17:24 / 23.01.2025
966

“Masters” guruhi etakchisi Nodirbek Abdusattorov katta intervyu berdi

“Masters” guruhi etakchisi Nodirbek Abdusattorov katta intervyu berdi
Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat boʻyicha davom etayotgan “Tata Steel Chess-2025” turniridagi oʻtkazilgan 5-tur oʻyinlari “Masterc” guruhida gʻoliblik uchun asosiy da'vogarlardan biri boʻlgan Nodirbek Abdusattorov uchun har jihatdan omadli kechdi.

Hamyurtimiz qora donalarda Niderlandiya vakili Yorden van Forestga qarshi dona surdi. Shiddatli kechgan oʻyin kutilganidek Nodirbekning ustunligida oʻtdi va 47-yurish holatida Yorden van Forest yutqazganini tan oldi. Bu Nodirbek Abdusattorovning 4 ochko bilan qoʻshimcha koʻrsatkichlarga koʻra, “Masters” guruhi etakchisiga aylanishini ta'minladi. Ushbu gʻalabadan soʻng vakilimiz oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

- Nodirbek, Jorden Van Foreyest ustidan qozonilgan gʻalaba bilan tabriklayman! Birinchi dam olish kunidan oldin 5-turdan keyin 4 ochko toʻpladingiz — ehtimol, natijadan mamnunsiz?
- Rahmat! Ha, juda xursandman. Hozircha hammasi yaxshi ketyapti, bugungi gʻalabadan keyin esa yanada mamnunman. Endi Gukeshga qarshi boʻladigan keyingi partiyani sabrsizlik bilan kutyapman.

- Keyingi raqibingiz — yangi jahon chempioni. Lekin avval bugungi partiya haqida gaplashsak. Avvalgi intervyularda Veyk-an-Zeyeda oʻyinlaringiz yaxshi chiqayotgani haqida gaplashgandik, ammo ikki yil avval oxirgi turda aynan Jorden gʻalabali seriyangizni toʻxtatgan edi. Oʻtgan yili revanshni oldingiz, bugun ham shu an'anani davom ettirdingiz.
- Ha, partiya oson boʻlmadi. Men Karo-Kann himoyasini oʻynadim, lekin undan c4 yurishini kutmagan edim. Shuning uchun taxtada eski tahlillarimni eslashga toʻgʻri keldi.

- Agar aniq tayyorgarlikni eslay olmasangiz, qanday yoʻl tutasiz?
- Men, odatda, tez oʻynashga harakat qilaman, hatto debyutni puxta bilmasam ham. Shunday tezlik raqibga bosim oʻtkazishda yordam beradi.

- Partiya qachon murakkablashdi?
- Kalit lahza uning b5 yurishi boʻldi. Men uning rejasini tushunishga harakat qildim. Masalan, c5 yurishi d5 katagini zaiflashtirishi mumkin edi, shu sababli xavfli boʻlishi mumkin. Ammo menimcha, u eng toʻgʻri yoʻlni tanlamadi.

- Partiyada murakkab vaziyatlar boʻldimi?
- Ha, masalan, farzin a2 yurishidan keyin men uzoq variantlarni, jumladan, qurbonliklar va murakkab manyovrlarni ham hisobladim. Yaxshiyamki, hammasi men xohlagandek natija berdi.

- Shunday uzoq hisob-kitoblar qilayotganingizda oʻzingizni qanday his qilasiz?
- Men har doim chiroyli va uzoq kombinatsiyalarni topishni yaxshi koʻrganman. Bu partiya davomida menga kuch va energiya beradi.

- Raqibingiz uzoq oʻylayotganida, siz oʻrningizdan turmay taxta yonida qoldingiz. Siz allaqachon hamma narsani hisoblab boʻlgandingizmi?
- Ha, men pozitsiyada nimalar boʻlayotganini aniq bilardim va hisob-kitoblarimga ishonchim komil edi.

- Bir turdan keyin siz Gukeshga qarshi oʻynaysiz. Jahon chempioniga qarshi oʻynash qanday his?
- Bu har doim alohida voqea. Biz avval ham bir necha marta oʻzaro toʻqnash kelganmiz. Uning jahon chempionligi uchun boʻlgan matchi juda ilhomlantiruvchi boʻldi. Men uning uchun xursandman va oʻzaro oʻyinimizni kutyapman.

- Jahon chempionligi matchida unga muxlislik qilganmidingiz?
- Ha, men uni kichik favorit, deb oʻylagandim. Oxir-oqibat, uning asabi Dingga nisbatan kuchliroq boʻlib chiqdi.

- Shunday matchlarni muxlis sifatida kuzatish qanday?
- Men matchni toʻliq tomosha qila olmadim, chunki Qatar Masters turnirida oʻynayotgan edim. Jahon chempionligining yakuniy partiyasi bilan mening turnirimning soʻnggi turi bir vaqtda boshlandi. Oʻzimning partiyam tugagach, darhol Gukeshning gʻalabasini tomosha qildim. Match juda yuqori saviyada boʻlib oʻtdi.

- Ertaga dam olish kuni. Rejalar bormi?
- Ha, men Amsterdamga borishni, yaxshi ovqatlanishni va biroz dam olishni rejalashtirganman. Tayyorlanish ishlarini keyinroq davom ettiraman".

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport