10:30 / 02.02.2025
1 069

Abduqodir Husanov ortidan “top-5” ligaga ketadigan futbolchimiz...

Abduqodir Husanov ortidan “top-5” ligaga ketadigan futbolchimiz...
Oʻzbek futboli tarbiyalanuvchilari sekin-asta Evropaning etakchi ligalarini zabt etishga urinmoqda. Bugungi kunda Abduqodir HusanovManchester Siti” safiga qoʻshilgan boʻlsa, Eldor Shomurodov faoliyatini “Roma”da davom ettirishi hal boʻldi.

Ayniqsa, 20 yoshli Abduqodir Husanovning Angliya chempioni bilan shartnoma imzolagani katta shov-shuv boʻldi. Oʻz navbatida, bu oʻyinchimizning jahonning jng nufuzli ligasiga koʻchib oʻtgani oʻzbek futboliga yaxshigina reklama boʻladi. Buning uchun esa, legionerimiz “shaharliklar” jamoasida oʻz oʻrnini topishi, Fransiya ligasida amalga oshirgan ishlarini Angliyada takrorlashi talab etiladi.

Keyingi yillarda Evropaga yoʻl olish imkoniyati yuqori sanalayotgan oʻzbek futbolchilaridan biri Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. 21 yoshli hujumkor futbolchiga Germaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiya klublaridan qiziqish boʻlayotgani haqida xabarlar koʻp tarqatildi.

Ayni paytda Rossiya Premer-ligasida toʻp tepayotgan futbolchimizning Evropaga ketish imkoniyatiga Moskvaning “Lokomotiv” klubi sobiq prezidenti Nikolay Naumov munosabat bildirdi.

- SSKA klubi Abbosbek Fayzullayevni Evropaga transfer qilish ehtimoli katta. Buning uchun oʻzbek legioneri oʻyinini yanada kuchaytirishi lozim. Chunki keyingi paytda oʻyinida biroz pasayish kuzatildi. Agar u avvalgi darajasiga koʻtarilsa, kuchli ligalarga ketishi aniq.

Evropada Abbosga e'tibor qaratishgan, uni kuzatib kelishyapti. Fayzullayev Evropa darajasidagi oʻyinchi. Qolaversa, Oʻzbekiston milliy terma jamoasida ham muvaffaqiyatli oʻynayapti va shu bois, doim skautlar kuzatuvida. Uning salohiyati yuqori.

Agar Abduqodir Husanov “Manchester Siti”da yaxshi oʻynab ketsa, oʻzbek futbolchilari uchun juda yaxshi reklama boʻladi. Koʻpincha shunday boʻladi, bir oʻyinchi ortidan boshqalarga ham e'tibor qarata boshlashadi.

Husanov yaqinda Belarusda toʻp tepardi, afsuski, biz koʻpincha oʻyinchilarning salohiyatini oʻz vaqtida payqay olmaymiz, uni koʻrmay qolamiz. Rossiya Premer-ligasi Abduqodirni qoʻldan chiqardi, uni shu erga olib kelish kerak edi.

Fayzullayev masalasiga kelsak, Abbos Evropaning istalgan klubida paydo boʻlishi mumkin. Masalan, nega “Manchester Siti”ga bormasligi kerak? Har narsa boʻlishi mumkin. “Siti” Husanov va Fayzullayevdan iborat oʻzbek tandemini kuzatish juda qiziq boʻlardi. Lekin bunday boʻlish ehtimoli juda kam, - dedi Nikolay Naumov.

Eslatib oʻtamiz, Abbosbek Fayzullayev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2023 yilning avgustida SSKA safiga qoʻshilganiga qadar, hujumkor futbolchi Oʻzbekiston Superligasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.

Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan boʻlsa-da, professional faoliyatini Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshladi. Bu jamoa bilan shartnoma imzolaganidan bir yil oʻtib, Husanov Fransiya chempionati vakili “Lans”ga koʻchib oʻtdi. Bu jamoada bir yarim yil oʻynab, oʻz salohiyatini namoyish qildi.

“Manchester Siti” oʻzbek himoyachisini qoʻlga kiritish uchun bonuslar bilan qoʻshib hisoblaganda jami 50 million yevrodan voz kechishiga toʻgʻri keldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport