08:33 / 24.02.2025
871

Husanovning Muhammad Saloh bilan “tanishib” olgan oʻyini qanday baholandi?

Husanovning Muhammad Saloh bilan “tanishib” olgan oʻyini qanday baholandi?
Angliya Premer-ligasining 26-turi musobaqada sovrinli oʻrinlar va Evropa Chempionlar ligasi yoʻllanmasi uchun kurashayotgan jamoalar orasida faqat “Liverpul” omadli keldi.

Arne Slot shogirdlari “Manchester Siti” maydonidan 2:0 hisobidagi gʻalaba bilan qaytdi. Agar Abduqodir Husanovning ishonchli oʻyini boʻlmaganida gollar soni yanada oshardi.

Bu turdagi gʻalaba liverpulliklarning eng yaqin ta'qibchi – “Arsenal” bilan ochkolar farqini yana uchtaga oshirdi. Chunki “kanonirlar” bu gal oʻz maydonida ancha zaiflashib qolgan “Vest Xem”dan qaqshatqich zarbaga uchradi – 0:1.

Uchinchi oʻringa joylashib olgan “Nottingem Forest” gollar shousi namoyish etilgan bellashuvda “Nyukasl” maydonidan 3:4 hisobidagi magʻlubiyat bilan qaytdi.

“Manchester Siti” va “Liverpul” uchrashuvidan keyin nufuzli manba – cityxtra.co.uk portali ekspertlari mezbon futbolchilarning harakatlarini quyidagicha baholadi.

Ederson – 5:
Ikkala golda ham chap qanot boʻsh oʻynadi. Edersonning oʻzi bitta xavfli zarbani bartaraf etdi. Gollarni inobatga olmaganda, ishonchli oʻynadi.

Riko Lyuis – 4,5:
Oʻz darajasida oʻynay olmadi. Birinchi golda uning aybi bor. Toʻp uzatishda juda koʻp xato qildi.

Abduqodir Husanov – 6:
Uchrashuvning birinchi qismida Muhammad Salohning ikki bor va Luis Diasning bir bor toʻp kiritishiga toʻsqinlik qildi. Biroq Abduqodir atrofidan joy olgan himoya tizimi shu kuni ish bermadi. Oʻyinning ikkinchi yarmida Soboslaining darvozaga bergan zarbasini bloklab, hisobning yiriklashishiga yoʻl qoʻymadi. Husanov bugungi kunda “Manchester Siti”ning eng zoʻr himoyachisi boʻlib turibdi.

Natan Ake – 5:
Muhammad Saloh bilan toʻqnashuvda bir necha bor imkoniyatni boy berdi. Liverpulliklar uning hududidan oʻtib ketdi.

Yoshko Gvardiol – 5:
Muhammad Saloh bilan raqobatda oʻzini noqulay sezayotgani bilinib qoldi. Toʻp yoʻqotgan holatlar boʻldi. Raqib jarima maydonchasi atrofida yaxshi toʻp uzatishlarni amalga oshirdi.

Niko – 6:
Jamoasi himoyalangan vaziyatda oʻyinni nazorat qilishga urindi. Hujum uyushtirishdan koʻra, himoyaga e'tibor qaratishiga toʻhri keldi.

Kevin de Bryuyne – 4:
Yaxshi oʻynay olmadi. Uning yulduzli onlari ortda qolgan koʻrinadi. Mahoratini koʻrsatadigan va asosiy tarkibga loyiq ekanini namoyish qiladigan pallada ishonchli oʻynay olmadi. Kreativlik etishmadi.

Savino – 6,5:
Hujumkor futbolchilar orasida eng yorqin oʻynagan futbolchi Savino boʻldi. Ancha ter toʻkib, juda koʻp yugurishiga toʻgʻri keldi.

Fil Foden – 4:
Ilgari Foden ham xuddi Kevin de Bryuyne singari bunaqa uchrashuvlar taqdirini hal qilardi. Bu gal uning oʻyini besamar toʻp uzatishlar va uzoq masofaga yugurishga urinishlar bilan chegaralandi.

Omar Marmush – 5:
Oldingi chiziqda nimalardir qilishga urindi, lekin darvozaga yoʻl topa olmadi. Unga toʻp etkazib, hujum chizigʻiga chiqaradigan oʻyinchi topilmadi.

Jeremi Doku – 5,5:
Driblinglari sonining koʻpligi, hech qanday samara bermadi. Raqibni aldab oʻtgani bilan hujumni yakunlash imkoni topilmadi.

“Manchester Siti” magʻlubiyatga qaramay, musobaqa jadvalida Evropa Chempionlar ligasiga yoʻllanma beruvchi toʻrtinchi oʻrinda qoldi. Bu pogʻonaga “Nyukasl”, “Bornmut” va “Chelsi” futbolchilari ham da'vogarlik qilmoqda.

Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya Premer-ligasidagi navbatdagi uchrashuvni 26 fevral kuni safarda “Tottenxem”ga qarshi oʻtkazadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport