15:04 / 23.01.2025
365

Nodirbek Abdusattorov alamli magʻlubiyatlarining oʻchini oldi

Nodirbek Abdusattorov alamli magʻlubiyatlarining oʻchini oldi
Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turniridagi oʻtkazilgan 5-tur oʻyinlari “Masterc” guruhida gʻoliblik uchun asosiy da'vogarlardan biri boʻlgan Nodirbek Abdusattorov uchun har jihatdan omadli kechdi.

Hamyurtimiz qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forestga qarshi dona surdi.

Aytish lozim, bundan ikki yil muqaddam “Tata Steel Chess” gʻolibligiga yarim qadam qolganda aynan Yorden van Forest Nodirbek Abdusattorovni shohsupaga chiqish yoʻlagida toʻxtatib qolgandi.

Oʻshanda Abdusattorov 8 ta durang, 4 ta gʻalaba, 2 ta magʻlubiyat hisobida 8 ochko bilan 2-oʻrinni egallagandi. 2023 yilgi bahsda Van Forest bilan 13-turda roʻbaroʻ kelgan Abdusattorov kutilmaganda magʻlubiyatni qabul qilib, ikkinchi pogʻona bilan kifoyalangandi.

Ammo, 2024 yilgi Veyk-an-Zeye turnirida shaxmatchimiz niderlandiyalik raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagandi. Bu safar ham shunday boʻldi. Shiddatli kechgan oʻyin kutilganidek Nodirbekning ustunligida oʻtdi va 47-yurish holatida Yorden van Forest yutqazganini tan oldi. Bu esa Nodirbek Abdusattorovning 4 ochko bilan qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra, “Masters” guruhi etakchisiga aylanishini ta'minladi.

Ortda qolgan ushbu turda gʻoliblikka da'vogarlardan biri hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda oʻynagan Maks Varmerdam bilan durangga erishishi uni 4 ochko bilan 2-oʻrinni egallashiga olib keldi.

Klassik shaxmat boʻyicha 2024 yilgi jahon chempioni Gukesh Dommaraju 5-turda oq donalarda germaniyalik Vinsent Keymerdan ustun kelishi uni 3,5 ochko bilan 3-oʻringa koʻtarilib, gʻoliblik yoʻlidagi imkoniyatlarini yanada oshirdi, deyish mumkin. Gukesh Dommarajuning mazkur turnirning 2024 yilgi gʻolibi sifatida qatnashayotgani ham ishtirokchilarning e'tiboridan chetda emasligini ta'kidlash lozim.

Ushbu turda amerikalik tajribali shaxmatchi Fabiano Karuanani magʻlub etgan sloveniyalik Vladimir Fedoseyev ham 3,5 ochko jamgʻarishga muvaffaq boʻlgan holda 1-oʻringa nomzodlar roʻyxatida qayd etilmoqda.

24 yanvar kuni oʻtadigan 6-tur oʻyinlari har jihatdan qiziqarli boʻlishi oq-qora qutblarda joylashgan shaxmatchilar nomidan ham ayon. Nodirbek Abdusattorov Gukesh Dommaraju bilan kurash olib borsa, Vladimir Fedoseyev qora donalarda serbiyalik Aleksey Sarana qarshiligini engishga harakat qiladi. 2-pogʻonadan joy olgan Rameshbabu Pragnanandxa oq donalarda xitoylik Vey I bilan kurash olib boradi.

“Tata Steel Chess-2025”ning “Chellenjer“ guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yoqubboyev 5-turda qora donalarda ozarbayjonlik Aydin Suleymanli bilan roʻbaroʻ keldi. Murakkab kechgan uchrashuvning 71-yurish holatida hamyurtimiz muvaffaqiyatga erishdi.

Bu, bugun, 23 yanvar kuni tavallud ayyomini nishonlayotgan Yoqubboyevning ochkolari sonini 2,5 taga etkazib, 8-oʻringa koʻtarilishiga sharoit yaratdi.

Ertaga boʻladigan 6-turda Yoqubboyev oq donalarda germaniyalik Frederik Svane bilan kurashga kirishadi.

13 ta turdan iborat “Tata Steel Chess-2025” turniri 2 fevralgacha davom etadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport