
Italiya chempionati A Seriyasining yangi prezidenti Etsio Simonelli liga nufuzini yanada oshirish maqsadida yangi g‘oyani ilgari surmoqda.
Nufuzli manba – ESPN jurnalistlarining ma’lum qilishicha, liga rahbari yuqori divizion jamoalari ishtirokidagi chempionat o‘yinlarini mamlakat tashqarisida, ya’ni AQSH maydonlarida o‘tkazish masalasini ko‘tardi.
- Biz milliy chempionat uchrashuvlarini AQSHda tashkil qilgan birinchi liga bo‘lishni istaymiz. Bu biz katta ishonch bildirayotgan bozor bo‘ladi. Bugungi kunda A Seriyaning 20 ta jamoasidan to‘qqiztasiga amerikaliklar va bittasiga kanadaliklar egalik qilmoqda. Bizda boshqa xaridorlar ham bor, - dedi Etsio Simonelli.
Italiya A Seriyasi jahon futbolidagi eng qudratli ligalardan hisoblanadi. Xususan, UYEFA koeffitsiyentlar jadvalida A Seriya Angliya va Ispaniya chempionatlaridan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Bu musobaqa 1898 yildan buyon tashkil etib kelinadi. Dastlab, bu musobaqa mintaqaviy miqyosda guruhlarga bo‘lingan holda o‘tkazilgan. 1929 yildan musobaqa formati hozirgi ko‘rinishga o‘zgardi.
Italiyada birinchi tashkil etilgan jamoa “Jenoa” hisoblanadi. Bu jamoa A Seriyaning birinchi chempioni va uch marta ketma-ket ligada g‘olib chiqqan. Qizig‘i shundaki, “Jenoa” o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga begona emas. O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov Italiyadagi faoliyatini aynan genuyaliklar klubida boshlagan.
2020 yilning oktyabrida Rossiya Premer-ligasining “Rostov” jamoasidan “Jenoa”ga ko‘chib o‘tgan o‘zbek futbolchisi 31 ta uchrashuvda sakkizta gol urib, o‘zini italiyalik muxlisu mutaxassislarga tanitgan edi.
Bugungi kunda “Jenoa” ham amerikaliklarga tegishli. Bundan tashqari, “Inter”, “Roma”, “Milan”, “Fiorentina”, “Atalanta”, “Bolonya”, “Venetsiya”, “Parma”ga ham AQSH bisnesmenlari egalik qilib keladi.
Xususan, Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Roma” klubini amerikalik biznesmenlar – Fridkinlar oilasi moliyalashtiradi.
Ta’kidlash joizki, agar A Seriya o‘yinlarini AQSH maydonlarida o‘tkazishga qaror qilinsa, bu klub xo‘jayinlarining barchasi ushbu g‘oyani to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Aslida AQSHda A Seriya uchrashuvlarini tashkil etish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilmoqda va bu masala ijobiy yechim topishi kutilyapti.
Demak, o‘zgarish amalga oshsa, Eldor Shomurodov ham o‘z mahoratini Amerika maydonlarida ko‘rsata oladi.
Shu o‘rinda, yozgi transferlar oynasining yopilishi arafasida legionerimizda AQSH chempionatiga ko‘chib o‘tish imkoni bo‘lganini eslab o‘tish joiz. MLSning “Atlanta Yunayted” jamoasi Eldor Shomurodovni qo‘lga kiritish uchun jiddiy harakat qilgan edi. Biroq “Roma”ning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Daniele de Rossi o‘zbek futbolchisini jamoada olib qolishga qaror qilgan.
Eldor Shomurodov joriy mavsumda barcha turnirlarda 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, beshta gol va uchta assist muallifi bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar