14:05 / 13.02.2025
149

Oʻzbekistonda Prezident olimpiadasi tashkil etiladi

Oʻzbekistonda Prezident olimpiadasi tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekistonda Prezident olimpiadasi tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Aytilishicha, yilda ikki marta hududlarda olimpiya sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Tuman va viloyat sovrindorlarini hokimlar ragʻbatlantirib boradi.

Viloyat bosqichi gʻoliblari har yili 10—20 dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladigan Prezident olimpiadasida ishtirok etadi. Musobaqa gʻoliblari esa uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.

Birinchi va ikkinchi oʻrinni olgan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi. Bunda 1-2 kurs oʻquvchilariga stipendiya toʻlash yoʻlga qoʻyiladi.

Los-Anjeles — 2028 Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekistonni kuchli oʻntalikka kiritish maqsad qilingan.

Sport – bu avvalo tinchlik elchisi, har bir davlat uchun milliy gʻurur manbasi”, deya ta'kidlagan prezident.

Majlisda qayd etilishicha, soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi, murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 barobar koʻpaydi, 101 ta yirik sport ob'ektlari yangidan qurildi, 67 tasi rekonstruktsiya qilindi.

Shuningdek, sportchilarni kelgusi Olimpiadaga tayyorlash uchun 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport