
Yevropa ligasining chorak finalidan o‘rin olgan dramatik o‘tgan bahsda Ruben Amorim boshchiligidagi "Manchester Yunayted" qo‘shimcha bo‘limlarning so‘nggi 7 daqiqasida 3 ta gol urib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yevropa Ligasi. 1/4 final
Javob bahslari. 17 aprel
«Manchester Yunayted» — «Lion» 5:4
Gollar: Ugarte (10), Dalot (45+1), Fernandesh (114, penalti), Maynu (120), Maguayr (120+1) — Tolisso (71), Lyakazett (78), Sherki (105).
«Manchester Yunayted» — Onana, Mazraui (Shou, 46), Maguayr, Yoro, Dalot, Kazemiro, Ugarte (Maunt, 86), Dorgu (Amass, 100), Fernandesh, Garnacho (Eriksen, 100), Hoylund (Maynu, 86).
«Lion» — Perri, Maytlend-Naylz, Mata, Niakate Tayalfiko (Chaleta-Sar, 115), Tolisso, Akuoku (Tessmann, 55), Veretu (Lyakazett, 55), Sherki, Almada, Mikautadze (Fofana, 64).
Ogohlantirishlar: Veretu (18), Tolisso (45+1), Garnacho (50), Talyafiko (64), Maguayr (93), Yoro (108),
Chetlatish: Tolisso (89).
Birinchi o‘yin — 2:2.
Ruben Amorim va’da qilganidek Liondagi birinchi o‘yinda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ygach, APLning oxirgi turida dam olgan Onanani darvozaga qaytardi. Kamerunlik futbolchiga raqib yarimhimoyachisi va «MYU»ning sobiq futbolchisi Nemanya Matich bilan ijtimoiy tarmoqdagi bahslashuvdan keyin fikrini bir joyga jamlab olish uchun vaqt kerak bo‘lgandi. Va, aytish mumkinki, murabbiyning qarori oqilona edi, Onana esa javob o‘yinida bir necha marta jamoani qutqarib qoldi. Hisob 1:0 ekanida u Sherkining o‘ta xavfli zarbasidan keyin burchakka borayotgan to‘pni to‘sdi, keyin esa Tolissoning kutilmaganda burilib yo‘llagan zarbasini ham bartaraf etdi. Ikki epizod ham — hafta hit-paradidan joy olishga loyiq.
«Qizil iblislar» birinchi bo‘limda himoyachilarning olisdan bergan uzatmalariga urg‘u qaratdi. Birinchi gol Mazraviyning shunday pasidan keyin Garnacho Ugarteni qulay vaziyatga chiqarishi bilan urildi, Nussayrning yana bir pasidan keyin Brunu Fernandesh yo‘llagan zarba esa to‘singa bordi. Bundan tashqari, Maguayrning diagonal pasidan keyin Diogu Dalot forvard pozitsiyasiga chiqib borib, ikkinchi golni urdi. Portugaliyalik lateral bu vaziyatda Talyafiko bilan to‘p uchun kurashda ustun keldi va to‘pni olis burchakka yo‘naltirdi. «MYU» ijrosidagi birinchi bo‘lim noodatiy darajada mukammal chiqdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida esa Garnacho uchinchi golni urishi mumkin edi. Ammo argentinalik vinger jarima maydoni ichida bir harakat bilan himoyachini yo‘ldan olgach, darvozabon bilan yakkama-yakka holatda to‘pni uning o‘ziga yo‘lladi. Agar u bu vaziyatda yaxshiroq zarba berganida o‘yin taqdiri hal bo‘lishi mumkin edi, ammo bu holda muxlislar dramatik lahzalardan quruq qolgan bo‘lardi.
Paulu Fonseki jamoasi so‘nggi o‘n uch uchrashuvda raqib darvozalarini kamida ikki martadan ishg‘ol etib kelayotgandi va bu seriya «Old Trafford»da ham davom etdi. Mezbonlar qulay hisobni ushlash uchun jarima maydoniga qamalib olgach, Tolissodan britancha gol qabul qilib olishdi, Talyafikoning zarbasidan keyin esa Onana to‘pni faqat darvoza chizig‘ini kesib o‘tganidan keyin qaytardi.
O‘yin overtaymlarga o‘tdi va u yerda britanlar son jihatdan ustunlikka ega edi: asosiy vaqt tugayotganida Tolissoga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatilgani tufayli «Lion» ozchilik bo‘lib qoldi. Korentin o‘yin davomida qo‘pol harakat qildi va oldinroq Fernandeshga qarshi qo‘polligi uchun maydondan chetlatilishi mumkin edi. O‘shanda shveysariyalik hakam Sherer uni kechirgandi. 89-daqiqada esa Yoroga ortdan teginib, hujumni to‘xtatganida esa limit tugagandi.
Eng qiziqarlisi, o‘n kishi holatida fransuzlar hisobda oldinga chiqib olishdi. Fofana qarshi hujumda chap qanotga ko‘chdi hamda jarima maydoni ichiga kirib borib, Dalo va Shouning o‘rtasida qisilib qoldi. Agar to‘p yo‘qotilganida vaziyat VAR tomonidan ko‘rilishi va mezbonlar darvozasiga penalti qo‘yilishi mumkin edi, ammo to‘pga Sherki ega chiqdi va qaytarib bo‘lmas zarbasi bilan burchakni ishg‘ol etdi. Ko‘p o‘tmay Fofana baribir 11 metrlik jarima zarbasi ishladi — bu safar u Yoro va Shou orasidan o‘tishga uringanida angliyalik himoyachi qo‘pollikdan o‘zini tiya olmadi. Lyakazett zarbani benuqson ijro etdi.
«Yunayted»da vaziyatni o‘nglash uchun hali «11 ga 10» formatida 10 daqiqa bor edi. Almada jarima maydoni ichida to‘pni olishga urinib, Kazemironing oyog‘iga tepib yubordi. Hakam avvaliga «nuqta»ni ko‘rsatmadi. VAR-markazdagi yordamchilar esa uni videotakrorni ko‘rishga chaqirdi va hakam qarorini o‘zgartirdi. Brunu hisobni qisqartirdi - 3:4. O‘yinning 114-daqiqasi o‘tib borayotgandi, kameralar yig‘layotgan bolakayni ko‘rsatishdi. Ammo u hali oldinda nimalar kutayotganini tasavvur qila olmasdi.
120-daqiqa. Kazemiro Brununing uzatmasini bir teginishda Maynuning yo‘liga tashladi. Kobbi fint bilan raqibni bir tomonga oldi va to‘pni olis burchakka mixladi. 120+1-daqiqa. Maguayr markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lib, to‘p uchun kurashda Nyakatedan ustun keldi va Kazemironing pasini golga aylantirdi. O‘yin davomida mehmonlar 0:2 hisobini 4:2 ga aylantirishdi. Mezbonlar esa so‘nggi daqiqa ichida 2:4 ni 5:4 gacha aylantira olishdi. Ko‘pchilik bir kun oldin «Santyago Bernabeu»da remontada kutgandi. Bu ish esa «Old Trafford»da sodir bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar