19:18 / 27.02.2025
1 060

Avvalgi “Siti” endi yo‘q! Gvardiola yangi jamoa kelajagini Husanov bilan bog‘ladi...

Avvalgi “Siti” endi yo‘q! Gvardiola yangi jamoa kelajagini Husanov bilan bog‘ladi...
Xosep Gvardiola 2016 yili “Manchester Siti”ni qabul qilib olganidan keyin ushbu klub o‘zining bir asrdan oshiq tarixidagi eng samarali davrni boshdan o‘tkaza boshladi.

Bungacha “Barselona” va “Bavariya”da yuqori natijalarni qayd etgan ispaniyalik murabbiy “shaharliklar”ni ham katta g‘alabalarga yetakladi.

Gvardiola jamoani qabul qilib olganidan bir yil o‘tib, “Manchester Siti”ni chempionlikka yetakladi. Orada bir marta “Liverpul” Angliya Premer-ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritganini inobatga olmaganda, shundan beri chempionlik unvonini Xosep Gvardiola shogirdlari hech kimga bermay kelmoqda.

Bu jarayonda “Manchester Siti” ketma-ket to‘rt marotaba Angliya chempioni bo‘lgan yagona jamoaga aylandi. Xosep Gvardiola hali ko‘zi ochiqligida biror bir jamoa bu natijani takrorlay olmasligini ta’kidladi.

2024-2025 yilgi mavsumda Gvardiola boshiga kutilmagan sinovlar yog‘ildi. Ishongan tarkib chempionatning birinchi yarmida hech narsa qila olmay qoldi. Klub rahbariyati ham, Gvardiolaning o‘zi ham yozda yangi transferlarga e’tibor qaratmaganidan afsusda edi...

Nihoyat, 2025 yilning dastlabki oyida klub o‘z xatosini to‘g‘rilashga kirishdi. Bir necha kun ichida to‘rtta katta transfer amalga oshirildi. “Lans”dan Abduqodir Husanov, “Palmeyras”dan Vitor Reys, “Ayntraxt”dan Umar Marmush va “Portu”dan Niko Gonsales olib kelindi.

Shu bilan “Siti”da yangi o‘zgarishlar va islohotlar davri boshlandi. Bu transferlarning uchtasi hozirdan o‘zini oqlab, Abduqodir, Umar va Niko jamoaning asosiy ustunlariga aylanib bormoqda.

Klub rahbariyati tarkibni yashartirish, g‘oliblik ishtiyoqini yo‘qotgan va yoshi o‘tib borayotgan tajribali yulduzlar o‘rniga kurashuvchan, tezkor va baquvvat yangi ijrochilarni olib kelish siyosatini davom ettiradigan bo‘ldi.

Ana shu maqsadda, hozirgi tarkibni asosiy figuralaridan sakkiz nafariga boshqa jamoa topish haqida ko‘rsatma ham berildi. Klub mutasaddilari ularning o‘rnini bosa oladigan boshqa ijrochilar ro‘yxatini shakllantirib, ularning transferlari bo‘yicha ish boshlab yuborgan.

Xosep Gvardiola ham “Tottenxem” bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin bu masalaga alohida to‘xtaldi.

- Bu mavsum yakunida Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritsak, olamshumul muvaffaqiyat bo‘ladi. Endi avvalgi “Manchester Siti”ni ko‘rmaysiz. U jamoa juda zo‘r bo‘lgan. Endi boshqa tarkib bilan qaytamiz.

Yosh jamoa tuziladi, hujum uchligi – uning kelajagi. Hali Rodri qaytadi, lekin Niko Gonsales va Abduqodir Husanov yangi jamoaning kelajagi. Bugun “Tottenxem”ga qarshi o‘zbek futbolchisi qanday o‘ynaganini o‘zingiz ko‘rdingiz. Yoshko Gvardiol ham hali yosh hisoblanadi.

Bernardu Silva, Ilkay Gyundog‘an, Kevin de Bryuyne va boshqa tajribali o‘yinchilar ham biz uchun muhim. Biroq hozirgi yoshlar va yozda jamoaga olib kelinadigan yangi ijrochilar yaqin kelajakda “Manchester Siti”ni olg‘a boshlashi kerak. Buyog‘i vaqt izmida bo‘ladi, - dedi Xosep Gvardiola.

Bundan tashqari, 54 yoshli mutaxassis jamoaning yangi a’zosi Abduqodir Husanovning salohiyatini juda yuqori baholadi.

- Husanov nihoyatda tezkor himoyachi va pas berishga ham usta. Men juda ko‘p o‘ta tezkor futbolchilarni ko‘rganman, Abduqodir ulardan biri. Hamma uni yoqtirib qoldi. Kamtarin yigit. Muxlislarimizga ham yoqishiga aminman. Oxirgi uchrashuvlarda haqiqatan zo‘r o‘ynayapti, - dedi ispaniyalik mutaxassis.

“Manchester Siti”ga 20 yanvar kuni kelib qo‘shilgan Abduqodir Husanov uchta nufuzli musobaqa – Premer-liga, Angliya kubogi va Yevropa Chempionlar ligasida “shaharliklar” safida debyutini nishonlab bo‘ldi. Hozirgacha jami beshta o‘yinda qatnashdi. Shulardan to‘rttasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. Angliya kubogida zaxiradan o‘yinga qo‘shildi va aynan ana shu bahsda birinchi golini urdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport