Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Abduqodir Husanovning manfaatlarini ifoda etuvchi futbol agenti Gʻayrat Xasbiullin «Sport-Ekspress» uchun bergan intervyusida oʻz mijozi «Manchester Siti»ga oʻtishi qanday roʻy berganini aytib berdi.
«Husanov Evropada 23 yoshgacha boʻlgan himoyachilar orasida top-5’da boʻlgan»
— Abduqodirning «Siti»ga transferi reallashgani siz oʻzingiz qachon tushunib etdingiz? Muzokaralar qanday kechdi?
— Biz noyabr oyi oxirida «Siti»ning futbolchimizga qiziqishi jiddiy ekanini bildik. Dekabr oyi boshida esa ingliz klubi ehtimoliy transfer boʻyicha «Lans» bilan ham, biz bilan ham muloqot boshladi.
— Boshqa variantlar ham bor edimi?
— Oʻsha vaqtda APLdagi jamoalarning yarmi Husanov boʻyicha biz bilan aloqaga chiqdi.
— Yarmimi?
— Qaysidir pallada men biz bilan aloqaga chiqqan 12 ta ingliz klubini sanagandim.
— «Siti»ning raqobatchisi qaysi edi?
— «Nyukasl». Bu klub oxirigacha poygada qoldi. Bu juda yaxshi klub, qiziqarli loyiha. Ularning kelajagi katta. Oʻylaymanki, «Nyukasl» yaqin yillarda muntazam ravishda APLning kuchli oltiligida boʻladi. Ammo moliyaviy feyr-pley va boshqa omillar tufayli «Nyukasl» muayyan taklif bera olmadi. Ish choʻzildi. Bu vaqtda esa «Siti» «Lans»ga ham, bizga ham bosim oʻtkazib, javobimizni soʻradi. Yakunda biz shu variantni tanladik. Kelishuvga erishildi.
— Husanov Xosep Gvardiolaning e'tiborini birinchi navbatda nimasi bilan tortdi?
— Menimcha, bu savolni menga emas, Pepning oʻziga berish toʻgʻriroq boʻlsa kerak. U men bilan bunday fikrlarini boʻlishmaydi (kuladi). Ammo tushunishimcha, Abduqodir — yosh, jismonan baquvvat, yakkakurashlardan qochmaydigan futbolchi sifatida «Siti»ni oʻziga qaratgan. U hech kimdan tap tortmaydi. Pepga shunday himoyachi kerak boʻlgan. Husanov barcha koʻrsatkichlarga koʻra Evropada 23 yoshgacha boʻlgan himoyachilarning kuchli beshligiga kiradi. Men bundan ham koʻprogʻini aytaman. Biz bilan aloqaga chiqqan klublarning barchasida Abduqodir roʻyxatning eng yuqorisida turgan. Ikkinchi, uchinchi emas, balki aynan birinchi!
— «Siti»da hammi?
— Ha, «Siti»da ham u short-list tepasida edi. «Nyukasl»dagilar esa shunday degandi: «Bizga faqat u kerak — boshqa hech kim»!
— SSKAdagi Abbos Fayzullayev yaqinda Husanov soatiga 35 kilometr tezlikda yugura olishini aytgandi. U raketami?
— Hatto 35 emas, soatiga 37 kilometr tezlik. Hozir qaysi oʻyinda boʻlganini eslay olmayman, u Fransiya chempionatida yaponiyalik bir hujumchidan aynan shunday tezlikda yugurib oʻzib ketgandi. Yakkakurashlarda ham u kuchli, hech kimdan qolishmaydi. Uning birinchi liga (Fransiya oliy divizioni) birinchi davrasidagi statistikasini qarashingiz mumkin. Barchasi yaqqol tushunarli boʻladi.
— Husanovning karerasi haddan tashqari tez koʻtarilmadimi? Axir 2023 yilda ham u Belarus chempionatidagi «Energetik-BGU» safida toʻp surardi.
— Demak, uning atrofidagi odamlar va uning oʻzi karerani rivojlantirish boʻyicha barchasini toʻgʻri bajargan. Demak, biz xato qilmaganmiz.
«Siti» uni ijaraga beradimi? Unda nega 50 million toʻladi?
— Jiddiy raqobat tufayli «Siti» Abduqodirni ijaraga berib yuborishi mumkinligini ham oʻylaysizmi?
— Ha, raqobatni hech kim inkor etmaydi. Ammo mening tushunishimcha, Pep jamoani qaytadan qurishga qaror qilgan. Va hozirda «Siti» eng yaxshi yosh markaziy himoyachilarni xarid qilmoqda. Abduqodir hech qachon asosiy tarkib uchun kurashdan choʻchimagan, u doimo qiyin, ogʻriqli kurashga kirishgan. Va men «Siti» uni keyin ijaraga berib yuborish uchun 50 millionga oldi deb oʻylamayman. Gvardiola uni hozirning oʻzida tarkibda koʻrishni istadi. Aks holda «Siti» uni sotib olib, klubida ijarada qoldirishi mumkin edi. Inglizlar uni qishdayoq olib ketdimi, demak, Gvardiola chindan ham unga umid qilmoqda.
— Shunchaki, masalan, taniqli agent Dmitriy Selyuk transfer summasi 40-50 million emas, maksimum — 20 million boʻlgan deb hisoblamoqda.
— 40 million. Plyus 10 million bonuslar. Oʻylaymanki, bu shundoq ham barchaga ma'lum, buni hammayoqda e'lon qilishdi. Jami 50 boʻladi.
