
SSKA klubi Rossiya Premer-ligasining ikkinchi qismida yuqori oʻrinlar uchun kurashish maqsadida tarkibini kuchaytirishga ham e'tibor qaratmoqda.
Klub matbuot xizmati jamoaga braziliyalik toʻpurar hujumchi Alerrandro kelib qoʻshilganini e'lon qildi. Yangi oʻyinchining oʻziga ishonchi baland ekani yangi jamoasi muxlislariga oʻzini qanday tanishtirganidan ham bilinib turibdi.

- Men juda aqlli hujumchiman. Toʻpni qabul qilib olish uchun ortga qaytib oʻynaydigan oddiy forvardlar qatoriga kirmayman.
Maydon boʻylab koʻp harakat qilaman. Nafaqat gol uraman, balki golli paslar ham uzatishni bilaman. Men jamoadoshlarimni raqib darvozaboni bilan birga bir vaziyatga chiqarib yuborishni yaxshi koʻraman.
Oʻzimning kuchli tomonlarimdan kelib chiqib, jamoa oʻyiniga tez moslashib ketaman, - dedi Alerrandro.
SSKA yangi hujumchi bilan kelishuvni 2028 yilning yarmigacha tuzdi. Tomonlar oʻzaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Alerrandro SSKAda 7-raqamni tanladi. 25 yoshli futbolchi “Atletiko Mineyro” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va faoliyati davomida “RB Bragantino” hamda “Vitoriya” jamoalarida ham toʻp tepgan.
Alerrandro “Vitoriya” safida samarali oʻynab, Braziliya chempionatida oʻtgan mavsum 15 ta gol bilan eng yaxshi toʻpurar boʻlgan edi.
Ta'kidlash joizki, SSKA klubi hujum chizigʻi etakchisi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. Hamyurtimiz 2023 yilning yozida “armiyachilar” safiga koʻchib oʻtganidan beri jamoa hujumlarini tashkil etishda jonbozlik koʻrsatib kelmoqda.
Endi 21 yoshli legionerimiz Premer-liga oʻyinlari boshlangunicha oldingi chiziqda Alerrandro bilan birga oʻynash koʻnikmalarini shakllantirishiga toʻgʻri keladi.
Transfermarkt portalining ma'lum qilishicha, “armiyachilar” katta maqsadlar bilan Evropa futboliga kirib kelgan oʻyinchi uchun “Red Bull Bragantino” klubiga 4,2 million yevro miqdorida badal puli toʻlagani qayd etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar