Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov transferi uchun “Manchester Siti” mutasaddilari “Lans”ga 40 million yevro miqdorida badal puli toʻlaydi.
Qoʻshimchasiga oʻzaro muzokaralarda Fransiya klubi 10 million yevro miqdorida bonuslarga ham ega boʻlishi kelishilgan.
Statistika ekspertlari qiziq holatga e'tibor qaratishdi. Angliya chempionlarining oʻzbek futbolchisi uchun toʻlaydigan badal puli Osiyoning deyarli barcha mamlakatlari terma jamoalarining umumiy qiymatidan qimmat boʻlib chiqmoqda.
Osiyo futbol konfederatsiyasi a'zolari orasida tarkibining umumiy narxi 40 million yevrodan yuqori boʻlgan faqatgina toʻrtta terma jamoa bor. Transfermarkt portalida qayd etilishicha, qit'amizning eng qimmatbaho terma jamoasi Yaponiyadir. Kunchiqar yurt sharafini himoya qilayotgan charm toʻp ustalaridan iborat jamoaning umumiy qiymati 280,5 million yevroni tashkil qiladi.
Ikkinchi oʻrinda qayd etilgan Janubiy Koreya terma jamoasi 158,15 million yevroga baholangan. 2024 yil yakuniga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining bir necha futbolchilari transfer narxida ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. Bu reytingda kuchli uchlikka kirgan bosh jamoamiz tarkibi ayni paytda 47 million yevroga baholanmoqda.
Bizdan keyingi – toʻrtinchi qatordan oʻrin olgan Eron milliy terma jamoasi a'zolari 46,65 million yevro turadi.
Osiyo futbol konfederatsiyasiga a'zo yana 43 ta mamlakat terma jamoalari tarkibining umumiy qiymati “Manchester Siti”ning Abduqodir Husanov uchun toʻlaydigan badal puliga tenglasha olmaydi.
Ulardan jahon chempionatlarida ishtirok etish baxtiga musharraf boʻlgan eng mashhur terma jamoalar tarkibi quyidagicha baholangan:
- Avstraliya terma jamoasi – 39 million yevro;
- Birlashgan Arab Amirliklari – 35 million yevro;
- Qatar – 18,98 million yevro;
- Saudiya Arabistoni – 18,85 million yevro;
- Xitoy – 13,5 million yevro;
- Koreya Xalq Demokratik Respublikasi – 5,8 million yevro.
Ta'kidlash joizki, jahon futboli tarixida badavlat klublar shu paytga qadar Osiyo mamlakatlaridan faqat Yaponiya va Janubiy Koreya futbolchilari uchun katta summa toʻlagan.
Bu borada “Roma” 2021 yili Eldor Shomurodov uchun 19,6 million yevro xarajat qilgani qayd etilgan. Endi Abduqodir Husanovning 40 million yevrolik transferi Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo futbolchilari uchun yangi rekord sifatida qayd etiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar