdan katta boʻlmagan masofada hujumni rivojlantiruvchi aniq pas berish boʻyicha benazir himoyachi hisoblanadi.
Oʻzbek legionerida ana shunday manzilli aniq toʻp uzatishlar soni oltitani tashkil qilmoqda. Bu koʻrsatkich Markinosda uchta va Kolvillda toʻrtta ekani qayd etilgan.
Abduqodir Husanovning toʻpni egallab olish va yakkakurashlardagi ustunligi, tezkorlik xususiyatlari, oʻyinni oʻqish qobiliyati, jismoniy kuch-quvvatini inobatga olsak, nega bu himoyachi Evropa top-klublari orasida talash boʻlayotgani oydinlashadi, - deb yozmoqda Chelseanews portali.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov joriy mavsum “Lans” safida barcha turnirlarda 16 marotaba maydonga tushib, bitta assist qayd etdi. Legionerimiz hisobida bitta qizil va ikkita sariq kartochka ham bor. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron Italiyani “AQSh tufayli” janjallashmaslikka chaqirmoqda
Germaniyaga onlayn viza: yangi imkoniyatlar
AQSh eng kuchli qor boʻroniga tayyorlanmoqda
Husanovga Gvardiola qiziqayotganiga “Lans” ustozi qanday munosabat bildirdi?
Oqilona iste'mol qilish sirlari...
"Paxtakor"ning yangi bosh murabbiyi Pedru Moreyra futbolchilar bilan tanishdi
Tibetdagi kuchli zilzila oqibatlari: oʻnlab kishilar halok boʻlgan
Rubin Xebay: "Oʻzbekistonga qaytish haqida oʻylayapman"