07:50 / 23.02.2025
3 254

Dmitriy Bivol Artur Beterbiyevni magʻlub etdi. U endi mutlaq jahon chempioni!

Dmitriy Bivol Artur Beterbiyevni magʻlub etdi. U endi mutlaq jahon chempioni!
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida katta professional boks kechasi boʻlib oʻtdi. Kechaning markaziy jangi yarim ogʻir vazndagi mutlaq jahon chempioni Artur Beterbiyev va ushbu vazn toifasining sobiq jahon chempioni Dmitriy Bivol oʻrtasidagi revansh boʻldi. Hakamlarning boʻlingan qaroriga koʻra ushbu jangda Bivol gʻalaba qozondi.

Dastlabki raundlarda bokschilar bir-birini oʻrgandi. Jangning oʻrtalariga kelib Beterbiyev tashabbusni oʻz qoʻliga oldi va Bivolning boshiga hamda tanasiga bir necha marta kuchli zarbalar yoʻlladi.

Ettinchi raunddan boshlab har ikkala bokschi ustunlikni qoʻlga olishga harakat qildi. Bivol koʻp zarbali kombinatsiyalar bilan hujum qildi, ammo Beterbiyev ham oʻz navbatida aniq va kuchli zarbalar bilan javob qaytarib, muvozanatni tikladi.

Soʻnggi – “chempionlik” raundlari ham juda keskin kurashda oʻtdi. Jang 12 raund davom etdi va hakamlar bokschilarni quyidagicha baholadi: 114-114, 116-112, 115-113 – Bivol foydasiga.

Shunday qilib, Dmitriy Bivol yarim ogʻir vazn toifasida mutlaq jahon chempioni boʻldi.

Ma'lumot uchun, Bivol va Beterbiyev oʻrtasidagi birinchi jang 2024 yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgandi va Beterbiyev hakamlar qaroriga koʻra gʻalaba qozonib, yarim ogʻir vazn toifasi (WBC, WBA) tarixida oltita chempionlik unvonini birlashtirgan ilk sportchiga aylangandi.

Ushbu musobaqa doirasida Isroil Madrimov ham jang qildi va hakamlar qaroriga koʻra Verjil Ortisga magʻlub boʻldi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport