06:33 / 21.03.2025
74 733

“Manchester Siti” Husanovning terma jamoadagi o‘yiniga qanday munosabat bildirdi?

“Manchester Siti” Husanovning terma jamoadagi o‘yiniga qanday munosabat bildirdi?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSH, Kanada hamda Meksika maydonlari mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun yaxshi imkoniyat hosil qilgan.

Futbolchilarimiz mintaqaviy saralash turnirining uchinchi bosqichida yettinchi turdan keyin 16 ochko bilan o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va peshqadam Erondan uch ochkoga ortda qolmoqda.

Timur Kapadzening terma jamoa bosh murabbiyi sifatidagi birinchi rasmiy uchrashuvida futbolchilarimiz Qirg‘iz Respublikasi vakillarini kichik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. Toshkentdagi bellashuvda “Manchester Siti” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov darvozamizning daxlsiz saqlanishiga munosib hissa qo‘shdi.

“Manchester Siti” rasmiy sayti o‘z futbolchilarining xalqaro maydondagi uchrashuvlariga munosabatini Abduqodir Husanovning o‘yinini tahlil qilish bilan boshladi.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasi qizil kartochkadan keyin o‘n kishi bo‘lib qolgan Qirg‘iz Respublikasi futbolchilarini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Abduqodir Husanov bu bahsda to‘liq o‘ynadi va jamoasi darvozasi daxlsizligini ta’minlashga hissa qo‘shdi.

Bu g‘alabadan so‘ng, o‘zbeklar mintaqaviy saralash turnirining A guruhida yana uchta uchrashuv qolgan pallada Erondan keyin FIFA 2026 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi ikkinchi o‘rinni saqlab turibdi.

Husanov tug‘ilib o‘sgan Toshkent shahrida o‘tkazilgan uchrashuvning birinchi bo‘limida qirg‘izlar himoyachisi Said Datsiyev to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olganidan keyin maydonda bir kishi kam bo‘lib qoldi. Bellashuvdagi yagona golni 40-daqiqada “Paxtakor” vakili Hojiakbar Alijonov kiritdi.

Abduqodirning terma jamoa safidagi 19-uchrashuvida mezbonlar o‘yinning boshidan oxirigacha ustunlikni o‘z tomonida ushlab turdi va raqib darvozasiga jami 20 ta zarba yo‘lladi, shulardan 9 tasi aniq chiqdi.

Guruh favoriti – Eron futbolchilari Birlashgan Arab Amirliklarini 2:0 hisobida mag‘lub etdi va bu O‘zbekistonga uchinchi o‘rinda borayotgan amirliklar vakillaridan olti ochkoga ilgarilab ketish va tarixiy jahon chempionatiga yana bir qadam yaqinlashish imkonini berdi, - deb yozmoqda “Manchester Siti” klubining rasmiy mancity.com sayti eksperti Devid Kleyton.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 25 mart kuni guruhdagi eng muhim uchrashuvlaridan birini safarda o‘tkazadi. Futbolchilarimiz guruh favoriti Eron terma jamoasiga qarshi saf tortadi. Ushbu bahsdagi ijobiy natija forslarni muddatidan oldin jahon chempionatiga olib chiqadi.

O‘zbekistonlik charm to‘p ustalari esa, eronliklarga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramay, uchinchi o‘rinda borayotgan ta’qibchi jamoalar bilan o‘rtadagi farqni saqlab qolishga harakat qiladi.

Timur Kapadze shogirdlari jahon chempionati mintaqaviy saralash turnirining uchinchi bosqichini iyun oyida asosiy ta’qibchilari – Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarga qarshi bo‘ladigan o‘yinlar bilan yakunlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport