Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga shov-shuvli transferidan keyin hamyurtimizning yangi jamoasida qachon debyut qilishi hammani qiziqtirib turgan eng dolzarb masalaga aylandi.
Ta'kidlash lozimki, Angliyaning amaldagi chempioni bir hafta ichida uchta katta transferni rasman e'lon qildi. “Shaharliklar” birinchi boʻlib “Lans”ni Abduqodir Husanovni Manchesterga qoʻyib yuborishga koʻndirgan boʻlsa, ikkinchi transfer “Palmeyras”ning 18 yoshli markaziy himoyachisi Vitor Reys boʻldi.
Nihoyat, “Manchester Siti” hujum chizigʻiga “Ayntraxt” toʻpurari Umar Marmushni olib keldi.
Xoʻsh, yangi oʻyinchilar qachondan chempion jamoaga yordam bera boshlaydi?
Bu savolga cityxtra.co.uk sayti jurnalisti Freddi Pay javob qidirdi.
- “Manchester Siti” rahbariyati Pep Gvardiola qoʻl ostida soʻnggi toʻrt yilda chempionlikni saqlab kelgan jamoa qudratini qayta tiklash maqsadida uch nafar yangi oʻyinchi olib kelganini rasman e'lon qildi.
Qishki transferlar vaqtida bu uch futbolchiga 120 million funt sterlingdan koʻproq pul sarflanganiga qaramay, Chiki Begiristayn oʻz hamkasblari bilan birga yangi transferlar boʻyicha ham ish olib bormoqda. “Manchester Siti” himoyani sezilarli darajada mustahkamladi, Umar Marmush yordamida hujum oʻtkirligini yanada oshiradi.
Hozircha, uch nafar yangi oʻyinchi UYeFA Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqiga ega emas, biroq Angliya Premer-ligasidagi debyutini yaqinlashib kelayotgan dam olish kunlari koʻrishimiz mumkin.
Xosep Gvardiola Chempionlar ligasi doirasida PSJ bilan oʻyin oldidan Parijda tashkil qilgan matbuot anjumanida yangi shogirdlari haqida iliq fikr bildirdi.
- Abduqodir Husanov shu erda, ya'ni Franuiyada oʻynagan, jismonan baquvvat va noyob qobiliyatga ega futbolchi. U tezroq ingliz tilini oʻrganib olishi kerak. Vitor Reys esa, Braziliyaning yosh iste'dodi. Ularning kelganidan men behad xursandman, - dedi Gvardiola.
“Shaharliklar” bosh murabbiyi yosh himoyachilarning jamoadagi debyuti haqidagi savollarga ham javob berib, “Chelsi”ga qarshi boʻladigan uchrashuv oldidan ularning har ikkisi ham oʻynashga tayyor ekanini ma'lum qildi, - deb yozmoqda cityxtra.co.uk sayti jurnalisti Freddi Pay.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga transferi “shaharliklar” uchun jami 50 million yevroga tushdi. Manbalarga koʻra, legionerimiz yangi klubi bilan toʻrt yarim yillik shartnoma tuzdi. Tomonlar oʻzaro kelishuvga koʻra, hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Demak, “Manchester Siti”da 45-raqamni tanlagan Abduqodir Husanov Angliya chempionatining navbatdagi turida “Chelsi”ga qarshi uchrashuvda debyut qilishi mumkin. Bu bahs 25 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da “Etixad” stadionida boshlanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar