23:20 / 08.01.2025
190

“Roma” Eldor Shomurodov boʻyicha qarorini oʻzgartirdi

“Roma” Eldor Shomurodov boʻyicha qarorini oʻzgartirdi
Qishki transferlar davrida eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzulardan biri hamyurtimiz Abduqodir Husanovning qaysi grand klubga oʻtishi boʻlib turibdi.

Ayniqsa, oʻzbek futbolchisi uchun kurashga “Manchester Siti” va “Real” kabi qudratli klublarning qoʻshilgani deyarli barcha oʻzbekistonlik ishqibozlarini bu mavzuni yanada diqqat bilan kuzatishga majbur qilmoqda.

Abduqodir Husanovning mashhurligi ortib ketgani ta'sirida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning holati biroz e'tibordan chetda qolib ketgandek. Zero, 29 yoshli hujumchining nomi Italiya transfer bozorida koʻp aylanmoqda.

Ma'lumki, oʻzbek futboli tarixida terma jamoamiz uchun eng koʻp gol urgan Shomurodovning klub miqyosidagi faoliyati oʻzi kutganidek kechmayapti. Mana nechanchi mavsumdirki, hamyurtimiz “boʻrilar”ning asosiy tarkibida etarli oʻyin amaliyotiga ega boʻlmayapti. Har transfer oynasi ochilgan vaqtda Eldor oʻziga jamoa tanlashiga toʻgʻri kelmoqda.

Bu gal ham legionerimiz oldida ana shunday mas'uliyat turibdi. Italiya matbuoti, xususan siamolaroma.it sayti eksperti Federiko Toninining ta'kidlashicha, yanvarning dastlabki kunlarida oʻzbek futbolchisiga jiddiy qiziqish bildirayotgan klublar uchtani tashkil qilmoqda. Bular “Kalyari”, “Empoli” va “Venetsiya”.

Qizigʻi shundaki, Eldor Italiyadagi faoliyati davomida turli yillarda har uchala jamoa darvozasini ishgʻol qilgan.

“Roma” rahbariyati anchadan beri Eldor Shomurodovni boshqa klubga toʻliq transfer qilish yoʻlini qidirib keladi. Biroq oʻzbek futbolchisiga qiziqayotgan klublar asosan musobaqa jadvalining quyi qismidan oʻrin olgan va oʻyinchiga maosh toʻlash borasida poytaxt klubi bilan tenglasha olmaydi. Eldorning maoshi ularga ogʻirlik qiladi.

Il Messaggero gazetasiga koʻra, “Roma” mutasaddilari Shomurodov boʻyicha qarorini oʻzgartirdi. Endi klub da'vogar jamoalarga osiyolik legionerini toʻliq sotib olish talabini qoʻymaydigan boʻldi.

- Eldor Shomurodov “Roma” bilan vaqtinchalik boʻlsa-da, xayrlashishga tayyor. Oʻzbek hujumchisi Klaudio Raneri rejalariga kirmaydi, klub unga qimmatli oʻyin vaqtini kafolatlaydigan variant qidirmoqda. Ayni paytda Shomurodovga “Kalyari”, “Venetsiya” va “Empoli” kabi hujum chizigʻini kuchaytirishni koʻzlagan jamoalar qiziqish bildirmoqda.

“Roma”ning maqsadi oʻzbek legionerini ijaraga joʻnatish va bu orqali uning transfer narxini koʻtarish. Shomurodov oʻtgan mavsum ogʻir jarohat tufayli uzoq muddat maydondan tashqarida qolgan boʻlsa-da, keyinchalik “Kalyari” uchun muhim boʻlgan gollarni ura oldi. Endi u boshqa jamoada boʻlsa-da, mavsum oxiriga qadar oʻzini koʻrsatib, faoliyatini tiklab olishi kerak
, - deb yozmoqda siamolaroma.it sayti eksperti Federiko Tonini.

Toʻgʻrisini aytganda, Eldor Shomurodov “Roma” uchun biroz qimmatroqqa tushgan. Transfermarkt portalida rimliklar oʻzbek hujumchisi uchun “Jenoa”ga jami 19,6 million yevro toʻlagani qayd etilgan. Ushbu nufuzli manbada oʻzbek futbolchisining ayni paytdagi transfer summasi 4 million yevrogacha arzonlagani koʻrsatilgan.

Demak, “Roma”ning hozircha Eldor Shomurodov bilan toʻliq xayrlashish rejasi yoʻq. Biroq qishki transferlar vaqtida boshqa klubga ijaraga joʻnatish varianti birlamchi boʻlib turibdi. Kutamiz, tez orada yangilik boʻlib qolish ehtimoli katta...

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” Eldor Shomurodov boʻyicha qarorini oʻzgartirdi