— Husanovni «Energetik- BGU»da shugʻullantirgan Pavel Rodnenok oʻzbek futbolchisi «Siti»dagi barcha raqobatchilarini yamlamay yutishini aytdi. U ruhiy jihatdan naqadar kuchli?
— «Lans» murabbiyi Frenk Es 19 yoshli futbolchimizni koʻrganida, u kattalardek oʻynashini aytgandi. Husanov uchun chindan ham hech qanday chegaralar yoʻq, u yulduzlarga qarshi oʻynashga tayyor. Bu futbolchi aynan himoyada oʻynab rohatlanadi. «Lans»ning oʻyinlarini kuzatganmisiz, yoʻqmi, bilmayman, ammo muxlislar uning yakkakurashlaridan zavq olishardi. Odatda barcha goldan hayratga tushadi, u erda esa tribunalar uning himoyadagi kurash olib borishini olqishlashardi! Uning himoyadagi har bir muvaffaqiyatli harakati gulduros qarsaklarga ulanardi.
— Rodnenok «Energetik-BGU»da Husanov kuniga toʻrt martadan mashgʻulot oʻtkazganini aytdi.
— Anatoliy Ivanovich Yurevich Abduqodir uchun maxsus dastur ishlab chiqqandi. Darvoqe, bir necha futbolchilarimiz ushbu murabbiy qoʻlidan oʻtgan. Biz uning yuklamalari qanchalik ogʻirligini bilamiz. Ammo, dosh berganlar yuqori darajada oʻynab ketgan. Abduqodir Yurevichning qoʻliga 16 yoshida borgan va bu uni pirovardida hozirgidek juda baquvvat qilgan omillardan biri boʻlgan. Uning otasi — Oʻzbekiston milliy jamoasida oʻynagan sobiq futbolchi. U oʻgʻliga futbol haqidagi tushunchalarni singdirgan. Otasi uning bosh tanqidchisi va maslahatgoʻyi.
— Shu bilan birga, ayrim ekspertlar «Siti»da Abduqodirda hujumni boshlashdagi birinchi pas bilan muammolar boʻlishini taxmin qilmoqda.
— Lekin biz agar dunyodagi eng yaxshisi boʻlmasa, eng yaxshilardan biri boʻlgan murabbiyga bordik! Gvardiola Abduqodirga koʻp narsani oʻrgatishi, uning kamchiliklarini tuzatishi va uni yanada kuchliroq qilishi mumkin. Ya'ni biz oddiy variantga emas, uning oʻynashi kafolatlangan oʻrtamiyona klubga emas, balki jiddiy maqsadlar qoʻyiladigan va u albatta oʻsishda, rivojlanishda davom etadigan joyga bordik. Shuning uchun yakunda «Manchester Siti»ni tanladik. Umid qilamizki, Pep Abduqodirni bir necha yil ichida Evropaning eng yaxshi himoyachisiga aylantiradi.
— Gvardiola birinchi muloqotida Husanovga nimalar dedi?
— Men oʻsha erda edim. Pep Abduqodirga shunday dedi: «Men sen imkon qadar tezroq ingliz tilini oʻrganishingni istayman, biz koʻproq gaplasha olishimiz uchun».
— Uning inglizchasi uncha yaxshi emasmi?
— Abduqodir Fransiyada oʻynayotgandi. Hozir u faollik bilan inglizchani oʻrganmoqda. Pep unga yana shunday dedi: «Har kuni kamida bir soat shugʻullan, iltimos»! Husanov umuman olganda mashgʻulot jarayonidagi barcha gapni tushunadi, ammo Gvardiola uchun nyuanslar, detallar juda muhim. Shuning uchun ular yaqinroq muloqot qilishlari kerak. Shunday ekan, Abduqodir oʻz inglizchasini yaxshilashi kerak.
— Abduqodir Belarusda oʻynaganida, sizlarda Rossiyaning top klublaridan takliflar boʻlganmi?
— Mening sherigim Ulugʻbek Asanbayev bor. Biz bu futbolchini birgalikda olib yuribmiz. Unga RPLdan chiqqan boʻlishlari mumkin. Men esa e'tiborimni faqat Evropa yoʻnalishiga qaratgandim. Shuning uchun bu savolga javob berishim qiyin. Qolaversa, men amalga oshmagan ishni muhokama qilishni yoqtirmayman. Faqat Turkiyadan ham qiziqish boʻlganini aytishim mumkin. Ammo biz yakunda «Manchester Siti»ga keldik, bu esa amalda bosqichma-bosqich toʻgʻri harakatlanganimizni anglatadi.
— Hozirda SSKA sport direktorligidan ketgan Andrey Movsesyan armiyachilar oʻz vaqtida Husanov bilan shartnoma tuzishi mumkin boʻlgani, ammo uni «Lans» olib ketganini aytdi.
— Bizda prioritetda doimo Evropa chempionati boʻlgan. Yigitcha Belarusda oʻynayotganida, biz sherigim bilan bu mavzuni koʻp gaplashardik. U mendan Evropa yoʻnalishida ishlashimni soʻragan. Biz aynan shu maqsadni koʻzlagandik va unga qarab bordik.
— Nega oʻzbekistonlik himoyachi «Manchester Siti» darajasigacha oʻsa oldi, rossiyaliklar esa — yoʻq?
— Rossiyalik futbolchilarni muhokama qilish huquqim yoʻq, bor e'tiborim oʻzimizning yigitlarga qaratilgan.
— Husanov — fenomenmi?
— Bu toʻgʻri tarbiyalangan, futbol ta'limini koʻrgan, toʻgʻri muhitda boʻlgan juda iste'dodli futbolchi. Men shunday tushuntirgan boʻlardim.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar