Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtgani soʻnggi bir necha kunning eng dolzarb masalasi sifatida jamoatchilikning e'tibori markazida boʻldi.
Tabiiyki, 20 yoshli legionerimizning dunyoning eng murakkab va shiddatli ligasida gegemonlik oʻrnatgan “Manchester Siti”dek qudratli klubga koʻchib oʻtgani oʻzbek futbolining bugungi kundagi eng katta yutugʻi sifatida baholanmoqda.
Bu tomonda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zoʻr toʻpurari Eldor Shomurodov ham kelajagiga oydinlik kiritib olishi kerak. Hozircha, 29 yoshli hujumchi “Roma”da zaxira oʻyinchisi vazifasini bajarib, ayrim uchrashuvlarda bir necha daqiqadan oʻynab kelmoqda.
Shomurodovning tajribasi ham, mahorati ham joyida. Shu bois, bu galgi transferlar oynasi davrida ham bir necha klub oʻzbek futbolchisini oʻz safiga qoʻshib olishga urinmoqda.
Qishki transferlar davrining oʻrtasiga kelib, Shomurodov uchun kurashda “Empoli” favoritga aylandi. Bu haqda Sky Sport jurnalisti Janluka Di Martsio xabar berdi.
- “Empoli” Eldor Shomurodov uchun kurashda oldinga chiqdi va boshqalarga nisbatan tezkor harakat qilmoqda. Tajribali hujumchi qidirayotgan toskanaliklar Eldor Shomurodovni nishongan olgan. Bugungi kunga kelib ham klub mutasaddilari “Roma” bilan oʻzbek futbolchisi boʻyicha muloqotlarni davom ettirmoqda.
Tomonlar yakuniy qarorga yaqinlashdi, “Empoli” oʻzbek futbolchisini olish boʻyicha dastlabki amaliy qadamlarini tashladi, - deb yozmoqda Janluka Di Martsio.
Shomurodovga “Empoli”dan tashqari A Seriyaning yana ikki klubi – “Venetsiya” va “Kalyari” ham da'vogarlik qilmoqda.
- “Venetsiya” tarkibini kuchaytirish boʻyicha ish olib boryapti. Asosiy maqsad yarim himoyani kuchaytirish. Hujum chizigʻida ham yangi oʻyinchilar paydo boʻlishi kutilmoqda. Andrea Belotti, Eldor Shomurodov va Daniel Fila venetsiyaliklarning nishonidagi asosiy forvardlardir.
Klub tarkibini bir necha futbolchilar tark etadigan boʻlmoqda. Shu bois, “Venetsiya” mutasaddilari qishki transferlar vaqtida turli chiziqlarga yangi ijrochilarni olib kelish harakatiga tushib qolgan, - deb yozdi tuttomercatoweb.com portali eksperti Daniel Uchcheleri.
“Kalyari” klubi faoliyatini yoritishga katta e'tibor qaratadigan La Nuova Sardegna gazetasi ham sardiniyaliklarning qishki transfer oynasi davridagi rejalari haqida ma'lumot chiqardi.
- “Kalyari” tajribali hujumchi Janluka Lapadula boʻyicha aniq taklif kutyapti. Perulik forvardga V Seriyaning bir necha klublari jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Klub sport direktori Nereo Bonato hujum chizigʻini kuchaytirishga ikki nomzodni tanlagan. Asosiy nishon – “Glazgo Reynjers”da 20 ta uchrashuvda ettita gol urgan hujumchi Siriel Desers. Lekin bu transferni amalga oshirish juda qiyin.
Shu bois, sardiniyaliklar oʻtgan mavsumda “Kalyari” tarkibida uchta gol va ikkita assistga mualliflik qilgan Eldor Shomurodovni yana jamoaga qaytarish boʻyicha ham ish olib bormoqda, - deb yozdi La Nuova Sardegna gazetasi.
Qishki transferlar oynasining oxiriga borib, Eldor Shomurodov uchun kurash yanada qiziydigan boʻlyapti. Demak, kuzatishda davom etamiz, tez orada oʻzbek hujumchisi mavsumni qayerda davom ettirishi oydinlashadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar