
Angliya kubogining 1/16 finalida “Manchester Siti”ning “Leyton Oriyent” jamoasiga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvi Abduqodir Husanovning xotirasida bir umrga saqlanadigan boʻldi.
Jamoasi yutqazayotgan pallada oʻyinga qoʻshilgan 20 yoshli legionerimiz himoyani mustahkamlash barobarida hisobni tenglashtirdi ham. Aynan Husanovning goli oʻyinning burilish nuqtasi boʻlib xizmat qildi. Keyinchalik Kevin de Bryuyne toʻp kiritib, “shaharliklar”ni keyingi bosqichga olib chiqdi.
Muhimi, Abduqodir Husanov Angliya maydonlarida professional darajada gol urgan birinchi oʻzbek futbolchisi sifatida nomini tarixga yozdirib qoʻydi.
Hamyurtimizning birinchi professional jamoasi – “Energetik-BGU”da unga bosh murabbiylik qilgan Aleksey Merkulov shogirdining goliga munosabat bildirdi.
- Futbolda omad ham kerak degan fikrni hali hech kim rad etgani yoʻq. “Manchester Siti”ning birinchi goli urilgan vaziyatda Husanovning rolini unutmaslik, shuningdek, uni oshirib yubormaslik ham kerak.
Shuni aytishim kerakki, toʻp yoʻlida Abduqodir paydo boʻlmaganida uni darvozabon qaytarib yuborgan boʻlardi. Rikoshet tufayli gol boʻldi.
Eng muhimi, bu gol Husanovning asosiy tarkibga muntazam jalb qilinishida uning imkoniyatlari oshishiga xizmat qilsin, - dedi Aleksey Merkulov.
Ta'kidlash joizki, “Leyton Oriyent” darvozasiga birinchi gol kiritilgan vaziyatda “Manchester Siti” himoyachisi Riko Lyuis uzoq masofadan zarba yoʻlladi. Toʻp markaziy hujumchi oʻrnida paydo boʻlgan Husanovga tegib, darvoza toʻridan joy oldi.
Legionerimiz faoliyatida xuddi shunga oʻxshash vaziyat boʻlgan edi. “Lans”ning Fransiya kubogi doirasida PSJga qarshi oʻtkazgan uchrashuvida Abduqodir Husanovning zarbasi jamoadoshi Mbala Nzolaga tegib, Matvey Safonov darvozasidan joy olgandi. Oʻshanda gol Nzola hisobiga yozilgan. Bu gal teskarisi boʻldi.
Uchrashuvdan keyin Riko Lyuis gol muallifi Husanov ekanini e'tirof etdi.
- Gol Abduqodir Husanov nomiga yozilganidan xursandman. U jamoadagi ilk uchrashuvda yoʻl qoʻygan xatosidan keyin yana oʻz darajasiga koʻtarilib oldi. Bu gal Husanov haqiqatan zoʻr oʻynadi. U oʻyinni toʻliq nazorat qildi, uzoq masofadan yoʻllangan zarbalarga oʻz vaqtida reaktsiya bildirdi.
Men unga golli pas uzatdim, deb hisoblayman. Men shunchaki, jamoadoshim muvaffaqiyati uchun xursandman, - dedi Riko Lyuis.
Abduqodir Husanov qisqa fursat ichida “Manchester Siti” oʻyinchisi sifatida ikkita musobaqa – Premer-liga va Angliya kubogida debyutini nishonladi. Endi legionerimizning personal muxlislari uning Evropa Chempionlar ligasida “Real”ga qarshi 11 va 19 fevral kunlari boʻladigan ikki uchrashuvda maydonga tushishini kutmoqda...

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar