date 10:04 / 06.04.2025
views 1 843

Sergey Lushan «Neftchi»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng nimalar dedi?

Sergey Lushan «Neftchi»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng nimalar dedi?
Superliganing 4-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – “Navbahor” (3:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Sergey Ivanovich odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.

- Menimcha, bugungi uchrashuvga ortiqcha izohning hojati yo‘q. O‘yin tomoshabop, derbiga xos, emotsiyalarga boy tarzda kechdi. Har ikki jamoada ham xatolar yuzaga keldi. O‘z imkoniyatidan samarali tarzda foydalana olgan jamoa g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Bu yerda ortiqcha gapning keragi yo‘q.

- Sizningcha, zahiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘zlarini qanchalik oqlashdi? Izohlarda almashtirishlar o‘zini oqlamadi, degan fikrlar yangramoqda...

- Nima uchun shunday fikrlarni bildirayotganlar uch nafar hujumchini maydonga tushirganimiz borasida indashmayapti. Almashtirishlarni amalga oshirishdan maqsadimiz, qanotlarni kuchaytirish edi. Boisi, qanotlardan uch marta darvozamizga xavf solindi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘z imkoniyatlari darajasida o‘yin namoyish eta olmaganliklari ularning yomon o‘yinchilar ekanligini anglatmaydi. O‘sha yigitlar avvalgi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushib, eng yaxshi futbolchilar bo‘lishgandi. Zaxiradan maydonga tushadigan o‘yinchilarning qanday foyda keltirishlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydi. Menimcha, tarkibimizdagi futbolchilarning barchalari mahoratli o‘yinchilar hisoblanishadi. Ularning barchalariga o‘ynash uchun imkoniyat berish kerak.

Biz mazkur o‘yinning 65-daqiqasidan boshlab, tempni yo‘qotdik. Shu bois, jamoaga “yangi qon” zarur edi. Zaxiradan maydonga tushgan yigitlar o‘z imkoniyatlari darajasida o‘yin namoyish eta olishmagan bo‘lsada, raqib tomonidan urilgan gollarda ularning ayblari yo‘q. O‘z jarima maydonchamiz ichida ikkita qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, o‘zimizga o‘zimiz gollar olib keldik. Sizning mantig‘ingizga ko‘ra, xatoga yo‘l qo‘ygan barcha futbolchilar, eng avvalo darvozabonni almashtirish lozim edi. Shundaymi? Biz maydondagi vaziyatdan kelib chiqib, o‘yinda o‘zgartirishlar qilishga harakat qilamiz. Bu esa ayrim paytlarda samara keltirsa, ba’zi vaqtlarda o‘zini oqlamaydi. “Navbahor”da ikkinchi mavsum faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, ko‘pchilik o‘zicha mutaxassis sifatida maslahatlar beradi. Lekin hech kim qo‘liga sekundomer va hushtakni olgan holda, mashg‘ulotlar o‘tkazmaydi. Shuning uchun bunday fikrlarga xotirjam holda yondoshaman.

- Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi kechgan uchrashuvning birinchi bo‘limida “Navbahor” xotirjam holda o‘ynagan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda tezkor o‘yin namoyish etdi. Shuningdek, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘sha bellashuvda o‘zlarini ko‘rsatib, g‘alabaga munosib hissalarini qo‘shishdi. Bugungi uchrashuvning birinchi bo‘limida shogirdlaringiz tezkor o‘yin namoyish etishgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda, ayniqsa, 60-daqiqadan keyin “Navbahor”ning o‘yinida biroz pasayish sezildi. Bu futbolchilarning jismoniy holatlariga bog‘liq holatmi yoki o‘ziga xos taktikamidi?

- Qanaqa taktika? Biz himoyaviy o‘yin namoyish etishga harakat qildik. Buning yaxshi va salbiy tomonlari bor. Ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan holda, raqiblarga gollar urish uchun imkoniyat beryapmiz hamda gollarni o‘zimizga o‘zimiz olib kelyapmiz. Bu jamoamiz o‘yini endi shakllanayotganligi bilan bog‘liq. Tarkibimizdagi futbolchilar turli jamoalardan kelishgan va ularning o‘yinlarini o‘zaro uyg‘unlashtirish lozim. Biz jamoaviy o‘yinni shakllantirish hamda tarkibni o‘zgartirishga intilyapmiz. Mazkur bahsdan oldin ham ikki nafar futbolchimiz maydonga tusha olmaydigan bo‘lishdi va ularning o‘rinlarini to‘ldirishimizga to‘g‘ri keldi. Bu endi bizning muammomiz.

Menimcha, jamoa o‘yinida pasayish bo‘lmadi. Aksincha, yana bir marta takrorlayman, gollar yo‘l qo‘yilgan xatolar evaziga uriladi. Biz bugungi bellashuvda raqibdan ko‘ra, ko‘proq xatoga yo‘l qo‘ydik. Bizda ikkita vaziyat yuzaga keldi, lekin bundan foydalana olmadik. Mezbonlar esa foydalanishdi. Ushbu vaziyatlar darvozabonimizga o‘z ta’sirini o‘tkazadimi? Menimcha, u yaxshi saviyali kiper. Xatoni esa barcha qilishi mumkin. Shunday bo‘lsada, jamoaning potensiali katta deb o‘ylayman. Chunki tarkibning shakllanayotganiga endigina 2,5 oy bo‘ldi. Shu bois, xotirjam holda ishlashda davom etamiz, agar bunga imkoniyat berishsa (kuladi).

- O‘tgan turda “Andijon”ga qarshi kechgan uchrashuvda boshlang‘ich tarkibdan joy olgan futbolchilardan ayrimlari bugun zaxirada qoldirildi. Rotatsiyani amalga oshirishdan maqsad nima edi?
- O‘rinboyevning jarohat olganligi ikki kun oldin ma’lum bo‘ldi. Darvozabonlarni almashtirishdan maqsad esa ularning o‘ziga xos kuchli va zaif tomonlari bor. “Neftchi”ning pressing qilishini kutgandik. Umidjon Ergashevga qaraganda, Shukron Yo‘ldoshev oyog‘ida yaxshi o‘ynaydi. Yo‘ldoshevning ham o‘ziga xos yaxshi va zaif tomonlari bor hamda ayni paytda shu borasida ish olib boryapmiz.

- Mirzohid G‘ofurovning jarohati jiddiy emasmi?
- Uning oyog‘ida og‘riq yuz berdi. Barchasi tibbiy ko‘rikdan so‘ng, ma’lum bo‘ladi.

- O‘zbekiston Futbol hakamlari markazining sobiq rahbari Laziz Qo‘chqorovning “Navbahor” klubida ish boshlagani borasidagi xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin?
- Men klubning ishiga aralashmayman. Faoliyatim jamoaning maydondagi harakatlari bilan bog‘liq. Shuning uchun bu borada hech narsa deya olmayman. Bunday masalalarni klub rahbariyati hal qiladi.

- “Navbahor” Superliga doirasidagi o‘yinlarda qatorasiga ikkita “vodiy derbisi”da ishtirok etdi. Endi O‘zbekiston kubogi guruh bosqichidan o‘rin olgan bahsda yana “Neftchi”ga qarshi maydonga tushadi. Bu boradagi fikringiz...
- Muxlislar uchun bu yoqimli holat. Bundan tashqari, endi “Neftchi”ni o‘z maydonimizda qabul qilamiz. Ko‘ramiz. Bu futbol.

- O‘sha uchrashuvda boshlang‘ich tarkibda qaysi futbolchilar joy olishadi?
- Kim o‘yinga tayyor bo‘lsa, o‘sha o‘yinchilar maydonga tushishadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport