![Jahon chempioni Abduqodir Husanovga qanday baho berdi?](/uploads/posts/2025-02/56db7826fb_800x450_orig.webp)
Abduqodir Husanov Angliya kubogi toʻrtinchi bosqichida “Leyton Oriyent” jamoasi darvozasini ishgʻol qilib, “Manchester Siti”dagi birinchi, ya'ni tarixiy golini urdi.
20 yoshli markaziy himoyachimizga manchesterlik muxlislar mehri va murabbiylar ishonchini qozonish uchun 45 daqiqa kifoya qildi.
Buyuk Britaniyaning nufuzli manbalaridan biri – manchestereveningnews.co.uk portali oʻzbek futbolchisining mamlakat futbolidagi dastlabki muvaffaqiyatiga bagʻishlab maqola chop etdi.
- Abduqodir Husanov “Chelsi”ga qarshi ilk oʻyinida xato qilganiga qaramay, Xosep Gvardiola buni oʻyinchining yoshligiga yoʻyib, uni hisobdan chiqarmagan edi.
Aslida ispaniyalik murabbiy Husanov “Manchester Siti”ga kelishi bilan turli sinov va qiyinchiliklarga roʻbaroʻ boʻlishini oldindan bilgan. “Etixad”dagi hayotini endigina boshlagan, ingliz tilini yaxshi tushunmaydigan, hali etarli tajribaga ega boʻlmagan yosh oʻyinchi uchun hammasi silliq ketmasligi tabiiy, albatta.
Abduqodir “Chelsi”ga qarshi oʻtgan bahsning dastlabki daqiqalarini inobatga olmaganda, oʻsha uchrashuvdayoq oʻzini oʻnglab olgan edi. Xosep Gvardiolani ta'sirlantirgan jarayon “Manchester Siti”ning tajribali oʻyinchilaridan birortasi Husanovga tanbeh bermagani, hammasi uni qoʻllab-quvvatlashga kirishgani, Fil Foden mashgʻulotlarda oʻzbek legioneri bilan alohida e'tibor berib ishlagani boʻldi.
Evropa Chempionlar ligasida “Bryugge” va Premer-Ligada “Arsenal”ga qarshi oʻyinlarni zaxira oʻrindigʻidan kuzatgan Husanovga Angliya kubogida “Leyton Oriyent” jamoasiga qarshi oʻtkazilgan uchrashuvning ikkinchi boʻlimida oʻzini koʻrsatish uchun imkon berildi.
Husanov toʻp unga tegib, raqib darvozasi burchagidan joy olganida “Chelsi” bilan oʻyinda yoʻl qoʻygan xatolari yuki elkasidan agʻdarilganini his qildi va mushtlarini tugib, hayqirib yubordi. Nihoyat, ikki hafta davom etgan mahzunlik barham topdi va legioner faoliyatida yangi va yaxshi davr boshlandi, - deb yozdi manchestereveningnews.co.uk portali jurnalisti Joye Bray.
Ushbu manba Abduqodir Husanov haqidagi maqola davomida 1998 yili Fransiya terma jamoasi safida jahon chempioni boʻlgan, “Arsenal”ning eng zoʻr himoyachilaridan biri sifatida e'tirof etilgan Emmanuel Petining ham fikrini keltirdi.
- Abduqodir juda tezkor, baquvvat yigit, yakkakurashlarda kuchli. Husanov hujumchilarning kushandasidir. Uning asosiy sifati – kurashuvchanlik, harakatlarni yaxshi oʻqiy oladi, shuningdek katta tezlik. U maydonda hammani hayratga solishi mumkin, - dedi Husanovning Fransiyadagi oʻyinlarini ham bevosita kuzatgan Emmanuel Peti.
Darhaqiqat, Abduqodir Manchesterga koʻchib borganiga bir necha kun boʻlganiga qaramay, ikki nufuzli musobaqa – Premer-liga va Angliya kubogida debyutini nishonlab boʻldi. Endi navbat, Evropa Chempionlar ligasiga.
“Manchester Siti”ni 11 va 19 fevral kunlari Evropa Chempionlar ligasining amaldagi gʻolibi “Real”ga qarshi boʻladigan ikkita murakkab uchrashuv kutib turibdi.
Boʻlajak bu bahslarda ham Abduqodir Husanovni maydonda asosiy qahramonlardan biri sifatida kuzatishni umid qilib qolamiz... “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar