
Angliya Premer-ligasining 29-turida kelasi mavsum uchun Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun kurashayotgan ikki jamoa – “Manchester Siti” va “Brayton” o‘zaro kuch sinashdi.
“Shaharliklar” bu turgacha 47 ochko bilan beshinchi pog‘onada borayotgan edi. “Brayton” esa, manchesterliklardan bir ochko kam jamg‘argan holda qit’aning eng nufuzli musobaqasini ko‘zlab o‘ynayapti.
“Etixad” arenasidagi uchrashuv mezbonlar uchun omadli boshlanib, hisob 11-daqiqadayoq ochildi. Umar Marmush ishlagan penaltini Erling Xoland aniq bajardi.
Bu gol Erling Xoland nomini Angliya Premer-ligasi tarixiga yozdi. Norvegiyalik charm to‘p ustasi musobaqa tarixida 100 ta samarali harakatni eng tez amalga oshirgan o‘yinchi sifatida rekord o‘rnatdi.
Xoland Angliya Premer-ligasida gol+pas tizimi bo‘yicha 100 ballni 94 ta uchrashuvda to‘plagan birinchi futbolchiga aylandi. 100 ta samarali harakatdan 84 tasi gol va 16 tasi assist sifatida qayd etilgan.
Joriy mavsumning o‘zida Xoland barcha turnirlarda 38 ta uchrashuvda 28 ta gol urgan va 4 ta assist qayd etgan. Premer-ligada esa 27 ta uchrashuvda 20 ta gol va 3 ta assistga ega.
O‘yin muvaffaqiyatli boshlanganiga qaramay, Xosep Gvardiola shogirdlari uch ochkoga ega chiqolmadi. Xolandning goliga Estupinyan o‘n daqiqa ichida javob qaytardi. Uning jarimadan yo‘llagan zarbasi ustunga tegib, darvoza to‘ridan joy oldi.
Birinchi bo‘limda Umar Marmush “shaharliklar”ni oldinga olib chiqdi. Ammo ikkinchi taymda Abduqodir Husanov uchun noxush vaziyat yuz berdi.
48-daqiqada Husanov avtogol urdi!
Raqib yo‘llagan zarbani qaytarishga chog‘langan o‘zbek legioneri to‘pni o‘z darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. Bu holat Xosep Gvardiola uchun antirekord qayd etilishiga sababchi bo‘ldi.
“Manchester Siti” joriy mavsumda 40-golni o‘tkazib yubordi. Gvardiola boshqaruvida jamoa hech qachon buncha ko‘p gol o‘tkazmagan edi. Ilgari eng yuqori ko‘rsatkich 2016/17 mavsumida 39 ta golni tashkil etgan.
Gvardiolaning suyukli o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Abduqodir Husanov shu tariqa ustozining nomini Angliya Premer-ligasi tarixiga yana bir ko‘rsatkich bo‘yicha yozib qo‘ydi.
Shu bilan birga, Husanov o‘yin davomida ancha faol harakat qildi. U raqib hujumlarini to‘xtatishda, paslarni kesib olishda va yakkakurashlarda o‘zini ko‘rsatdi.
Kelgusi o‘yinlar va terma jamoa chaqiruvi
“Manchester Siti” Premer-ligadagi keyingi o‘yinini 2 aprel kuni “Lester”ga qarshi o‘tkazadi. Ungacha Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Jahon chempionati saralash bosqichida Qirg‘iziston va Eronga qarshi maydonga tushadi.
Bu o‘yinlar Husanov uchun yangi imkoniyat bo‘lib, u o‘zining haqiqiy salohiyatini namoyish etishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar