8 603
Maksim Lisitsin: "Nega vaziyat yarata olmadik? Bugun raqibning darajasi o‘z so‘zini aytdi"

JCH saralashi 7-turi doirasida O‘zbekiston termasi bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin Qirg‘iz Respublikasi termasi bosh murabbiyi Maksim Lisitsin matbuot anjumanida qatnashdi.
"O‘yinimiz o‘xshamadi. Muxlislar kutganidek jangovor o‘yin ko‘rsata olmadik. Bu qizil kartochka bilan bog‘liq ekanligi tushunarli. O‘yin davomida ko‘plab follar bo‘ldi va shundan keyin raqiblar standartlarga ega bo‘lishdi. Qizil kartochkadan keyin o‘yinda o‘zgarishlar qilishimiz kerak edi. Uchrashuv tugaganidan keyin xohishi, jangovorligi va o‘zlarini o‘yinga baxsh qila olgan yigitlarga rahmat aytdim. Bugun o‘yin davomida imkoniyatlarga ega bo‘lmadik va natijani ham qo‘lga kirita olmadik. Bu biz uchun tajriba bo‘ldi" - deya fikr bildirdi Maksim Lisitsin bugungi bahs haqida.
- Qirg‘iz Respublikasi termasi bugungi o‘yin uchun shunday ssenariy bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rganmidi? Qizil kartochkadan keyin jamoaning o‘yinidan qanchalik qoniqdingiz? Statistikaga qarasak, bugun jamoangiz faqatgina bir marta raqib darvozasi tomon zarba yo‘lladi. Chetlatishdan so‘ng qandaydir rejani ishga solishga harakat qildingizmi?
- Ha, biz qizil kartochkaga tayyor emasdik. O‘yin boshida, chetlatilishga qadar raqiblar bir qancha standartlarga ega bo‘lishdi. Futbolchilarimga raqib tomonidan ko‘p bosim bo‘ldi. Qizil kartochkadan keyin jamoam sinib qolmadi va qiyinlashib ketgan vazifani bajarishga harakat qildi. Lekin buni amalga oshirishni uddalab bo‘lmadi va o‘zimiz istagan ishlarni qila olmadik.
- Bugungi mag‘lubiyatdan keyin terma jamoaning pley-off yo‘llanmasi uchun imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- Bizda yana uy o‘yini bor. Bunga hozirdan ruhan va jismonan tayyorlanishimiz kerak. O‘z maydonimizda ochko olishga harakat qilamiz. Balki shu o‘yindan keyin obektiv hulosalarni chiqara olishimiz mumkin bo‘lar.
- MDH mamlakatlarida bahorgi futbol faktori mavjud. Chempionatlar endi boshlangani tufayli, ko‘pchilik futbolchilar hali eng optimal sport formasida bo‘lmaydi. Ushbu jihat jamoangizning bugungi o‘yinga tayergarlik ko‘rishiga qanchalik xalal berdi?
- Bugungi o‘yinga jamoa jismoniy holat bo‘yicha tayyor edi. Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bugun 105 daqiqa o‘yin bo‘ldi va bu borada qiynalmadik. O‘yin tonusi borasida gapiradigan bo‘lsam, nafaqat bizda, balki legionerlari ko‘p bo‘lgan boshqa termalarda ham futbolchilar har xil holatda termaga yetib kelishadi. Qayerlardadir chempionat davom etayotgan bo‘lsa, bizda chempionat endi boshlandi. Kimlardir ko‘p o‘ynasa, kimlardir kam o‘ynaydi. Biz jamoani balansga qo‘yishga harakat qildik. Hozircha barchasini ideal darajada balanslashtira oldik deya olmayman, lekin buning uchun yetarlicha ishlarni qildik. Bugun hujumga o‘ta olmaganimizga sabab raqibning darajasi o‘z so‘zini aytdi deb ayta olaman.
- Termangiz taktikasida o‘zgarishlar qilishni reja qilmayapsizmi? Chunki bugun faqat darvozabon jamoani qutqardi.
- Darvozabonni taktikaga qanday aloqasi borligini bilmayman. Ha, u bugun zo‘r o‘ynadi. Jamoasida ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda, bugun ham o‘zini ko‘rsatdi. Taktika esa ko‘p faktorlarga qarab tanlanadi. Hozir biz diskvalifikatsiyalarga, jarohatlanganlarga qarashimiz kerak. Keyinchalik 3-5-2 yoki boshqa formatsiyalarga qaraymiz. Barchasi detallarga, futbolchilarga va raqibga qarab tanlanadi.
- Joel Kojo zahiraga olinganidan so‘ng e’tiroz bildirdi? Ushbu vaziyat haqida fikr bildirib o‘tsangiz...
- Barcha futbolchilar kabi u ham o‘ynashni, faol bo‘lishni istadi. Biroq murabbiy bunday holatda strategiyani aniqlashi kerak. Biz hozir qiyin holatdamiz. Oldinda o‘yin bor va shu sababdan to‘g‘ri strategiya tanlashimiz kerak edi. Balki bu natija keltirar. Bugun uni keyingi o‘yinga olib qo‘ydik. Bizda resurslar yetarlicha.
- Demak, Kojoni keyingi uchrashuvlarga asrab qolish uchun erta almashtirdingizmi?
- 60 daqiqa bu erta almashtirilish degani emas. Almashtirishlar orqali taktikalarni almashtirdik. Zahiradan tushgan futbolchi orqali Kojoning vazifasini bajarishga harakat qildik. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar