08:16 / 03.03.2025
27 869

Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovga og‘ir vazifa yukladi

Xosep Gvardiola Abduqodir Husanovga og‘ir vazifa yukladi
Manchester Siti” joriy mavsumning qolgan qismida ikki maqsad uchun kurashmoqda. Asosiysi, jamoa Angliya Premer-ligasida kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qolib, kelasi mavsum uchun Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olishi kerak.

Bundan tashqari, “shaharliklar” hech bo‘lmaganda Angliya kubogini qo‘lga kiritish orqali o‘zlari uchun muvaffaqiyatsiz o‘tgan mavsumdan biror yorqin xotira qoldirishga urinishi lozim.

Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya kubogining beshinchi bosqichida quyi liga vakili “Plimut” bilan kuch sinashdi. Bu bosqichga “Brentford” va “Liverpul” kabi Premer-liga jamoalarini musobaqadan chiqarib yuborgan “Plimut” manchesterliklarga qarshi uchrashuvni ham jadal boshlab birinchi bo‘lib hisobni ochdi.

Mezbonlar keyinchalik uchta to‘p kiritib, uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi va navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi.

Bu bellashuvdan keyin Xosep Gvardiola ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun asosiy mas’uliyat yangi o‘yinchilar, xususan, Abduqodir Husanov zimmasiga tushishini alohida ta’kidladi.

Gap shundaki, bu bahsda markaziy himoyachilardan Natan Ake jarohat olib, ikkinchi bo‘lim uchun maydonga chiqa olmadi. Tajribali futbolchi avval lazaretga tushgan markaziy himoyachilar Manuel Akanji va Jon Stounz qatoriga qo‘shildi. Endi ular birinchi navbatda jarohatidan qutilib, keyin sport formasini tiklab olishi uchun vaqt talab etiladi.

- Endi biz yana tajribali markaziy himoyachilarsiz qoldik. Buyog‘iga muayyan muddat Natan Ake xizmatidan ham foydalana olmaymiz.

Men jamoaga Abduqodir Husanov va bugun yaxshi o‘ynagan Vitor Reysni olib kelishgani uchun klub mutasaddilariga rahmat aytishim kerak. Husanovning xizmatisiz Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish yoki Angliya kubogida yurishni davom ettirish imkoniyatidan ayrilardik.

Hozir markaziy himoyada Abduqodir Husanov, Vitor Reys va tajribali o‘yinchilardan faqat Ruben Diash qoldi, xolos.

Yangi o‘yinchilarning hozir safimizda ekani mo‘jizaning o‘zginasi. Chunki hozirgi muammolarimiz butun mavsum davomida bizni qiynab kelmoqda.

Biroq umuman olganda, jamoa kayfiyati yaxshi. Oxirgi oyda o‘yinimiz ijobiy tomonga o‘zgargani yaqqol sezilmoqda. “Liverpul”ga va “Chelsi”ga qarshi juda yaxshi o‘ynadik. Madriddagi o‘yinni shunchaki unutamiz. Aslida biz o‘zimiz bo‘lishimiz kerak bo‘lgan pozitsiyalardan ancha uzoqlashib ketgandik.

Bosqichma bosqich yaxshi o‘zgarishlar ro‘y bermoqda va hammasi bir biriga bog‘liq. Biz bu yil kelasi mavsumda Chempionlar ligasidan joy olish uchun kurashamiz, - dedi Xosep Gvardiola.

Ta’kidlash joizki, “Manchester Siti”ning yanvarda 200 million yevrodan ortiq pul sarflab, amalgan oshirgan to‘rtta transferi o‘zini oqlamoqda. Bugungi kunga qadar Abduqodir Husanov, Umar Marmush va Niko Gonsales asosiy tarkib o‘yinchilariga aylanib bo‘ldi. 18 yoshli braziliyalik markaziy himoyachi Vitor Reys ham Angliya kubogi doirasida ikkita uchrashuvda maydonga tushib, asosiy tarkibda o‘ynashga qodir ekanini ko‘rsata oldi.

“Manchester Siti” navbatdagi uchrashuvini Angliya Premer-ligasi doirasida 8 mart kuni uchinchi o‘rinda borayotgan “Nottingem Forest”ga qarshi uchrashadi. 28-turning ushbu markaziy uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport