11:57 / 22.02.2025
760

Bahodir Qurbonov: "Birinchi qadamni futbolni raqamlashtirishdan boshlaymiz"

Bahodir Qurbonov: "Birinchi qadamni futbolni raqamlashtirishdan boshlaymiz"

Biroz oldin OʻFAning navbatdan tashqari saylov kongressida tashkilotga yangi prezident saylandi. Unga koʻra, Davlat Xavfsizlik Xizmati rahbari Bahodir Nizomovich Qurbonov OʻFA prezidenti sifatida ishga kirishdi.

"Delegatlarga mening nomzodimni OʻFA prezidentligiga loyiq koʻrganingiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Barchaga ma'lumki, futbol Oʻzbekistonda ommaviy va eng sevimli sport turi hisoblanadi. Muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan yurtimizda futbolni rivojlantirish, yangi darajaga olib chiqishga qaratilgan koʻplab muhim hujjatlar imzolandi. Bu esa oʻz navbatida soʻnggi yillarda futbolimizda katta oʻsishga turtki berdi. FIFA va OFK bilan hamkorlikda futbolimiz infratuzilmasini yaxshilash, futbol bilan shugʻullanish uchun qulayliklar yaratish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalarimiz xalqaro maydonda yorqin gʻalabalar qayd etishmoqda.

Oʻtgan yili futbolimiz tarixida birinchi marotaba U-23 terma jamoamiz yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etdi, U-20 terma jamoamiz Osiyoda tengsiz deb topildi. Oʻsmirlar terma jamoamiz Jahon chempionatida kuchli sakkizlikdan joy oldi. Bugungi kunda Oʻzbekiston eng nufuzli futbol turnirlari mezboni sifatida e'tirof etilmoqda. FIFA Prezidenti Janni Infantino 2024 yil Oʻzbekiston mezbonlik qilgan Jahon chempionatini tarixdagi eng zoʻri sifatida baholadi. Oʻz navbatida mening yangi lavozimdagi vazifam mana shu rivojlanishni davom ettirgan holda yanada katta natijalarga erishish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishdan iborat.

Umid qilamanki, futbol sohasida faoliyat yuritayotgan har bir inson davlatimiz rahbarining berayotgan ishonchini oqlash, muxlislar kutayotgan natijalarni qayd etish uchun oʻz vazifalariga mas'uliyat bilan yondoshishadi. Hurmatli kongress ishtirokchilari men prezident sifatida bugundan aytamanki, har birlaringizning bilim, ilmlaringizga, yordamlaringizga muhtojman. Oʻylaymanki, biz birgalikda bu mas'uliyatli vazifani amalga oshiramiz. Oldimizda katta maqsadlar turibdi. Milliy terma jamoamiz yaqin vaqt ichida Jahon chempionati saralash bosqichining hal qiluvchi bahslarida ishtirok etadi. Mundialda qatnashish xalqimizning azaliy orzusi hisoblanadi.

Muxlislarning ishonchini qozonish, stadionlarni ishqibozlar bilan toʻldirish, futbolda halollik, shaffoflikni ta'minlash borasida katta vazifalar turibdi. Oʻylaymanki, futbol mutaxassislari, OAV birgalikda va hamjihatlikda ishlab maqsadimizga etamiz. Birinchi qadamlarimiz futbolni raqamlashtirishdan boshlaymiz. Raqamlashtirish shaffoflik, yosh futbolchilarni tarbiyalash, ilmiy nuqtai nazaridan kuzatish imkonini beradi. Yana bir bor kongress ishtirokchilariga rahmat aytaman va ishonchlaringni oqlash uchun barcha imkoniyatimni ishga solaman", - deydi Bahodir Qurbonov.

Manba: Championat.asia

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport