
La Liga peshqadami «Barselona» Ispaniya chempionatining 27-turida «Osasuna»ni qabul qilishi kerak edi, biroq o‘yin startiga taxminan yarim soat qolganida fojia tufayli qoldirildi. Bunday qarorga Kataloniya klubi kiyim almashtirish xonasiga yaqin kishilardan birining o‘limi sabab bo‘lgan.
Bu vaqtda «Barselona» futbolchilari stadionga yetib kelishgan va hatto chigalyozdi mashg‘ulotlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun maysazorga ham chiqishgandi. «Osasuna» darvozabonlari esa hatto chigalyozdi mashqlarini bajarishga ham ulgurishgandi, biroq shu pallada ulardan maydonni tark etish so‘raldi. Ko‘p o‘tmay o‘yin katta ehtimol bilan bekor qilinishi ma’lum bo‘ldi va La Cadena SER radiostansiyasi tashabbus ko‘k-anorranglilar futbolchilaridan chiqqanini xabar qildi.
Tezda buning sabablari oshkor bo‘ldi: futbolchilar jamoaning tibbiy shtabi a’zosi Karles Minyarro Garsiyaning o‘limi tufayli maydonga tushishga tayyor emasdi. Boz ustiga, bu yangilikni ularga kiyim almashtirish xonasiga tushgan prezident Joan Laporta ma’lum qilgan. O‘yin chindan ham bekor qilindi va futbolchilar stadionni tark eta boshladi. Tribunalardagi muxlislarga Minyarro Garsiyaning o‘limi tufayli uchrashuv o‘tkazilmasligi ma’lum qilindi. Tez orada rasmiy bayonotlar ham paydo bo‘ldi.
«La Liga «Barselona» asosiy jamoasi shifokori Karles Minyarro vafotidan afsusda va shu sababli o‘yin qoldirilayotganini ma’lum qiladi. La Liga oila a’zolari, do‘stlari, klub, muxlislarga samimiy hamdardligini izhor etib, ularning qayg‘usiga sherikligini bildiradi. Ko‘chirilgan o‘yin vaqti va sanasi yaqin kunlarda e’lon qilinadi», — deyiladi la liga xabarida.
Mundo Deportivo xabariga ko‘ra, shifokor atigi 40 yoshda edi: u joriy mavsumda asosiy jamoa tibbiy shtabiga qo‘shilgan, bungacha esa «Barselona» mini-futbol jamoasida ishlagan. U kataloniyaliklar tizimida 2017 yildan buyon mehnat qilib kelayotgandi. O‘lim sabablari hozircha noma’lum.
Katta ehtimol bilan bu ko‘chirish tufayli «Barselona» vaqtinchaga la ligada birinchi o‘rindan mahrum bo‘ladi. Hozirda Hansi Flik jamoasi «Atletiko»dan 1 ochko, «Real» esa 3 ochkoga oldinda bormoqda. Madrid klublari o‘z o‘yinlarini yakshanba kuni o‘tkazadi. Endi «ko‘k-anorranglilar» 11 mart kuni Chempionlar Ligasi 1/8 finalida «Benfika»ga qarshi javob uchrashuvida maydonga tushadi — birinchi o‘yinda kataloniyaliklar minimal hisobda g‘alaba qozongandi (1:0). “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar