15:53 / 01.04.2025
22 896

"Manchester Siti" Husanovga raqobatchi sifatida kuchli himoyachini jalb qilmoqchi

"Manchester Siti" Husanovga raqobatchi sifatida kuchli himoyachini jalb qilmoqchi
"Manchester Siti" jamoasi yozgi transferlar oynasini faol o‘tkazishni rejalashtirmoqda. "Shaharliklar" hamyurtimiz Abduqodir Husanovga raqobatchi sifatida "Arsenal" markaziy himoyachisi Vilyam Salibani olib kelish niyatida. Bu haqda "Defence Central" nashri xabar tarqatdi.

Xabaringiz bor, "Manchester Siti" joriy mavsumda kutilganidan ancha yomon natijalar qayd etmoqda. Jamoaning asosiy muammolaridan biri himoya chizig‘idagi ishonchsizlik bo‘lib, bu holat klubning Chempionlar ligasi va Angliya Premer-ligasidagi muvaffaqiyatsizliklariga sabab bo‘lmoqda. Pep Gvardiola bu muammoni bartaraf etish maqsadida himoya chizig‘ini kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratgan.

"Siti" rahbariyati Saliba uchun "Arsenal"ga katta mablag‘ taklif qilishga tayyor. Fransiyalik himoyachi joriy mavsum "to‘pchilar" safida 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi. 24 yoshli futbolchining "Arsenal" bilan shartnomasi 2027 yilgacha amal qiladi. Ammo London klubi uni asosiy o‘yinchilaridan biri sifatida saqlab qolish niyatida.

Bundan tashqari, Salibaga "Real Madrid" tomonidan ham qiziqish borligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ispaniyaning yetakchi klubi himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida fransuz himoyachisi uchun kurashga qo‘shilishi mumkin.

"Manchester Siti" joriy mavsumda Chempionlar ligasida "Real Madrid"ga qarshi 1/8 finalda mag‘lub bo‘ldi. Shuningdek, Premer-ligada peshqadamdan ancha orqada qolgan va chempionlik uchun kurashish imkoniyati deyarli yo‘q. Jamoaning asosiy maqsadi – kelasi mavsum Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish. Shu sababli Gvardiola yozgi transfer oynasini faol o‘tkazib, jamoaga katta o‘zgarishlar kiritishni maqsad qilgan.

Salibaning "Arsenal"da qolishi yoki "Manchester Siti"ga yo‘l olishi yozgi transferlar davomida aniq bo‘ladi. Ammo bir narsa ma’lum: Gvardiola himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun yirik transferlarni amalga oshirishga tayyor.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport