Abduqodir Husanovning Angliya Premer-ligasi grandi – “Manchester Siti”ga oʻtishi xalqaro miqyosda katta shov-shuvga sabab boʻldi.
20 yoshli markaziy himoyachining jahonning eng kuchli klublaridan biri safiga qoʻshilgani hamon keng muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, qoʻshni Qozogʻistonda bu transferga katta e'tibor qaratilmoqda.
Qozogʻiston futbolidagi mutaxassislar va manbalar Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtishi yuzasidan oʻz fikrlarini bildirishdi.
Sports.kz sayti Qozogʻiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi Evgeniy Averchenko bilan suhbatda unga quyidagi savolni berdi:
– Nega aynan oʻzbekistonlik Husanov “Manchester Siti”da toʻp tepmoqda, qozogʻistonlik futbolchilar emas?
Evgeniy Averchenko bu savolga quyidagicha javob berdi:
— Men uning faoliyatini chuqur oʻrganmaganman, biroq “Manchester Siti” safida “Chelsi”ga qarshi uchrashuvdagi debyutini kuzatdim. Unda xatolar kuzatilgan boʻlsa-da, moslashish uchun vaqt talab etiladi. Husanovning qozogʻistonlik futbolchilardan sezilarli ustun jihatlarini aytish qiyin, biroq u “Manchester Siti”da oʻynayaptimi, demak, bizning futbolchilarda mavjud boʻlmagan muhim sifatlarga ega, – dedi u.
Shuningdek, sportarena.kz sayti “Qayrat Jastar” klubi bosh murabbiyi yordamchisi Timur Kasimovning fikrlarini keltirdi:
— Men Husanovning oʻyinlarini koʻp kuzatganman. Xususan, Olimpiya oʻyinlarida Ispaniya terma jamoasiga qarshi uchrashuvdagi ishtiroki juda yaxshi taassurot qoldirgan. Unda yuqori saviya koʻzga tashlangandi. Shuningdek, uning Fransiyaning “Lans” klubidagi oʻyinlari ham katta e'tiborga loyiq.
Xosep Gvardiola kabi tajribali mutaxassis shunday iqtidorli futbolchilarni topa bilishiga shubha yoʻq. Husanov nafaqat gavda tuzilishi, balki mahorat jihatidan ham yuqori saviyadagi himoyachi hisoblanadi. Agar ishtiyoq va kuchini yoʻqotmasa, uning kelajagi porloq boʻladi, – dedi mutaxassis.
Abduqodir Husanov haqida ma'lumot
Abduqodir Husanov futbolchilik faoliyatini “Bunyodkor” klubida boshlagan. Keyinchalik Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida 37 ta oʻyinda maydonga tushib, 4 ta gol va golli uzatmalar muallifiga aylangan.
2023 yil yozida Fransiyaning oʻsha paytdagi vitse-chempioni “Lans” klubiga koʻchib oʻtgan va 31 ta uchrashuvda ishtirok etgan.
2024 yil 20 yanvar kuni esa “Manchester Siti” Husanov bilan 4,5 yillik shartnoma imzoladi. “Shaharliklar” uning transferi uchun “Lans”ga bonuslar qoʻshilgan holda 50 million yevro toʻlashga kelishib oldi. Shu tariqa, Husanov Oʻzbekiston va “Lans” klubi tarixidagi eng qimmatbaho transfer sohibi boʻldi.
Yangi jamoasida u 45-raqam ostida harakat qilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar