14:15 / 25.02.2025
675

Oʻyini ochilib ketgan Shomurodov haqida Raneri nimalar dedi?

Oʻyini ochilib ketgan Shomurodov haqida Raneri nimalar dedi?
Roma”ga tajribali mutaxassis Klaudio Raneri bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin Eldor Shomurodovning faoliyatida ham ijobiy oʻzgarishlar kuzatila boshladi.

Aynan 73 yoshli mutaxassis qishki transferlar vaqtida oʻzbek futbolchisining boshqa klubga oʻtishiga yoʻl qoʻymadi. Shundan soʻng 29 yoshli hujumchi “Roma” oʻyinida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Ekspertlar garchi Shomurodov kam gol urayotgan boʻlsa-da, hujum tashkil etishda jamoa oʻyiniga sezilarli ta'sir oʻtkazayotgani, argentinalik hujumkor futbolchi – Paulo Dibala va Matias Sule bilan hamkorlikda samarali harakat qilayotganini alohida ta'kidlashmoqda.

A Seriyaning 26-turida chempionat autsayderi “Montsa”ga qarshi oʻtkazilgan bellashuvda Eldor Shomurodov asosiy qahramonga aylandi. Hamyurtimiz dastlab Aleksis Salemakersning goliga assistentlik qilgan boʻlsa, birinchi boʻlim oʻrtalarida oʻzi ham chiroyli gol urib, amalda oʻyin taqdirini “boʻrilar” foydasiga hal qildi.

Bellashuv oxirigacha yana ikkita toʻp kiritgan rimliklar hisobni 4:0 koʻrinishiga keltirdi. Ushbu uchrashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Klaudio Raneri oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Futbolchilar yaxshi shugʻullanyapti, jamoada ichki muhit a'lo darajada. Men futbolchilarimga ishonch bildirishda davom etaman. Biz muxlislarga jamoadan faxrlanish tuygʻusini qaytara oldik. Endi ular yigitlarning imkoniyatlariga ishonch bilan qarayapti, jamoani qoʻllashmoqda va bu juda muhim ahamiyatga ega.

Shogirdlarim mashgʻulotlarda mashaqqat bilan oʻrganayotgan koʻnikmalarini uchrashuvlarda amalda qoʻllab kelmoqda. “Montsa” ligada qolish uchun kurashayotgani uchun ham bu bellashuv biz uchun oʻta xavfli va tuzoq boʻlish ehtimoli katta edi. Men jamoadan bu masalaga jiddiy e'tibor qaratish va tezkor echim topishni talab qildim.

Yigitlar vaziyat jiddiy ekanini tushunib etdi. Mavsumni oxirigacha har bir uchrashuv oʻta muhim va qiyin boʻlib qolaveradi.

Men jamoa bilan doimiy aloqani ushlab turishga harakat qilaman. Shogirdlarim ham ular uchun hamma narsaga tayyor ekanimni yaxshi biladi. Muxlislar stadionga kelib, oxirigacha kurashayotgan jamoani koʻrishi kerak. Natija koʻp omillarga bogʻliq boʻladi, eng samarali usul esa alohida oʻyinchilarning jamoa manfaatlari yoʻlida oʻz irodasini namoyish qilishidir.

Eldor Shomurodov asosiy hujumchiga aylanib bormoqda. Chin dildan shuni aytamanki, muhim uchrashuvga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻz foydamizga hal qilish uchun birorta salbiy oʻy-xayol boʻlmasligi kerak. Men bu yigitlarga oʻynash imkonini beryapman.

“Napoli”ga qarshi uchrashuvda ham men kam maydonga tushayotgan oʻyinchilardan foydalanishga qaror qildim. Siz bu yigitlarni, xususan Shomurodovning mashgʻulotlarda qanday ter toʻkayotganini koʻrganingizda edi... Ular maydonga chiqishga oshiqmoqda. Bu men uchun muhim. Bunday vaziyatda tarkib tanlash qiyin, lekin bu futbolchilar oʻzini 100 foizga ishga bagʻishlayapti. Har bir oʻyin futbolchining jamoa uchun oʻynash ishtiyoqiga bogʻliq boʻladi, - dedi Klaudio Raneri.

Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 24 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini toʻrt marotaba ishgʻol qildi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.

“Roma” A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 2 mart kuni “Komo” jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport