
Angliya Premer-ligasi doirasida “Tottenxem” va “Manchester Siti” o‘rtasidagi uchrashuvning qahramonlaridan biri Abduqodir Husanov bo‘ldi.
Legionerimiz uchrashuv davomida raqib hujumchilariga gol urish imkonini bermadi va “shaharliklar”ning 1:0 hisobidagi g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
Ko‘pchilikning e’tiborini o‘yindan keyin “Tottenxem” futbolchilari, xususan, jamoa sardori Son Xyon Min kelib, Abduqodirni tabriklagan va unga yaxshi fikrlar bildirgan vaziyat tortdi.
Nufuzli manbalardan biri – manchestercity.news sayti eksperti Shrinivas Sadxanand koreyalik futbolchi nega bunday qilganiga oydinlik kiritdi.
- Pep Gvardiola Husanovning “Tottenxem”ga qarshi o‘yinini yuqori baholadi. Chunki o‘zbek futbolchisi butun uchrashuv davomida yuqori darajada o‘ynadi, “Siti”ning mudofaa chizig‘idagi tayanchi bo‘ldi, raqib hujumlarini kesib qo‘ydi, mezbonlarning darvozaga xavf solishiga yo‘l qo‘ymadi.
Ayniqsa, Husanovning keng maydon bo‘ylab, katta tezlikda yugurib, bor kuchini sarflagani hammada yaxshi taassurot qoldirdi. Agar o‘zbek himoyachisi bo‘lmaganida, “Tottenxem” bitta yoki ikkita gol urishi aniq edi. Chunki ular “Manchester Siti”ga qarshi hujumlar orqali katta xavf soldi.
Husanov to‘pni mahorat bilan nazorat qilishdan tashqari, uzoq masofadan turib, Jeremi Doku va Savinoga aniq to‘p uzatish orqali ularni hujumga tashladi. Bir so‘z bilan aytganda, Husanov kechagi kunda “Siti” libosida o‘ynayotgan eng yorqin futbolchiga aylanib bo‘ldi.
“Manchester Siti” yanvarda olingan o‘yinchilarning darrov ishga kirishib ketganidan xursand bo‘lishi mumkin. Vitor Reys, Niko Gonsales va Umar Marmush orasida Abduqodir Husanov eng yaxshi tanlov bo‘lgani oydinlashib bormoqda.
Bellashuvdan keyin “Tottenxem” sardori Son Xyon Min Husanovga kelib, bosh barmog‘ini yuqori ko‘tarib, uni zo‘r o‘yin bilan tabrikladi. Son Angliya Premer-ligasida eng kuchli hujumchilardan biri sanaladi. U “Siti”ning yangi himoyachisidan o‘tish uchun ancha kuch sarflagan bo‘lsa-da, buni uddalay olmadi va oxiri Husanovning mahoratiga tan berganini ko‘rsatdi.
Statistik ko‘rsatkichlar ham hujumchi va himoyachi raqobatida Abduqodir Sondan ustun kelganidan dalolat bermoqda. Odatda, koreyalik yulduz muntazam “Manchester Siti” darvozasiga xavf solib kelgan. Bu bahsda ham hisobni tenglashtirishga yaqin keldi.
Ligada Son Xyon Minning gol urish va assist qilish qobiliyati doim yuqori baholanib keladi. Lekin bu gal Husanov o‘zaro to‘qnashuvlarda biror marotaba unga imkoniyatni boy bermadi. Shundan so‘ng, Son Xyon Min “Manchester Siti”ning yosh himoyachisi salohiyatini e’tirof etgan holda unga o‘z tilaklarini bildirishga qaror qildi va uning bu ishi “Manchester Siti” muxlislariga ma’qul kelganiga shubha yo‘q, - deb yozmoqda Shrinivas Sadxanand.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 20 yanvar kuni “Lans”dan “Manchester Siti” jaomasiga ko‘chib o‘tdi. Shundan beri legionerimiz Premer-Liga, Angliya kubogi va Yevropa Chempionlar ligasi doirasida beshta uchrashuvda maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari bitta gol ham urdi.
Husanov Angliya maydonlarida ham yuqori saviyali o‘yin namoyish qilmoqda va bugungi kunda haqiqatan Premer-liganing eng yorqin kashfiyotiga aylanib boryapti. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar