Abduqodir Husanov faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirishi rasman e'lon qilindi. Hozir bu transfer eng koʻp muhokama qilinayotgan dolzarb mavzulardan boʻlib turibdi.
Bugungi kunda Angliya chempioni 20 yoshli oʻzbek himoyachisi uchun Fransiyaning “Lans” klubiga jami 50 million yevro toʻlashi, Abduqodir “shaharliklar” bilan 2029 yilning yarmigacha davom etadigan shartnoma tuzgani, tomonlar oʻzaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkinligi va hamyurtimiz yangi klubida 45-raqamni tanlagani haqidagi ma'lumotlar tarqalib boʻldi.
Hozir koʻpchilikni qiziqtirayotgan eng dorzarb masala Abduqodir Husanov “Manchester Siti”dagi debyutini qachon oʻtkazishi boʻlib turibdi.
“Manchester Siti”ning eng yaqin uchrashuvi 22 yanvar kuni Evropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichi doirasida PSJga qarshi oʻtkaziladigan safardagi bahs boʻlib turibdi. Biroq manbalarning ma'lum qilishicha, “shaharliklar” yangi oʻyinchilari – Abduqodir Husanov va Vitor Reysni musobaqa qaydnomasidan oʻtkazishga ulgurmagan.
Shu bois, har ikki legioner Chempionlar ligasida Xosep Gvardiola jamoasiga yordam bera olmaydi.
Manchesterliklar eng nufuzli turnirning umumiy bosqichidagi oxirgi uchrashuvini 29 yanvar kuni Germaniyada “Shtutgart”ga qarshi oʻtkazadi.
Agar Xosep Gvardiola shogirdlari Chempionlar ligasining umumiy bosqichi yakunlariga koʻra, kuchli 24 jamoa qatoridan joy olsa, musobaqadagi ishtirokini davom ettiradi. Soʻnggi ikki tur oldidan “Manchester Siti” oltita uchrashuvda sakkiz ochko toʻplagan holda 22-pogʻonani egallab turibdi.
Angliya chempionlari nimchorak finalga toʻgʻridan toʻgʻri chiqadigan eng kuchli sakkizta klub qatoriga qoʻshila olmasligi oydinlashib qolgan. Shu bois, manchesterliklar qoʻshimcha tarzda oʻtkaziladigan oʻtish uchrashuvlari orqali 1/8 final yoʻllanmasi uchun kurashishi kutilyapti.
Abduqodir Husanov va Vitor Reys kabi yangi oʻyinchilar “Manchester Siti”dagi debyut uchrashuvini Angliya Premer-ligasi doirasida 25 yanvarga belgilangan “Chelsi”ga qarshi oʻyinda nishonlashi mumkin. Bu bahsga manchesterliklar mezbonlik qiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Chelsi” ham oʻzbek futbolchisiga jiddiy qiziqish bildirgan edi. Biroq raqobatchilarga nisbatan dadil harakat qilgan “shaharliklar”ni transfer masalasini juda tez va bir urinishda hal qila oldi.
Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida maydonga tushishi bilan Angliya Premer-ligasidagi birinchi oʻzbek futbolchisi sifatida tarixga oʻz nomini yozdirib qoʻyadi.
Legionerimiz 19 yoshidayoq Fransiya futbolidagi yagona oʻzbekistonlik futbolchi sifatida oʻchmas iz qoldirgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar