
Italiya A Seriyasining 30-turida “Roma” safar uchrashuvida qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi va Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.
“Lechche” jamoasi mezbonlik qilgan bellashuvda yagona golni Artyom Dovbik kiritdi. Biroq bosim ostida qolib ketgan ukrainalik hujumchining o‘yini maydonga Eldor Shomurodov tushirilganidan keyin ochildi.
Shu tariqa, “Roma” chempionatdagi qatorasiga yettinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi va mag‘lubiyatsiz seriyasini 14 ta uchrashuvga yetkazib oldi.
Italiya futbolini yoritib kelayotgan tuttomercatoweb.com portali “Roma” futbolchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi:
Svilar 6:
Uchrashuv darvozabon uchun ancha xotirjam o‘tdi. Birinchi bo‘limda raqib futbolchisi Galloning xavfli zarbasini bartaraf etdi va o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.
Manchini 6:
Birinchi bo‘limda himoyada biroz muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, o‘yinning ikkinchi yarmida hammasini o‘z nazoratida ushlab turdi. Hujum uyushtirishni ham unutmadi. Ikkinchi bo‘limda urgan goli inobatga olinmadi.
Xummels 6,5:
Raqibning eng xavfli hujumchisi Kristovichga qarshi o‘ynagan nemis futbolchisi raqobatchisiga o‘yin bermadi. Himoya markazini mustahkam ushladi.
Ndika 6:
O‘yinning birinchi yarmida Raneri jamoasida eng zo‘r o‘yinchilardan bo‘ldi. Keyin biroz harakatlari bo‘shashganiga qaramay, yuqori darajada harakat qildi.
Salemakers 5,5:
“Milan” va “Bolonya”ning sobiq futbolchisi o‘ng qanotdan o‘rin egalladi. Biroq raqib futbolchisi Galloni to‘xtatishda ancha qiyinchilikka duch keldi.
Kristante 6:
Butun uchrashuv davomida maydon markazida ustunlikni ta’minlashga harakat qildi.
Kone 5,5:
Fransiyalik futbolchi bu gal o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Maydon markazida ko‘p xato qildi. Gol urish imkoniyatidan foydalana olmadi.
Anjelino 5,5:
Bellashuvda hisobni ochishga yaqin edi, lekin qulay vaziyatni boy berdi. Bir vaziyatda jamoasini goldan qutqardi va bu orqali boshqa kamchiliklarini yuvdi.
Sule 5,5:
Safdan chiqqan Dibalaning yo‘qligini bildirmasligi kerak edi. Biroq bu murakkab vazifani yetarli darajada bajara olmadi va o‘rnini 72-daqiqada Eldor Shomurodovga bo‘shatib berdi.
Shomurodov 6:
O‘yinga faol qo‘shildi va Artyom Dovbikka raqib himoyachilari tomonidan bo‘layotgan bosimni yengillashtirdi. Uchrashuv oxirida o‘zi ham gol urishi mumkin edi. Biroq raqib darvozaboni Falkone Eldorning zarbasini bartaraf etdi.
Pellegrini 5:
Raneri tajribali futbolchiga ilk daqiqalardan o‘ynash va maydon markazida hujumkorlikni ta’minlash imkonini berdi. Biroq “Roma” sardori kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi va 72-daqiqada o‘rniga Baldansi tushirildi.
Baldansi 6:
Uchrashuvga yaxshi ta’sir o‘tkazdi va rimliklarning hujumini kuchaytirishga erishdi.
Dovbik 7:
Ukrainalik hujumchi uchun qiyin o‘yin bo‘ldi. Raqib himoyachisi Gaspar uni yopib qo‘ydi. Shomurodov o‘yinga qo‘shilganidan keyin bellashuv yakunlanishiga o‘n daqiqa qolganda yagona imkoniyatidan unumli foydalanib qoldi.
Klaudio Raneri 6,5:
Juda muhim g‘alaba qo‘lga kiritildi. Chunki Yevropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashdagi raqobatchilar – “Bolonya” va “Yuventus” ham uchtadan ochkoni qo‘lga kiritgan edi. Uchrashuvda Artyom Dovbikni maydonda qoldirib, yordamga Eldor Shomurodovni tushirgani o‘z samarasini berdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar