20:37 / 22.01.2025
229

Husanovni qaysi klub "ilib ketish"ga yaqin edi yoxud “Siti” transferiga toʻsqinlik qilgan klub...

Husanovni qaysi klub "ilib ketish"ga yaqin edi yoxud “Siti” transferiga toʻsqinlik qilgan klub...
Abduqodir Husanovning Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga koʻchib oʻtgani juda koʻp muhokama qilinmoqda.

Aslida joriy mavsum davomida 20 yoshli oʻzbek himoyachisi Evropaning kuchli beshlik chempionatlarining oʻzidan yigirmaga yaqin klublar e'tiborini tortdi. Xususan, Angliya Premer-ligasining oʻzidan oʻndan ziyod klub legionerimizga da'vogarlik qildi. Biroq ular oʻyinchini olish uchun “Manchester Siti”ga raqobat qila olmadi.

Nufuzli manbalar bu transferga oid qiziqarli ma'lumotlarni toʻplab, futbol ishqibozlariga etkazish uchun oʻzbek futbolchisi atrofidagi mutaxassislardan turli axborotlarni olishga urinyapti.

Sports.uz portali Abduqodirning manfaatlarini himoya qilayotgan futbol agenti Gayrat Xasbiullinning xorij manbalariga bergan intervyularidan olingan qiziqarli ma'lumotlarni oʻzbekistonlik futbol ishqibozlari e'tiboriga havola etadi.

- Bizga aytishlaricha, “Manchester Siti” chempionlikka erishgan jamoani qayta qurishni boshladi. Bosh murabbiy Xosep Gvardiola oʻz faoliyatida ilk bor shunday qilmoqda. Yosh va tezkor markaziy himoyachilarning transferi aynan mana shu maqsad bilan bogʻliq.

Futbolchilardan kimlardir talab qilinayotgan tezkorlik koʻrsata olmayapti, Diash esa koʻp jarohat olyapti. Gvardiola eng istiqbolli ikki markaziy himoyachini olish uchun “ov”ga chiqishiga toʻgʻri keldi. Biz bosh murabbiy Husanovga qiziqayotganini tushunib turgandik.

– Husanovni ilib ketishga qaysi klub yaqin kelgandi?
– “Nyukasl” transferni amalga oshirishga yaqin kelgandi. Oxirigacha favoritlardan biri boʻlib turdi, biroq oxiri oʻyinchi uchun “Manchester Siti” bilan raqobat poygasidan chiqib ketdi.

Tushunishimcha, bu masalaga ham moliyaviy feyr-pley ta'sir oʻtkazdi. Qolaversa, ularga transferni amalga oshirish uchun vaqt ham kamlik qildi.

Agar ular taklifni ertaroq berganida, balki kelishuvga erishgan boʻlarmidi?!

Keyinroq “Manchester Siti” transfer boʻyicha “Lans”ga shunday bosim qildiki, ularga qarshi turadigan taklif berish juda ogʻir masala boʻlib qoldi.

Ta'kidlash joizki, aslida “Lans” qishki transferlar vaqtida Abduqodir Husanovni 25-30 million yevroga transfer qilishni moʻljallagan edi. Lekin mavsum boshidan beri barqaror oʻyin namoyish qilgan oʻzbek legionerining xaridorlari koʻpayib ketdi.

“Manchester Siti” kutilmaganda bu transfer uchun jami 40 million yevro badal puli va qoʻshimchasiga 10 million yevro miqdorida bonus taklif qilish orqali, barcha raqobatchilarini ortda qoldirdi.

Angliya chempionlari Oʻzbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi bilan 4,5 yillik shartnoma imzoladi. Tomonlar istagiga koʻra, hamkorlik yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.

Abduqodir Husanov yangi jamoasida 45-raqamni tanladi. Hamyurtimiz Manchesterda mashgʻulotlarni boshlab yuborgan. Endi hamma Angliya chempionatidagi birinchi oʻzbek futbolchisining debyutini kutmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport