09:11 / 07.02.2025
95

Abduqodir Husanov: Belarusdan “Manchester Siti”gacha boʻlgan yoʻl

Abduqodir Husanov: Belarusdan “Manchester Siti”gacha boʻlgan yoʻl
Belarus futboli vakillari Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga oʻtishini faxr bilan tilga olib, uning professional faoliyatini aynan Belarus oliy ligasida boshlaganini e'tirof etmoqda.

Belarus orqali Evropaga yoʻl

Oʻzbek futbolchisi 2022 yili “Energetik-BGU” bilan birinchi professional shartnomasini imzolagan va bir yil oʻtib, Fransiyaning oʻsha paytdagi vitse-chempioni “Lans” jamoasiga koʻchib oʻtgan edi. Bu transfer Belarus futboli tarixida mahalliy jamoaning Evropaning “top-5” ligasiga amalga oshirgan ilk yirik sotuvi sifatida qayd etildi.

Belaruslik futbolchi oʻzbek futboli haqida

Hozirda Belarusning “Vitebsk” klubi sharafini himoya qilayotgan Yaroslav Makushinskiy oʻz vaqtida Oʻzbekiston chempionatida “Buxoro” jamoasi safida harakat qilgan va “Energetik-BGU”da Abduqodir Husanov bilan birga oʻynagan. U intervyusida shunday deydi:

➤ “Oʻzbekiston chempionatining birinchi ligasi ham kuchli musobaqa hisoblanadi. Tashkilotchilik yuksak darajada, muxlislar soni ham koʻp. Ular oʻz jamoasini faol qoʻllab-quvvatlaydi.”

➤ “Men toʻp surgan ‘Buxoro’ klubi Belarus oliy ligasida beshinchi oʻrin uchun kurashishi mumkin edi. Chunki u erda raqobat juda kuchli va jamoalar darajasi bir-biriga juda yaqin.”

Abduqodir Husanov haqida fikrlar

Makushinskiy Husanovning mehnatkashligi va intizomi haqida ham toʻxtalib oʻtdi:

“Abduqodir ‘Energetik-BGU’ga kelgan dastlabki paytlarda asosiy tarkibga kira olmasdi, lekin juda qattiq mehnat qilardi. Mashgʻulotlarda yuz foiz kuchini sarflardi. U nafaqat iqtidorli futbolchi, balki kamtarin inson ham edi.”

Evropa grandlari Husanov uchun kurashdi

Abduqodir Husanov futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida oʻrgangan. Biroq u oʻsmirligidaoq Belarusga yoʻl olgan va 18 yoshida “Energetik-BGU” bilan professional shartnoma tuzgan.

Faoliyatidagi tez rivojlanish natijasida u “Lans” orqali Evropa klublarining e'tiboriga tushdi. Uning transferi uchun “Manchester Siti” va “Real Madrid” oʻrtasida jiddiy raqobat yuz berdi. Oxir-oqibat Angliya chempionlari gʻolib chiqib, uning uchun 50 million yevro toʻlashga kelishib oldi.

Abduqodir Husanov bugungi kunda Fransiya va Angliya chempionatlarining oliy divizionida oʻynagan birinchi va hozircha yagona oʻzbekistonlik futbolchi hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport