Nihoyat, koʻpchilik kutgan transfer – “Manchester Siti” Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni oʻz tarkibiga qoʻshib olgan rasman e'lon qilindi.
Manchesterliklar direktori Chiki Begiristayn oʻzbekistonlik futbolchining oʻzi va bu transferning ahamiyati haqida munosabat bildirdi.
- Abduqodir Husanov safimizga qoʻshilganidan behad mamnun va xursandmiz. Va biz bu futbolchining jamoaga qoʻshadigan hissasi haqida oʻylab hayajonlanyapmiz.
Abduqodir yosh himoyachi boʻlishiga qaramay, juda aqlli, shuningdek, jismonan baquvvat, shiddatli va oʻta tezkor.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola bilan ishlash uni yanada kuchli qiladi, oʻyinchining oʻzi ham oʻsishda davom etish uchun qat'iyat bilan istagini bildirdi. Bu haqiqatan ham juda e'tiborli transfer, chunki biz Evropadagi eng zoʻr jamoalardan biri sifatida mavqeimizni saqlab qolish uchun yanada koʻproq oʻsishga harakat qilyapmiz.
“Manchester Siti”dagi hamma Abduqodirni klubda koʻrishdan juda mamnun, - dedi tajribali mutaxassis Chiki Begiristayn.
Ta'kidlash joizki, Abduqodir Husanov futbolning ilk sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan. Keyinchalik Belarusga koʻchib oʻtib, yoshi professional shartnoma tuzishga etmagani bois, “Energetik-BGU” safida shunchaki shugʻullanib yurdi.
Keyin 2022-2023 yillar davomida ushbu mamlakat oliy ligasida oʻynab, oʻzini koʻrsatdi. Hamyurtimiz “Energetik-BGU” safida jami 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, oʻz hisobiga toʻrttadan gol va assist ham yozdirib qoʻygan.
Abduqodir Husanov xorij klublari e'tiboriga asosan Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo kubogi va jahon chempionatlaridagi ishtiroki orqali tushdi. “Lans” 2023 yilning yozida hali hech kim tanimaydigan futbolchimizni 100 ming yevro evaziga transfer qildi.
Bir yarim yilda bu transfer oʻzini mutlaq oqladi. “Manchester Siti” oʻndan ziyod da'vogarlarni ortda qoldirish uchun “Lans” himoyachisini 50 million yevroga transfer qilishga qaror qildi.
Abduqodir Husanov “shaharliklar” bilan 2029 yilning yozigacha davom etadigan shartnoma imzolagan. Tomonlarda oʻzaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish imkoni bor.
Endi oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari va Abduqodir Husanovga muxlislik qilayotgan dunyoning bir necha mamlakatlaridagi futbol jamoatchiligi oʻzbek futbolchisining “Manchester Siti”dagi debyutini kutmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar