2025 yilning boshidagi eng shov-shuvli transferlardan biri Oʻzbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtayotgani boʻlib turibdi.
Bir qarashda, bu transfer “Lans” uchun oʻta foydali koʻrinadi. “Shaharliklar” Angliya Premer-ligasi tarixidagi birinchi oʻzbek futbolchisi uchun Fransiya klubiga 40 million yevro miqdorida badal puli va 10 million yevro bonus, jami 50 million yevro toʻlashi aytilmoqda.
Aslida “Lans” rahbariyati oʻz kashfiyotini 25-30 million yevroga baholagan va bu transferni amalga oshirish uchun eng qudratli agentlardan Jorje Mendeshga mandat bergandi. Portugaliyalik mutaxassisga Husanov transferidan 10 foiz ulush ajratilgan.
Fransiya futbolini yoritib kelayotgan le11hdf.fr portali Abduqodir Husanov transferining koʻpchilikning nazaridan chetda qolgan “nozik” tomonlari yoritilgan maqola chop etdi. Ushbu axborotda taniqli ijodkor Romen Molina oʻzbek futbolchisi transferi boʻyicha jurnalistik surishtiruv oʻtkazgani va unda qanday xulosalarni oʻrtaga tashlagani muhokama qilinadi.
- Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi 50 million yevro atrofidagi summaga tushganini inobatga olsak, bu “Lans” tarixidagi rekord koʻrsatkich va Lois Opendaning “Leyptsig”ga transfer qilingan narxidan (44 million yevro) oshib ketdi.
Biroq Romen Molina oʻz YouTube kanali orqali chiqishida “Lans” rahbariyati eng serdaromad transferni amalga oshirish vakolatini superagent Jorje Mendeshga berib, katta xatoga yoʻl qoʻyganini ochib tashladi.
“Husanovning transferini oxiriga etkazish uchun Mendeshning umuman keragi yoʻq edi. “Lans” Evropaning bir necha qudratli klubi talashayotgan futbolchi transferi uchun futbol agentiga mandat berishning nima keragi bor?
Mendesh avval boshdan Husanovning transferini 40-50 million yevroga uddalash mumkinligini yaxshi anglagan holda bu ishga kirishgan. Agent bu ishga umuman taklif yubormagan “Real Madrid”ning qiziqishi haqidagi xabarlarni ham qoʻshdi. Haqiqatan oʻyinchiga qiziqqanlardan “Nyukasl” bor edi, biroq ular taklif berishda mankunianlarga yaqinlasha olmadi.
Husanovning ishini Mendeshga topshirish orqali “Lans” burnining tagidagi yana bir daromadli transferni qoʻldan chiqardi. Lansliklar etakchisi Kevin Dansoni “Vulverxempton” asosiy nishon sifatida belgilagan edi. Biroq “boʻrilar” oxir-oqibat “Reyms”dan Emmanuel Agbaduni 20 million yevroga oldi.
Bu operatsiyaning boshida kim turgan edi? Yana oʻsha Jorje Mendesh! Bu gal u “Reyms” uchun ishlab berdi.
Bularning hammasi Mendeshning tomoshasi, oʻyini. Superagent ishlarni tez uddaladi. Natijada “Lans” Husanovni 40-50 million yevroga sotdi, Dansoning transferidan quruq qoldi.
Klub agentlarga mandatni biror oʻyinchini sotishda qiyinchilikka duch kelsa yoki oʻyinchi klubni dogʻda qoldirishga urinsagina berishi kerak. Husanov transferida “Lans” hozirgidan koʻproq ishlab olishi mumkin edi. Biroq bu transfer superagentlarning natijaga oʻz ta'sirini oʻtkazishdagi ustunligini koʻrsatib turibdi”, degan Romen Molinaning tahlili va xulosasini keltirdi le11hdf.fr portali eksperti Entso Paylot.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov Fransiya futbolidagi birinchi va hozircha yagona oʻzbek futbolchisi hisoblanadi. “Lans” uni 2023 yilning yozida Belarusning “Energetik-BGU” klubidan 100 ming yevroga transfer qilgan. Mana oradan bir yarim yil oʻtib, lansliklar oʻz xarajatini 500 barobar qilib chiqarib olish imkoniga ega boʻldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Abduqodir Husanovsiz qolgan “Lans” klubi safar oʻyinida gʻalaba qozondi
Karlo Anchelotti kecha “Barselona”dan uchralgan yirik magʻlubiyatni qanday izohladi?
Ispaniya Superkubogi. "Barselona" "Real" darvozasiga 5ta gol urib kubokni qoʻlga kiritdi
Angliyada Abduqodir Husanovga qanday "laqab" berishdi?
"Paxtakor" braziliyalik futbolchini oʻz safiga qoʻshib oldi
Islom Maxachev: "Men shaxs sifatida Ronalduni tanlayman"
"Barselona" bugun "qora an'ana"ga nuqta qoʻya oladimi?
Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” tarkibidagi ilk oʻyini qaysi klubga qarshi boʻlishi mumkin?