Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga oʻtishi 2025 yilning eng shov-shuvli transferi sifatida e'tirof etilmoqda. Ayniqsa, “shaharliklar” 20 yoshli oʻzbek futbolchisi uchun jami 50 million yevro miqdorida xarajat qilishga koʻngani koʻpchilikning e'tiborini tortdi.
Angliya matbuoti Husanovning transferini tahlil qila boshladi. Aksariyat manbalar bu transfer borasida ijobiy fikr yuritmoqda. Biroq hali grand klublarda toʻp tepish tajribasiga ega boʻlmagan legionerimiz uchun “Manchester Siti”ning katta xarajat qilganini oqlamayotgan ekspertlar ham bor.
Nufuzli manbalardan biri – footballinsider247.com sayti jurnalisti Ben Palmer moliya boʻyicha taniqli ekspert Stefan Borsonning Abduqodir Husanov transferi borasidagi tahlillarini chop etdi.
- “Manchester Siti” joriy mavsumda Premer-liganing 21 ta uchrashuvida oʻz darvozasidan 29 ta toʻp olib chiqdi. Oʻtgan yili “shaharliklar” butun chempionat davomida 34 ta gol oʻtkazgan edi xolos.
“Siti” Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻyinchisi Abduqodir Husanovni yanvar oyi uchun asosiy nishon sifatida belgiladi va BBC Sport nashri ma'lum qilishicha, uning transferiga 33,6 million funt sterling sarfladi.
Yosh oʻzbek himoyachisi jarohatlarga moyil boʻlib qolgan Jon Stounsning oʻrnini egallashi kutilmoqda. Biroq moliya sohasi eksperti Stefan Borson bu transfer boʻyicha oʻziga yarasha xavotirli holatlar borligini ta'kidladi.
Bu mutaxassis Husanovning transferida uning yaqqol ajralib turgan jismoniy xarakteristikasidan tashqari, boshqa har qanday jihat “gʻalati” boʻlgani va bu transfer oʻzini oqlay olmaslik ehtimoli borligini bildirdi.
Borsondan “Lans” himoyachisining transferi nega uni xavotirga solayotganini soʻrashganidan u “Bu futbolchining professional tajribasi katta emas, madaniy qarashlar borasida murakkab oʻyinchi va Gvardiola uslubiga mos emas, bu tizimda yillab tayyorlangan oʻyinchilardan u qadar ustun emas”, degan mazmunda baho berdi.
Husanov jamoaga taklif qilingan yagona markaziy himoyachi emas. “Siti” mutasaddilari “Palmeyras”dan Vitor Reysni ham oldi. Bu bejiz emas, albatta.
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola oxirgi paytda uning jamoasi himoya chizigʻida katta qiyinchiliklarga duch kelganini koʻrdi. Manchesterliklar Premer-liganing oxirgi ettita uchrashuvidan faqat bittasi darvoza daxlsizligini saqlab qola oldi.
Jon Stounz va Ruben Diash jarohat olganida jamoa himoyachilarsiz qiynaldi, Kayl Uoker boshqa klubga ketishni ma'qul topdi va shu bois “shaharliklar” himoya chizigʻi yanvarda jiddiy oʻzgarishlarga yuz tutmoqda.
20 yoshli Husanov “Lans”da endigina ikkinchi mavsumini oʻtkazayotgan edi. Shunga qaramay, u Fransiya klubida jami 31 ta uchrashuvda ishtirok etdi va shuning oʻzi “Siti” rahbariyatida ijobiy taassurot qoldirishi uchun etarli boʻldi.
Angliyadagi himoyachilarga solishtirganda oʻzbek futbolchisining jismoniy jihatdan aytarli ustunligi sezilmaydi, biroq u juda tezkor va oʻyinni zoʻr “oʻqiy” oladi. Uning profilini “shaharliklar”ning boshqa himoyachisi Natani Akega oʻxshatish mumkin.
Endi hammani qiziqtirayotgan savol shundan iboratki, Abduqodir “Manchester Siti” safiga qoʻshilishi bilan Xosep Gvardiola unga darrov boshlangʻich tarkibdan joy beradimi yoki tajribasini oshirish uchun boshqa klubga joʻnatadimi? Buni tez orada bilib olamiz, - deb yozdi footballinsider247.com sayti jurnalisti Ben Palmer.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar