
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov 2025 yilda nomi eng keng yoyilgan futbolchilardan biri bo‘ldi.
Bu iste’dodli futbolchimizning qishki transferlar vaqtida “Lans”dan umumiy hisobda 50 million yevro evaziga “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani bilan bog‘liq.
Shundan beri o‘zbek futbolchisi haqida turli ekspertlar, murabbiylar, futbolchilar, futbol jamoatchiligi vakillari o‘z munosabatlarini bildirib kelmoqda.
Dion Dablin, Angliya terma jamoasi sobiq hujumchisi:
- Abduqodir Husanov jamoa ishlari yurishmay turganida yordamga keladigan o‘yinchi. U har doim e’tibor markazida. Garchi ayrim vaziyatlarda omad undan yuz o‘girayotgan bo‘lsa-da, aslida juda yaxshi futbolchi.
“Manchester Siti”dagi tanishlarim va klubga yaqin odamlar bilan suhbatlashganimda Abduqodirning shiddatli, to‘pni yaxshi boshqaradigan va juda tezkor futbolchi ekanini e’tirof etishadi. Uning afzalliklari ko‘p.
Richard Dann, Irlandiya terma jamoasi sobiq himoyachisi:
- Abduqodir Husanovning ishlari yaxshi ketmoqda. “Manchester Siti” yangi o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib olganida, odatda, ularning muhitga va murabbiylar talabiga moslashishi uchun vaqt talab etilardi.
Husanovga kelsak, bu borada u juda yaxshi joylashib oldi. “Chelsi”ga qarshi debyut uchrashuvning dastlabki daqiqalari u uchun syurpriz bo‘ldi. Lekin o‘shandan beri zo‘r o‘ynab kelmoqda. Husanov “shaharliklar” uchun zo‘r transferga aylanib boryapti.
Ali Aliyev, Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajaruvchi:
- Qozog‘iston terma jamoasi debyutanti Dastan Satpayev – yangi yulduzcha. Yaqinda men uni Abduqodir Husanov bilan solishtirgan edim.
Hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin Husanovni 16 yoshida hech kim tanimas edi. Biz esa, 16 yoshli Dastan Satpayevni “Chelsi”ga transfer qildik.
Ta’kidlash joizki, Transfermarkt portali ekspertlari Abduqodir Husanovni 21 yoshgacha bo‘lgan jahon futbolidagi eng zo‘r 50 nafar iqtidor egalari reytingiga kiritgan. “Barselona” hujumkor futbolchisi Lamin Yamal peshqadamlik qilayotgan ushbu ro‘yxatda o‘zbek futbolchisi 38-qatorda qayd etilgan.
Bundan tashqari, mazkur portal ekspertlari Abduqodir Husanovning transfer summasini 12 milliondan 35 million yevroga ko‘tardi. 21 yoshli himoyachi nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo futboli tarixidagi eng qimmatbaho o‘yinchiga aylandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar