
“Roma” Yevropa ligasidan chiqib ketganiga qaramay, Italiya A Seriyasida muvaffaqiyatli yurishini davom ettirmoqda. 29-turda “bo‘rilar” o‘z maydonida “Kalyari”ni qabul qilib, qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvdagi yagona golni 62-daqiqada Artyom Dovbik kiritdi. Bu payt Klaudio Raneri ukrainalik hujumchini Eldor Shomurodovga alishtirmoqchi bo‘lib turgandi. Zahiraga olinishidan “qo‘rqib” ketgan Dovbik kichik imkoniyatdan unumli foydalanib qoldi va yana o‘n daqiqa maydonda to‘p tepdi.
“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan siamolaroma.it portali ekspertlari rimlik futbolchilarning uchrashuvdagi harakatlarini quyidagicha baholadi:
SVILAR 7,5:
Birinchi bo‘lim “Roma” darvozaboni uchun xotirjam o‘tdi. Biroq o‘yinning ikkinchi yarmida “Kalyari” hujumni kuchaytirdi. Belgiyalik posbon uchta seyv bilan darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
RЕNSH 6,5:
Himoyani ancha mustahkam ushlab turdi. Ko‘p harakat qilganidan oyoq paylari tortishib ham qoldi.
MANCHINI 7:
Rimliklarning himoyasida haqiqiy yetakchi ekanini ko‘rsatdi. Raqib hujumchisi Pikkoliga o‘yin bermadi. Vaqti-vaqti bilan oldinga o‘tdi va Artyom Dovbikka golli pas uzatdi.
NDIKA 6,5:
O‘yin avvalida unchalik qiynalgani yo‘q. Lekin raqib bosimni oshirganida ancha ter to‘kishiga tg‘ri keldi. Bu himoyachini raqib hujumchisi Pikkoli ancha qiynadi.
SALЕMAKЕRS 5,5:
Har ikki qanotda o‘ynab, hujum tashkil qilishga urindi. Ba’zan himoyalanishiga to‘g‘ri keldi. Universalligi yaxshi, biroq bu kutilgan samara bermadi.
KONЕ 6:
Uchrashuvni ancha yaxshi boshladi va sardiniyaliklar hujumlarini buzishga harakat qildi. Ikkinchi bo‘limda faolligi pasaygach, zaxiraga olindi.
PARЕDЕS 7:
Juda ko‘p energiya sarfladi. To‘pni nazorat qilib bordi. Chiziqlarni bir biri bilan bog‘lab turishda faolik ko‘rsatdi. Himoyaga yordam berdi.
BALDANSI 6:
Har galgidek yorqin o‘ynashga harakat qildi. Lekin raqib himoyasini yorib o‘tishga yo‘l topa olmadi. Bir marta Dovbikni qulay pozitsiyaga chiqardi. Hujumchi vaziyatni barbod qildi.
ANJЕLINO 5,5:
Avvalgi uchrashuvlardan farqli ravishda bu gal o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Jisomnan va ruhan charchab qolgani bilindi.
DOVBIK 6,5:
Klaudio Raneri va muxlislar ishonchini oqlashga harakat qildi. Ayrim vaziyatlarda gol urish imkoniyatidan foydalana olmagan bo‘lsa-da, baribir raqib darvozasiga yo‘l topdi va jamoaga uch ochko keltirdi.
SHOMURODOV 6:
Artyom Dovbik o‘rniga maydonga tushgan Eldor Shomurodov darrov kurashga kirishib ketdi. Raqib bosimini inobatga olib, o‘zbek legioneri asosan to‘pni oldingi chiziqda ushlab turishga va himoyadagi o‘yinchilar nafasini rostlab olishi uchun imkoniyat yaratishga harakat qildi.
Sobiq jamoasi darvozasiga xavf solishga ham urindi. Bir vaziyatda tajribali Yerri Mina boshchiligidagi himoyachilarga qiyinchilik ham tug‘dirdi.
EL-SHAARAVI 6:
Maydonga tushishi bilan himoyani mustkahkam ushlashga yordam berdi. Shu bois, oldinga o‘tishga ko‘p ham uringani yo‘q.
SULЕ 6:
O‘z uslubida o‘ynadi. Biroq to‘pni ko‘p ushlab qolishi hujum samaradorligiga salbiy ta’sir qilmoqda. Biroz tezroq o‘ynashi talab etiladi.
PIZILLI 6:
Rensh va Dibala jarohatidan keyin ikkinchi bo‘limda himoya va yarim himoyani bog‘lab turishiga to‘g‘ri keldi. Maydonda bir nechta vazifani bajarishga ancha qiynaldi.
KRISTANTЕ 6:
“Kalyari” mag‘lubiyatdan qutilish uchun bosim uyushtirishini bilgan holda jamoasining jismonan ustunligini ta’minlash uchun maydonga tushirildi. Jamoaga yordami tegdi.
RANЕRI 6:
Bilbaodagi alamli mag‘lubiyatdan keyin 48 soat ichida jamoani ruhlantirish oson bo‘lgani yo‘q. Uning qo‘l ostida “Roma” qiyin bo‘lsa-da, ketma-ket oltinchi g‘alabasini nishonladi. “Roma” 2025 yilda A Seriyada eng yaxshi natija qayd etayotgan jamoa hisoblanadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar