
Yevropa Chempionlar ligasi chorak finalining birinchi bahsida “Barselona” o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida haqiqiy mahorat namoyish qildi. Kataloniyaliklar Dortmundning “Borussiya” jamoasiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi — hisob 4:0!
Uchinchi “qurbon”ga aylangan “Borussiya” darvozasiga: Rafinya, Lamin Yamal va Robert Levandovski (dubl) tomonidan gollar kiritildi.
Flik mag‘lubiyatni unuttirdi!
Xans-Diter Flik qo‘l ostidagi “Barselona” endi 23 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti. Kataloniyaliklar so‘nggi bor 2024 yil 21 dekabrda “Atletiko”dan 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Shundan so‘ng:
✅ 19 ta o‘yinda g‘alaba;
➖ 4 ta durang.
Bu seriyada jamoa nafaqat ichki chempionat, balki xalqaro maydonda ham juda ishonchli o‘yin namoyon etmoqda.
Oldinda – “Leganes” va revansh o‘yini
Flik shogirdlari endi 12 aprel kuni La Ligada “Leganes” mehmoni bo‘ladi. Ushbu uchrashuvdan so‘ng, 15 aprel kuni Chempionlar ligasi doirasida “Borussiya” bilan javob o‘yini uchun Germaniyaga safar qiladi.
Xans-Diter Flik qo‘l ostidagi “Barselona” nafaqat muxlislar, balki raqiblar uchun ham jiddiy kuchga aylandi. Agar mag‘lubiyatsiz seriya shunday davom etsa, “Barsa”ni Chempionlar ligasining asosiy da’vogarlaridan biri sifatida ko‘rish mumkin! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!