13:06 / 14.03.2025
5 650

Abduqodir Husanovga yaxshi yangiliklar

Abduqodir Husanovga yaxshi yangiliklar
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti” tarkibida qisqa fursatda jahon darajasidagi yulduzga aylanib bormoqda.

Angliya futbolini yoritayotgan footballfancast.com portali 21 yoshli o‘zbek futbolchisining jahonning eng murakkab ligasidagi kelajagi qanday bo‘lishini tahlil qildi.

- Xosep Gvardiola mavsumning birinchi yarmida bir necha oy davom etgan inqirozdan keyin tarkibga yangi ijrochilar qo‘shish orqali chempionatning ikkinchi qismida jamoani jonlantirish davr talabi ekanini tushunib yetdi.

Ayniqsa, Manuel Akanji va Jon Stounz kabi o‘yinchilarning jarohatlarga moyilligi yangilanish va o‘zgarishlarni himoya chizig‘idan boshlashni taqozo etardi. Yanvarda olib kelingan 18 yoshli Vitor Reys kelajakda muhim o‘yinchi bo‘lib yetishishiga shubha yo‘q.

Ayni paytda esa, “Siti”ning orqa chiziqdagi muammolarini jamoaga osonlikcha kirishib ketgan Abduqodir Husanov hal etyapti.

21 yoshli Abduqodir Angliya Premer-ligasida o‘ynayotgan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylanganidan faxrlansa arziydi. Bu o‘yinchi uchun “shaharliklar” Fransiyaning “Lans” klubiga 33,5 million funt to‘ladi.

Manchesterga kelganidan beri o‘zbek legioneri bosh murabbiy Xosep Gvardiola uchun eng muhim transferlardan biri bo‘ldi. “Manchester Siti” bu o‘yinchini olgunicha, u Liga 1 jamoasi uchun jami 31 ta o‘yinda maydonga tushgan edi.

Ana shu bahslarda u o‘z sifatini ko‘rsatib qo‘ygandi. Xususan, Fransiya chempionati yuqori divizionining birinchi yarmida yosh himoyachi 90 daqiqa ichida to‘pni egallab olish bo‘yicha 2,4 ko‘rsatkich bilan reytingda birinchi, yuqoridan kelayotgan to‘plar uchun kurashda 2,49 natija bilan 17-o‘rinda qayd etilgan.

“Manchester Siti” o‘yinchisiga aylanganidan beri Abduqodir hozircha yettita o‘yinda ishtirok etib, himoya markazini mustahkam ushlab turibdi, bundan tashqari Angliya kubogi doirasida “Leyton Oriyent” darvozasini ishg‘ol qildi, - deb yozmoqda footballfancast.com portali eksperti Ross Kilvingdon.

Jurnalist Aleks Barker Abduqodir Husanovning o‘yinini tahlil qilib, 21 yoshli o‘yinchining jismoniy kuch-quvvati hammani dahshatga solayotganini, o‘zbek futbolchisi Angliyada o‘z iste’dodini har tomonlama namoyish etib bo‘lganini alohida ta’kidladi. Buni statistika ham ko‘rsatib turibdi.

Abduqodirning Premer-ligadagi beshta uchrashuvda uzatgan to‘plari aniqligi 92 foizni, “ikkinchi qavat”dagi kurashlardagi g‘alabalari ulushi 57 foizni tashkil qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Abduqodir “Arsenal” yetakchi himoyachisi Vilyam Saliba (to‘p uzatish aniqligi 94, havodagi yakkakurashlarda g‘olib chiqish ulushi 61 foiz) hamda “Liverpul” yulduzi Virjil van Deyk (to‘p uzatish aniqligi 92, havodagi yakkakurashlarda g‘olib chiqish ulushi 71 foiz) bilan tenglashib qoldi.

Ekspertlar Abduqodir Husanov Angliyadagi hayoti va faoliyatini juda to‘g‘ri boshladi, jamoa Premer-ligada bu chempionatda g‘oliblik uchun kurashmas ekan, jamoaga yanada chuqurroq moslashib olishi lozimligini aytmoqda.

Ularning ta’kidlashicha, Husanovni kelasi mavsumda buyuk ishlar kutmoqda va 21 yoshli legioner ishga hozirgidek yondashuvi tufayli tez orada jahon futbolidagi eng zo‘r himoyachilardan biriga aylanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport