date
views 495

Husanov transferidan keyin “Siti”ning asosiy himoyachisi nega jamoani tark etyapti?

Husanov transferidan keyin “Siti”ning asosiy himoyachisi nega jamoani tark etyapti?
Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola mamlakat kubogi doirasida “Solford Siti” ustidan 8:0 hisobida gʻalaba qozonilganidan keyin tarkibda oʻzgarishlar boʻlishi haqida ma'lumot berdi.

Ispaniyalik mutaxassis etakchi himoyachi va jamoa sardori Kayl Uokerni ushbu uchrashuvda maydonga tushirmaganini uning klubni tark etishga qaror qilgani bilan izohladi.

- Kayl bir necha kun davomida faoliyatini xorijda davom ettirish boʻyicha variantlarni oʻrganib chiqish uchun imkon berishni soʻradi. Futbolchi sport direktori Chiki Begiristaynga aynan mana shu masalada murojaat qilgan.

Shu bois men oʻtgan uchrashuvda bor fikru xayoli jamoada boʻlgan oʻyinchilar xizmatidan foydalanishni ma'qul koʻrdim
, - dedi Xosep Gvardiola.

34 yoshli Kayl Uoker “Sheffild Yunayted” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Angliya Premer-ligasida “Tottenxem”, KPR va “Aston Villa” kabi klublarda ham toʻp tepgan.

“Manchester Siti” 2017 yilning yozida uni “Tottenxem”dan 52,7 million yevroga tranfer qilib, oʻz safiga qoʻshib oldi. Uoker jamoaning soʻnggi yillardagi ulkan muvaffaqiyatlarida juda katta rol oʻynadi. U “shaharliklar”ning himoya chizigʻini muvafaqqiyatli boshqarib kelgan.

Katta tajribaga ega futbolchi himoya oʻng qanoti va markazida ishonchli oʻynay oladi. Uoker joriy mavsumda barcha turnirlarda 18 marotaba maydonga tushdi. Biroq yoshi oʻtib qolayotgani bois asosiy tarkibda doimiy tarzda toʻliq oʻynashga qiynalyapti.

Kayl Uoker umumiy hisobda klublar miqyosida 631 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari raqiblar darvozasini 12 marotaba ishgʻol qilgan va jamoadoshlariga 52 ta golli pas uzatgan.

Uning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yarmigacha davom etishi belgilangan. Agar himoyachi oʻziga yangi jamoa topadigan boʻlsa, xaridor “shaharliklar” gʻaznasiga ma'lum miqdorda badal puli oʻtkazishiga toʻgʻri keladi.

Transfermarkt portali oʻz davrida 50 million yevroga baholangan Kayl Uokerni hozirgi transfer summasi 10 million yevro ekanini qayd qilgan.

Eslatib oʻtamiz, "Manchester Siti" Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov uchun "Lans"ga 50 million yevro toʻlagani aytilmoqda.

Kayl Uoker 2011 yildan beri Angliya terma jamoasi a'zosi hisoblanadi. Mamlakat bosh jamoasi safida 93 marotaba maydonga tushib, bitta gol urishga ham erishgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Husanov transferidan keyin “Siti”ning asosiy himoyachisi nega jamoani tark etyapti?